Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

Opa-singillar seriali bosh qahramoni: shuhratga uchmadim, lekin...”

Bugun iste’dodli yoshlarimiz uchun barcha imkoniyatlar eshiklari ochiqligi sir emas. Ulardan esa faqat izlanish va mehnat talab etiladi. Mehnatdan qochmay, o‘z ustida tinimsiz harakat qilayotgan va natijada e’tiborga tushayotgan yoshlardan biri Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama teatrining aktyori Rasulxon Qodirxonovdir. Bugun uni ko‘pchilik taniydi va ko‘nglidagilarni bilishni istaydi.
– Rasulxon, mana, hozir tomoshabinlarning e’tiboridasiz. Shu bois siz bilan suhbat uyushtirishimizni so‘rab, ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Lekin qachon siz bilan bog‘lansam, doim bandsiz. Balki bu yulduzlik kasali bilan ham bog‘liq vajdir deb o‘yladim. Sir bo‘lmasa, qanday ishlar bilan mashg‘ulsiz?
– Avvalo, teatrda faoliyat yuritayotganim bois, uning mas’uliyatini hamisha his qilib turaman va asosiy vaqtimni unga bag‘ishlayman. Undan tashqari, turli davlat tadbirlarida faol qatnashib kelyapman. Siz murojaat qilgan paytlaringizda esa asosan, viloyatlarimiz bo‘ylab teatr jamoamizning ijodiy safarlarida band edim. Yulduzlik kasaliga kelsak, men unga chalinmadim, shunchaki tomoshabinning nazarga tushyapman, xolos. Bundan tashqari, xonandalik faoliyatimni davom ettirish uchun ovoz yozish studiyalarida yangi qo‘shiqlarimni yozyapman. Xalqimiz to‘y, shodiyonani sevadi va bu aziz kunida o‘zi istagan ijodkorlarni xizmatga chaqiradi. Jumladan, men ham xalqimizning yaxshi kunlarida boshlovchi va xonanda sifatida xizmat qilib kelyapman. Bu ishlarning barchasi mas’uliyatli, ularni “o‘rtamiyona” qilib bajarmasdan, a’lo darajada uddalashga harakat qilaman.
– Haqiqatan ishlaringiz juda ko‘p ekan. Lekin buncha yumushni birvarakayiga zimmangizga olish sizni sahnadan uzoqlashtirib qo‘ymayaptimi? Axir sahna aktyordan fidoyilik, sadoqatni talab etadi.
– Mening barcha ishlarim sahna bilan bog‘liq. Qaerda, qaysi vazifamni ado etishimdan qat’i nazar, sahnaga chiqaman, demak, undan uzoqlashmayapman. Hozircha hammasini qo‘limdan kelgancha uddalashga harakat qilyapman. Biroq baribir kun kelib, bittasini tanlashim va unga bor mehrim, e’tiborimni qaratishim kerakligini juda yaxshi bilaman. Katta maqsadli ijodkor, baribir yakunida bittasini mahkam ushlab, unga o‘zini baxshida qiladi. Chunki hammasi birvarakayiga olib borilsa, kutilgan katta natijalarga erisholmasligim mumkin. Mana, hozirdan barchasiga birdek ulgurish menga og‘irlik qilyapti. San’atkor sifatida o‘rtamiyona bo‘lib qolish niyatim yo‘q. Bu qaror sahna bilan bog‘liq bo‘ladimi yoki boshqa yo‘nalishmi, vaqt ko‘rsatadi.

– Aslida, barcha ishlarga ulgurishga harakat qilib, bittasida yarq etgan natijani ko‘rsata olmayapsiz-ku! Shuning o‘ziyoq sizni o‘rtamiyona qilib qo‘ymayaptimi? Yugurik vaqt sizni o‘zingiz istamagan o‘rtamiyona bo‘lishga majbur qilib qo‘yishi mumkin.
– Men o‘zimga tanqidiy nazar bilan qarayman. Agar biror ishimni uddalay olmay, unda oqsash boshlansa, bu ishimdan voz kechaman. Hozir esa hammasini yaxshi bajarayotgandirmanki, xalqimiz tomonidan xizmatimga talab bor. Shuning uchun ham “hammasiga ulguryapman” degan fikrda yuribman. Anchadan beri botinimda ichki kurash ketyapti. Qaysi ishimni to‘xtatib, qay birini kuchaytirishim, o‘z maqsadim yo‘liga aylantirishim kerak, deb tinmay o‘ylayapman. Lekin ochiq aytaman, qo‘shiq aytish – xonandalik menda barcha qiziqishlarimdan ko‘ra kuchliroq. Aynan musiqali drama teatrida faoliyat yuritayotganimning sababi ham qo‘shiq aytishga bo‘lgan qiziqishimdir. Qo‘shiq aytish uchun yaxshi natijalarga erishgan, nazarga tushgan barcha sohamdan voz kechishim mumkin. Xonandalik qilib dunyo sahnalariga chiqish istagim bor. Balki bu gaplar balandparvoz bo‘lib tuyulayotgandir, lekin xonandalik faoliyatim bilan bog‘liq orzu, havaslarimning cheki yo‘q va ularni amalga oshirish uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman.



– Hatto aktyorlikni ham tashlaysizmi?
– Agar mendan aktyorlik va xonandalikdan birini tanlash talab qilinsa, hech ikkilanmay, ikkinchisini tanlayman. Chunki o‘zimga ko‘p savol berganman: qaysi ishimsiz turolmayman, yasholmayman? Oxir-oqibat, amin bo‘lganim: faqat xonandalikkina barcha istaklarimdan ustun va usiz yasholmas ekanman! Oylab aktyorlik qilmasligim, to‘y xizmatlari, televidenieda boshlovchilik qilmasligim mumkin, lekin qo‘shiq aytmasdan, go‘zal tarona tinglamasdan bir kun ham yasholmayman! Shuning uchun soatlab mumtoz qo‘shiqlarimizni tinglab, o‘zimga kuch-quvvat yig‘aman. Qo‘shiq aytishdan hech qachon zerikmayman va jonimga tegmaydi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, qo‘shiqchilik – mening taqdirim!
– Yoshi ulug‘ san’atkorlarimizdan biri “Bugungi ayrim yoshlarda o‘z kasbiga muhabbatdan ko‘ra, undan moddiy manfaatdor bo‘lish, foyda ko‘rish istagi kuchli. Shuhratga intilish, moddiy manfaatdorlikni deb, hatto sevimli kasbidan ham voz kechayotgan yoshlar talaygina. Shu bois ham ularning iste’dodi charxlanmasdan, borgan sari sayozlashib, haminqadar bo‘lib qoladi”, degandi. Siz ham bir necha sohani birdek uddalashga urinib, aslida moddiy manfaatdorlikni asosiy maqsad qilib qo‘ymayapsizmi?
– Pul barchaga, ayniqsa ijodkorga kerak. Sababi, yaxshi ijod qilishingiz va uni ommaga yetkazish uchun ham o‘zingizga yetarli mablag‘ingiz bo‘lishi shart. Shuningdek, yaxshi sharoitda yashayotgan san’atkor kuchli, baquvvat bo‘lsa, tomoshabin oldida ham shu tarzda namoyon bo‘ladi. Menimcha, tomoshabin nochor, ezilgan qiyofadagi ijodkorni ko‘rishni istamaydi. O‘zi qiynalib, moddiy tashvishlariga ko‘milib turgan ijodkor tomoshabinga iste’dodini to‘laqonli ko‘rsatib bera olmaydi.

Yashirmayman, hozircha moddiy imkoniyatlarim o‘zimga yetarli va yanada yaxshi bo‘lishiga harakat qilaman. Sababi, ko‘zlagan maqsadlarim, orzularim bor, ularni amalga oshirishim uchun albatta, moddiy tomonlama baquvvat bo‘lishim kerak.

Men shuhratga intilmayman! Vaholanki, bunday imkoniyatni yaratib beradigan takliflar bo‘lgan va ularni rad etganman. Chunki men kimningdir yordamida shon-shuhratga erishishim mumkin, lekin evaziga o‘z mehnatim va sevimli ishlarimdan voz kechishim kerak edi. Men bu yo‘lni tanlamadim. O‘z mehnatim orqali chiqish va qo‘shiqchi bo‘lish orzumni ushlab qolishni afzal bildim.

San’atkorni odamlar hurmat qiladi, ularni o‘zgacha tasavvur etadi. Shu nuqtai nazardan ham san’atkor odamlar bilan jamoat transportida o‘rtahol bo‘lib yurishi kerak emas, deb o‘ylayman. U biroz sirli va boshqalardan ajralib turishi kerak va buning uchun moddiy ta’minlangan bo‘lishi shart! Men dang‘illama hovli-joyim, qimmatbaho mashinam bo‘lsin, demoqchi emasman! O‘zimni o‘zim ta’minlay oladigan moddiy imkoniyatlarga ega bo‘lsam va xotirjam ijod qilsam deyman.
– Kechirasiz-u, agar san’atkor odamlardan farq qilib, ulardan bir pog‘ona yuqorida yursa, xalqdan ajralib qolmaydimi? Balki bugun bo‘lar-bo‘lmas qo‘shiqlarni aytib chiqayotgan xonandalar ko‘payib ketgani va ular o‘zini yuqori olgani uchun ham san’atda inqiroz davri kuzatilayotgandir? To‘g‘ri, avvallari san’atkorlarni xalq hurmat qilib e’zozlagan. Lekin bu e’zoz va hurmat uning san’ati va kamtarinligi evaziga berilgan. Bugun esa bitta qo‘shiq aytib, xonandalar “yulduz” bo‘lib qolyapti, oyog‘i yerdan uzilyapti. Sizniyam mana shunday “yulduzlar” qatoriga qo‘shib qo‘yishlari mumkin...
– Ha, “yulduz” bo‘lishni orzu qilib qo‘shiq aytayotgan xonandalar ko‘p va bugun tomoshabinning noroziligi ham aynan ular ijrosidagi saviyasiz qo‘shiqlarning ko‘payib ketayotganida. Lekin ishonch bilan aytishim mumkinki, barcha sohada bo‘lgani kabi qo‘shiqchilikdayam rivojlanish va saralanish davri kechmoqda. Bugun shunday, lekin bu ertagayam davom etadi, deyolmayman. Vaqti kelib, g‘alvir suvdan ko‘tariladi va kim haqiqiy ijrochi-yu, kim havaskor – ajralib qoladi. Bugun sizning nazaringizda o‘ta zo‘r ijod qilmayotgandirman, xit qo‘shiqlar yaratmayotgandirman. Lekin izlanish, harakatdaman. Vaqti kelib, g‘alvir suvdan ko‘tarilganida saralar qatorida qolishni istayman!
– Ehtimol, vaqti kelib, saralanish sodir bo‘lar. Lekin biz va muxlis bugun yashayapmiz. Bugun eshitishimiz kerak bo‘lgan yaxshi qo‘shiq esa yaratilyapti. Buning uchun saralanish davrini kutib o‘tirish shart emas. Siz teatrda yaxshi ijrochisiz, kinoda nigohlaringiz bilan so‘zlaydigan aktyorsiz. Xonandalar ko‘p, lekin tomoshabinning mehrini qozona oladigan yaxshi aktyorlar kam. Yaxshi xonanda bo‘lishdan ko‘ra, yaxshi aktyor bo‘lish qiyin va buni tomoshabin juda yaxshi farqlaydi. Balki siz qo‘shiqchilikka havasingiz tufayli aktyorlikda erishmoqchi bo‘lgan imkoniyatlaringizni ko‘rmayotgandirsiz?
– Men hozir ham aktyorlik qilyapman. Lekin odam chin dildan istagan va yuragi buyurgan ishni bajarishi kerak. Xonandalikni yuragim buyuradi va shuning uchun ham undan voz kecholmayman!
– Ayrim aktyorlar teatrda yillab rol berilmasligidan nolishadi. To‘g‘ri, 15 – 20 yillab bu dargohda ishlab, uning sahnasini “yalagan” aktyor rol berilmasa, undan ketolmasligi mumkin, lekin yoshlar tez qaror chiqarishi shubhasiz. Sizgayam, yillar mobaynida rol berishmasa, sevimli teatringizni tashlab ketasizmi?
– Yo‘q, men hech qachon bunday bahona bilan teatrdan ketmayman! Teatrda olti-etti nafar rejissyor bo‘lsa, ularning sevimli aktyorlari bo‘lishi mumkin. Lekin bu iste’dodli va mehnatkash aktyor nazardan chetda qoladi, degani emas. O‘sha rejissyorlar ham asari tomoshabop bo‘lishini istaydi va, tabiiyki, buning uchun yaxshi aktyorga murojaat qiladi. Men bunday vaj bilan noliydigan aktyorlarni dangasa deyman. Agar mengayam rol bermay qo‘yishsa, o‘zimning nimalarga qodirligimni isbotlash uchun yanada ko‘proq mehnat qilaman. Rejissyorning ishonchini qozonish uchun, nolishni emas, mehnatni afzal bilaman!
– Nima bo‘lgandayam xonanda tanilish va muxlis orttirishni istaydi. Bugun qo‘shiq aytayotgan yoshlar tezroq tanilish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishyapti. Hatto taniqli xonandaga shogird tushib, uning soyasida chiqishni uddalayotgan xonandachalar bor. Balki siz ham taniqli san’atkorga shogird tushib, etagidan tutib, tezroq maqsadlaringizga yetarsiz?
– Bunday imkoniyatlar bo‘lgan, lekin fe’l-atvorimdagi bir qusur tufayli ulardan voz kechganman. Bu qusur – birovga yaltoqlanishni istamasligimdir. Shu bois bu yo‘lni tanlamadim. Birovning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun yaltoqlanib, xushomad qilib tanilishning menga keragi yo‘q.

Konservatoriyada vokaldan ustozim Sherzod Pirmatovdan ko‘p bilim o‘rgandim va hanuzgacha o‘rganmoqdaman. Mazmunli taronalar ijro etgan barcha ustoz san’atkorlarni g‘oyibona ustozlarim deb bilaman va ularning qo‘shiqlarini imkon qadar ijro etaman. Bir ustozim “O‘z ustingda ko‘p ishla” degandi. Shu o‘gitni qulog‘imga quyib, faqat o‘z ustimda ishlayapman. Balki hali yana boshqa ustozlarga murojaat qilib, bilimimni chuqurlashtirishimga to‘g‘ri kelar, men bunga tayyorman! Lekin maqsadim – faqat ta’lim olish, uning soyasida tanilish emas!
– TVdagi boshlovchiligingiz iste’dodingizning yangi qirrasini namoyish etishmi yoki bir kasbingizmi?
– Televideniedagilar menga teleserialdan keyin boshlovchilikni taklif etishdi. Ularga ish rejalarim, bo‘sh vaqtimni aytdim. Rozi bo‘lishdi va shundan keyin boshlovchilik faoliyatim boshlandi. Ko‘zlagan maqsadim shu kasbni tanlash emas, shunchaki hurmatli kishilarning iltimosini bajardim. Buyam men uchun o‘ziga xos reklama ekanliginiyam yashirmayman! Ijodiy ishlarimga xalaqit bermayapti, ortiqcha vaqtimni olmayapti. Demak, boshlovchilikni rad etishga aytarli vajim yo‘q. Fursati kelib, unga vaqt ajrata olmay qolsam, o‘z-o‘zidan rad etishim mumkin.
– “Opa-singillar” teleseriali tez va keng qamrovli tomoshabin auditoriyasini o‘ziga jalb eta oldi. Sizniyam ko‘cha-ko‘yda Ikrom deyishayotgandir...
– To‘g‘ri, qaerga ijodiy safarga borsak, meni Ikrom deyishyapti. Shuningdek, teleserialdagi boshqa ijodkorlarni ham filmdagi ismlari bilan chaqirishyapti. Bu – serial tomoshabinning mehrini qozonganidan bo‘lsa kerak. Ijodiy uchrashuvlarda “Opa-singillar” to‘g‘risida ko‘plab savollar berishganidan bilamanki, rejissyor Zamira Begimqulova va aktyorlarning mehnatlari besamar ketmabdi, u odamlarni haqiqatan ham qiziqtira olibdi.
– Eshitishimcha, Ikrom va Nasiba bugunning Otabek va Kumushi bo‘lishi kerak ekan. Lekin serialda Ikrom — jur’atsiz, o‘ziga va tuyg‘ulariga ishonmaydigan, bo‘sh yigit sifatida gavdalangan. Nahotki, bugunning Otabegi ana shunday jur’atsiz bo‘lsa?
– Kechirasiz-u, biz talabaligimizda “O‘tkan kunlar”dagi Otabekni ko‘p muhokama qilganmiz. To‘g‘ri, Otabek kinoda barvasta, ko‘rkam yigit bo‘lib ko‘ringandir. Lekin aslida, uning xarakteridagi jur’atsizlik, ikkilanish muhabbatining fojiali yakunlanishiga sabab bo‘lmaganmi? Agar Otabek o‘z vaqtida muhabbatini himoya qilib, Kumushni deganida va ota-onasiga buni tushuntira olganida balki sevganining fojiali o‘limini ko‘rmasmidi? Menimcha, Otabek ham shunday yigit bo‘lgan va keyinchalik muhabbati uchun kurashda o‘ziga kuch topgan.

“Opa-singillar”ga kelsak, u hali tugagani yo‘q va Ikrom ham fursati yetib, Otabek kabi jur’atli bo‘lar. Lekin men Ikrom bugunning Otabegi ekanidan xabarim yo‘q edi. Agar tomoshabin Ikromni siz aytayotgandek o‘ta jur’atsiz deb qabul qilgan bo‘lsa, bu — rejissyorning talabi. Balki ijroda mening ham ozgina xatolarim bordir. Biroq tomoshabin baribir Ikromni yaxshi ko‘ryapti, buni ijodiy uchrashuvlarda sezyapman.
Laylo suhbatlashdi.
“Huquq olamida” gazetasidan
Manba:darakchi.uz


Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 13388 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Serial, Opa-singillar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:33
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное