Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

O‘zbekiston televideniyesida namoyishi oxiriga yetmay to‘xtatilgan seriallar


So‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlar va turli saytlarda Zo‘r TV xususiy kanalida namoyish etilayotgan turklarning “Sevgi iztirobi” (Kara Sevda) seriali atrofidagi ko‘plab muhokamalar ortidan serial namoyishi to‘xtatildi.

Kara Sevda seriali Turkiyada 2015-yildan 2017-yil yozigacha namoyish etilgan bo‘lib, 2 mavsum va 74 qismdan iborat. Uning har bir qismi 120—150 daqiqadan iborat. Serial har bir epizodi turli davlatlarda jumladan, O‘zbekistonda ham bir necha qismlarga bo‘lib uzatildi. Serial 2017-yilda “Yilning eng yaxshi telenovellasi” nominatsiyasida “Emmi” mukofotini qo‘lga kiritdi. Dunyoning 20 dan ortiq davlatida, xususan, BAA, Iroq, Afg‘oniston Islom Respublikalarida ham namoyish etildi. Qarorgohi Istanbulda joylashgan GEM Group telekanalining forscha subtitrlari bilan serialni Eron Islom Respublikasida ham ko‘rishdi.

O‘zbekistondagi Zo‘r TV xususiy kanali orqali ushbu serial 2017-yil sentabridan boshlab namoyish etila boshlandi. Ushbu serial O‘zbekistonda tezda ommalashdi, hatto choyxonalarda ham serialni katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Uning reklama bannerlarini poytaxt ko‘chalarida ham ko‘rish mumkin edi. O‘zbekistonliklar Google’da 2017-yilda eng ko‘p qidirgan so‘rovlar orasida 2-o‘rinni egalladi.

O‘tgan hafta “Azon.uz” saytida “Millat xoinlarini tanib oling” nomi ostida maqola chop etildi. Hozirgi vaqtda o‘chirib tashlangan maqolada Ziyovuddin Rahim Kara Sevda’ni shahvatparastlikka moyil qiluvchi, oilalar tinchligini buzadigan, imonga, odob-axloqqa raxna soladigan bunday chiqindi serialni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Shuningdek, bu kabi serialni dublyaj qilganlar millat xoinlariga tenglashtirildi.

14-fevral kuni xotin-qizlar masalasida o‘tkazilgan majlisda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov televideniyeda namoyish etilayotgan seriallarni tanqid qildi. “Kun.uz”ning yozishicha, Aripov “Sevgi iztirobi” serialiga ham to‘xtalib, oilalardagi ma’naviy muhit buzilayotgan, ajrashishlar ko‘payayotgan bir paytda bu kabi saviyasi past seriallarni namoyish etishni qattiq tanqid qilgan.

16-fevral, juma kuni esa “Sevgi iztirobi” seriali namoyishi Zo‘r TV’da to‘xtatildi. Serialning endigina ikkinchi fasli namoyishi boshlangandi.

O‘zbekiston televideniyesida seriallar namoyishi oxiriga yetmasdan to‘xtatilishi birinchi marta emas.

2012-yil fevralida o‘zbek telekanallarida namoyish etilayotgan barcha turk seriallari baravar to‘xtatilgandi. O‘shanda “Yoshlar” kanalida “Kelin”, NTT kanalida “Muhabbat simfoniyasi”, “TV Markaz”da “Ajralsak-da birgamiz” seriallari namoyish etilayotgandi. Bundan tashqari, “TV Markaz” “Muhtasham yuz yil” seriali tez orada namoyish etilishi haqida anonslar berilayotgandi. Seriallar to‘xtab qolishi texnik nosozliklar bilan izohlangan bo‘lsa-da, turk seriallari namoyishi 2017-yilgacha tiklanmadi. Bungacha NTT va “TV Markaz” kanallarining o‘zi ham yopilib ketdi.

2015-yil aprelidan “Yoshlar” telekanalida hindistonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Senga oshiqman” seriali namoyishi boshlandi. O‘zbekistonda ko‘proq serialning bosh qahramoni Ishani nomi bilan mashhur bu serial ijtimoiy tarmoqlarda va turli bloglarda keskin tanqidga uchradi. Tanqidchilar bu film o‘zbek mentalitetiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini yozdi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda ushbu serialning muxlislari juda ko‘p edi, hatto qashqadaryolik ota-ona tug‘ilgan qiziga Ishani deb ism qo‘ydi. Xonanda Sharof Muqimov Ishani obrazini yaratgan Radhika Madanni klipiga ham chaqirmoqchi bo‘ldi.

2015-yil sentabrda Ommaviy axborot vositalari monitoringi markazi bu serial o‘zbek mentalitetiga zidligi haqida xulosa berdi:

“Xulosa qilib aytganda, mazkur serial g‘oyasi xalqimiz mentalitetiga, milliy an’analar va oilaviy qadriyatlarga zid bo‘lib, uning mazmuni yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etadi.

Mazkur serial mazmuni O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunnning 14-moddasining 3-xatboshisi (qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik), “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi, 5-xatboshisi (yoshlar orasida odob-axlohni buzishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etiladi) hamda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasining 3-xatboshisi (...bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi... filmlarni namoyish etish taqiqlanadi) talablariga ziddir”.

2015-yil sentabr oyi oxirida serialning birinchi fasli tugaganidan so‘ng, “Yoshlar” kanali uning davomi namoyish etmadi.

Bir yildan so‘ng “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida hindlarning 2013-yilda suratga olingan “Mahobhorat” seriali efirga berilishni boshladi. Qadimiy hind eposi asosida suratga olingan bu serialda taxt uchun kurash tasvirlangandi. Besh aka-uka shahzoda bir malikaga uylangani o‘zbek tomoshabinlarida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Vaholanki, 90-yillarning oxirida ham bu serialning eski talqini o‘zbek tomoshabinlariga taqdim qilingandi. 1970-yilda esa “Janglar qissasi. Mahabharata yoki Bharata avlodlari jangnomasi” nomi bilan hindlarning bu eposi oʻzbek tilida chop etilgandi.

“Islom.uz” sayti orqali “Mahobhorat” serialini tomosha qilish shariatga to‘g‘ri kelishi yoki yo‘qligi borasida savol bilan murojaat ham qilindi. Bu savolga javob quyidagicha bo‘ldi: “Kufrga rozi bo‘lish, kufr hisoblanadi. Shu filmni ko‘rgan ko‘p odamlarning og‘izlaridan: ‘Janobi Ramga sharaflar bo‘lsin’ deyayotganlarini o‘zimiz ham eshitdik. Qanday qilib bu so‘zni kufr deb bo‘lmaydi?”

Tinimsiz tanqidlar oqibatida “Mahobhorat” namoyishi ham to‘xtatildi.

Televideniyeda namoyishi to‘xtatilgani bilan yuqorida nomlari keltirilgan seriallarni tomoshabinlar diskini sotib olib, ko‘rishda davom etaverdi. Tomoshabinlar seriallarni ruscha dublyajda, dublyaj qilinmaganlarini esa turk va hind tilida ham tomosha qilaverdi.

Qizig‘i, namoyishi oxiriga yetmay qolgan bu seriallarning bari O‘zbekiston kabi Sharqning bir bo‘lagi hisoblangan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan. Ayni vaqtda, “ma’naviyat himoyachilari” tomonidan “ommaviy madaniyat”ning manbasi sifatida nuqul olabo‘ji qilib ko‘rsatiladigan G‘arb mamlakatlarida (Lotin Amerikasi davlatlarini ham shu turkumga kiritish mumkin) suratga olingan qator seriallarning o‘zbek telekanallari orqali efirga uzatilgan, efirga uzatilmoqda. Biroq ularning namoyishini to‘xtatish uchun jamoatchilik yo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bunchalik jonbozlik ko‘rsatganini eslash qiyin. Kim bilsin, balki buning sababi ularning “Sevgi iztirobi” yoki “Mahobhorat” kabi ommalashib ketmaganidadir?

2017-yilning ikkinchi yarmidan “Kinoteatr” kanali o‘z vaqtida “Yoshlar” kanalida to‘xtatilgan “Kelin” va “Senga oshiqman” seriallarini qayta namoyish etishni boshladi. Ayni vaqtda “Kelin” seriali oxiriga yetgan bo‘lsa, 2015-yilda qonunchilikka zidligi aytilgan “Senga oshiqman” seriali hali ham davom etmoqda.



Manba:daryo.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 10429 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: seriallar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
Bonu O'zlari wunaqa qiziqarli seriallar ciqariwsinde keyn toxtatiwsin bu aqillila hamasi aqilli ozicha
Like | 0
farhod8483 irtambulik kelin ham oxiriga yetmasa kere <_<
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:48
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное