Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Oilada faqat qiz tug`ilishiga ayol aybdormi?



Telefon jiringladi. Go`shakni ko`tarsam, bir ayol:

— Sizlarga bir taklifim bor. O`g`li yo`q ayollar haqida yozinglar. Bir tanishimning ikki qizi bor, hozir uchinchisiga homilador. Shifokorlar bunisiniyam qiz deyishibdi. Endi bechoraning uyida kunda janjal. Qaynonasi, eri, qaynopasi «iching qizga to`lib ketganmi, faqat qiz tug`asan?! Bunisiyam qiz bo`lsa, javobingni beramiz», deb kun berishmayapti. Axir bolaning o`g`il yo qiz bo`lishi faqat ayolga bog`liqmas-ku!

— Ha, biz bu haqda bir necha marta yozganmiz, — dedim.

— Iltimos, yana yozinglar, balki gazetada o`g`ib, ishonishar, insofga kirib qolishar?!

Shunday qilib, bu mavzuga yana bir marta qaytishga qaror qildik.

Ultratovush xonasidagi manzara

Ayni shu murojaat bo`lgan kuni ish yuzasidan shifoxonaga bordim. Ultratovush tekshiruvi o`tkaziladigan xona yonida odam juda gavjum: kimdir navbat talashgan, kimlardir o`zaro hasratlashgan, kim shoshilgan, kim xavotirlangancha koridorning u yog`idan bu yog`iga yurib turgan… Menga kerakli shifokorni shu erda kutishga, ayollarning dardlari, fikrlarini biroz tinglashga, vaziyatni kuzatishga qaror qildim. Shu joyda bir qarama-qarshilikka duch keldim: ayollar orasida befarzandlikdan aziyat chekayotganlar va «agar bunisiyam qiz bo`lsa, oldiraman» deya tekshiruvga kelganlarning bir qanchasini uchratdim. Ularni ko`rib, «Kimdir tirnoqqa zor, kimdir bezor» deganlar ko`p bo`ldi. Vaziyat taqozo etib, men ham UTT xonasiga kirdim. Ichkarida bir er-xotin o`tiribdi. Ayol homilador, homilaning jinsini bilgani Samarqanddan kelishibdi. «Uch joyga tekshirtirdik, ikkitasi qiz, bittasi o`g`il dedi», deydi er. Shifokor ayolni tekshirib ko`rib, «qizcha ekan, hammasi joyida, yaxshi rivojlanayapti», dedi homilaning sog`lomligidan mamnun bo`lib. Ayolning esa yotgan joyida kuyinib yig`lashini ko`rib, erning asabiylashib, so`kinganini eshitib, bu manzarani qanday izohlashni ham bilmaysan kishi. To`g`ri, boshidan o`tkazgan biladi, lekin baribir buni noshukrlikdan o`zgasiga yo`yib bo`lmaydi menimcha. Afsuski, ba`zilar uchun vujudidagi farzandining salomatligidan ko`ra o`g`il yo qizligi muhim…

Turfa taqdirlar

Shifokor qabuliga kirish uchun navbat kutib o`tirgan ayollar bilan suhbatlashdim:

Gulzoda, 30 yosh: — Ikkita qizim bor. Ikkoviniyam kesarcha kesish yo`li bilan tuqqanman. Yaqinda uchinchisiga homilador bo`ldim. Bugun jinsini bilgani keldim. Bunisiyam qiz bo`lishidan judayam qo`rqayapman. Chunki qaynonamning erimga «xotining yana qiz tug`sa, ajrashasan. Bu dunyodan o`g`ilsiz o`tasanmi?!» deganini eshitib qoldim…

Dilshoda, 28 yosh: — Mening ham ikki qizim bor. Qaynonam va erim qizlarimni juda yaxshi ko`rishadi. Lekin qaynopam kelib-ketsa, bolalar uchun ko`zlariga ko`rinmay qoladi… Qaynopam «Mana, mening uchta o`g`lim bor, bu qiz tug`averadimi faqat?!» deb gapiraverib, janjalni boshlab ketadi…

Farida, 45 yosh: — Homiladorligimni bilgan kunimdan erim «menga o`g`il kerak, o`g`il tug`ib ber», degandi. Oshnalari bilan «ko`rasanlar, xotinim o`g`il tug`adi!» deb garov o`ynabdi. «UZI»ga tushgunimizcha shirin orzular qilib, juda yaxshi yashadik. Lekin shifokor homilamning qizligini aytgan kundanoq erim o`zgardi-qoldi: ichkilikka berildi, «sen meni og`aynilarimning oldida sharmanda qilding!» deb kunda janjal ko`tarardi… Qizim tug`ilgandan keyin tug`ruqxonaga ham bormadi… xullas, birga yasholmadik… Qizimni o`zim kata qildim, uzatdim, mana, bugun uni «UZI»ga olib keldim, homilador! Qudalarim «o`g`ilmi, qizmi, Allohning ne`mati! Sog`-omon qo`liga olsa bo`ldi», deyishayapti, juda tushungan insonlar! Afsuski, sobiq erim mendan keyin ikki marta uylandi, biroq Yaratgan unga farzand bermadi…

Kamola, 30 yosh: — Biz o`n yildan beri tirnoqqa zormiz. Qilmagan amalimiz, bormagan joyimiz qolmadi. Hayotda ahvoli bizdan ham battarlar bor-ku, deb o`z holimizga shukr qilamiz. «O`g`il bo`lmasa, homilamni oldiraman» degan kelinlar, «qiz kerakmas» deydigan erlar, «xotining o`g`il tug`masa ajrashasan» deydigan qaynonalarga menga o`xshaganlarning taqdiri nahot dars bo`lmasa?!

 

Dilshod, Kamolaning turmush o`rtog`i, 32 yoshda: — Xotinim 5 ta qiz tug`sa ham jon derdim. O`g`ilmi, qizmi, beraridan qismasin ekan…

Ko`zingizni oching, noshukr bo`lmang!

Aziz qaynonalar! Siz onasiz! 9 oy vujudida bir jonni ko`tarib yurish, farzandni dunyoga keltirish nimaligini yaxshi bilasiz. Ayting, o`z qizingizni o`g`lingizdan kam yaxshi ko`rasizmi? Betob bo`lganingizda atrofingizda parvona bo`lgan, salgina ulg`ayganidan qo`lingizdan yumushingizni olib, ishingizni engillatgan, ovqatingizni pishirgan, uy-joyingizni sarishta tutgan, kiringizni yuvgan, dardingizni olgan qizingizni yaxshi ko`rmasligingiz mumkinmi?! O`g`lingizga hamma gapingizni ham aytolmay, palaxmon toshi bo`lib o`zga xonadonga uchib ketgan qizingizning kelishini intiq kutgan paytlaringiz bo`lmaydimi? «Yaxshiyam shu qizimni tuqqan ekanman!» demaganmisiz hech?!

O`rningizga keliningizni qo`yib ko`ring. Uning uchun ham o`g`ilu qiz farzand barobar. Keliningiz siz kutgandek o`g`il emas, qiz farzandlarni dunyoga keltirgani uchun uni ayblamang. Axir yoshingiz ulug`, aqlingiz raso, yaxshi tushunasiz-ku hammasi uning qo`lida emas, Yaratganning izmida ekanini! Keliningizning o`rnida qizingizni tasavvur qilib ko`ring: agar unga qaynonasi «qiz tug`ayapsan!» deb zug`um o`tkazganida chiday olarmidingiz? Kelin ham birovning jonday aziz bolasi, o`g`lingiz bilan taqdirini bog`lab, yaxshi niyatlar bilan ostonangizdan kirib kelgan, sizga qiz bo`lishni ko`ngliga tuggan bolangiz. Sizning ishingiz aybdor izlash, janjal ko`tarish emas, bolalaringizni duo qilish, oilangiz sha`ni, osoyishtaligini nazorat qilish, bolalaringizga bosh bo`lish! Sizga janjallar emas, ana shular yarashadi! Axir siz ONA degan buyuk nom egasisiz!

Hurmatli erlar! Siz oilangiz ustunisiz! Siz o`g`lingiz bo`lishini istaysiz-u, rafiqangiz buni istamaydi deb o`ylaysizmi? Aslida u buni ikki karra ko`proq istaydi: birinchidan, o`zi uchun, ikkinchidan, sizni xursand qilish, baxtiyor ko`rish uchun! Agar bu istak amalga oshishini taqdir ravo ko`rmasa, u sizdan ko`ra ko`proq iztirob chekadi sizni quvonchga to`ldirmagani uchun… Qizlar otaga mehribon bo`ladi, deganlari rost. Balki go`yoki o`g`il bo`lib tug`ilmagani ularning aybidek qizlaringizga e`tibor bermagandirsizu buni sezmagandirsiz? Balki ular tug`ilganlaridan beri sizning mehringizni sog`inib yashayotgandir? Ishonmasangiz, nuroniy otalardan so`rang, ular qizlarining mehribonchiligini to`lqinlanib so`zlab berishadi.

Siz qaydan bilasiz, balki Yaratgan kutganingizdek o`g`il emas, qiz farzand berib, sabringizni, shukr qila olish-olmasligingizni sinayotgandir? Balki shu sinovdan shukronalik bilan o`tsangiz, oilangizda o`g`il farzand dunyoga kelar?.. Besabrlik, noshukrlik qilayotganingiz etmagandek, taqdirini siz bilan bog`lagan, yurak hovuchlab ko`zlaringizga mo`ltirab yashayotgan umr yo`ldoshingizni o`g`il tug`maganlikda ayoblamang, battar qiynamang. Shunda Yaratganning O`zi sizni qo`llaydi!

Muhtaram qaynopalar! Siz uchirma qush misol ota uyingizni tark etdingiz. O`rningizga o`zga xonadonning suyukli farzandi kelib, qo`nim topdi. Endi sizning haqiqiy uyingiz — juftingizning yonida. Bu xonadon uchun esa endi mehmon hisoblanasiz. Opasiz, ukangizni o`zingiz ko`tarib kata qilgandirsiz balki. Kichikligida yiqilsa, surinsa, darhol turg`izib, tizzalarini qoqib, boshini silagansiz, qo`lchalaridan ushlab, yurishni o`rgatgansiz… Inson hayot yo`llarida ulg`ayib, aqlini taniganida ham qoqiladi, surinadi, yiqiladi… Siz opa bo`lib, ukangizga, uning «o`g`li yo`q» degan ta`nalarga qolib ketgan oilasiga tirgak, suyanch bo`ling, aslo bunday ta`na qiluvchilardan bo`lmang. Ukangiz, keliningizda maslahat berishga, yo`l-yo`riq ko`rsatishga haqlisiz. Ammo gap-so`zlaringiz bu xonadonda janjal, kelishmovchilik, ko`ngilxiraliklarga emas, ahillikka, osoyishtalikka sabab bo`lsin.

Keliningizning o`rniga o`zingizni qo`yib ko`ring: agar qaynopangiz yoki qaynsinglingiz kelib, qaynonangiz va eringizning oldida sizga ta`nayu malomat toshlarini otib, janjal boshlab ketsa, tinchingizni buzsa, chiday olarmidingiz? «Chiqqan qiz chig`iriqdan tashqari» bo`lgani eng ma`qul yo`l. Siz ayolsiz, «faqat qiz tug`ayotgan» kelinni siz tushunishingiz kerak.

Munis kelinlar! Unutmang, siz baxtlisiz! Chunki Yaratgan sizni ONALIK degan baxtga, nomga muyassar etdi! Agar shu qizlaringiz bo`lmaganida, kim bilsin, balki oilangiz butun bo`lmasmidi… «O`g`lim bo`lganida oilam butun bo`lardi», deyishga shoshilmang! Axir qizlaringiz bor! Agar ular bo`lmaganida yuragingiz farzandsizlik dog`ida qovrilib, huvillab yotardi, chiday olarmidingiz? O`g`illi bo`lmayotganingiz uchun o`zingizni ayblayvermang, buni taqdir hukmiga qo`yib bering. «O`g`il tug`mayapsan» degan ayblovlardan horigan bo`lsangiz, qaynonangiz, eringiz, yaqinlaringizga insof, o`zingizga iroda so`rang. Esda saqlang, siz o`zingiz, qizlaringiz va nasib etsa, dunyoga kelajak o`g`illaringiz uchun ham o`zingizni, salomatligingizni asrashingiz shart!

Mutaxassislar nima deydi?

— Aslida barchasi erkakka, aniqrog`i, ayol tuxum hujayrasini erkakning qaysi xromosomasi (Y yoki X) urug`lantirganiga bog`liq. Shunday ekan, erkaklar tomonidan «merosxo`r o`g`il tug`ib berolmay, qatorlashtirib qiz tug`ding», deya bildiriladigan ayblovlar o`rinli emas. Buning uchun 9 oy qiynalib, yana tug`uruq azoblarini ham boshdan kechirgan ayol emas, spermatozoidi «qizlar» xromosomasi — X dan tarkib topgan erkak «aybdor». Ya`ni homilador ayolning o`g`il tug`ishiga faqat erkak sababchi bo`ladi. Chunki Y xromosoma ayolda yo`q, u faqat erkakda mavjud. Ya`ni erkakning X xromosomasi ayoldagi X xromosoma bilan birlashsa, qiz tug`iladi. Erkakning Y va ayolning X xromosomasi birlashganda esa o`g`il dunyoga keladi.

— Ilmiy nuqtai nazardan, bu vaziyatda ko`proq erkaklar mas`ul. Chunki agar ayol tuxum hujayrasi bilan uchrashgan erkak urug` hujayrasi X xromosomali bo`lsa, qiz, U xromosomali bo`lsa, o`g`il dunyoga keladi. Umuman olib qaraganda, farzandning o`g`il yo qiz bo`lishi inson irodasiga, istaklariga bog`liq emas.

Mutaxassislar bir fikrda yakdil: sog`lom turmush tarzi kechiradigan, spirtli ichimliklar, tamakidan tiyilgan va kamroq shamollagan erkak-ayollarda o`g`il farzand tug`ilish ehtimoli yuqori bo`lishi aniqlangan.

Xulosa

Odamzot sabrli bo`lishni va “SHUKR” deyishni o`rgansa, muammolar qalashmaydi, qalblar yaralanmaydi, oilalar darz ketmaydi. Ehtimol kimlarningdir tirnoqqa zorligi o`g`ilmi-qizmi farzandi borlarning shukr qilishi uchun sababdir? Shukr deyuvchilardan bo`ling, xonadoningizdan janjal-suronlarning emas, chaqaloqlarning ingasi, bolakaylarning shodon qiyqirig`i, kulgisi jaranglab tursin!

Nilufar VAHOBOVA



Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 5246 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Qiz Farzand, fikr-muloxaza, Ayol
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 04:53
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное