Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Qalbim Chechagi-soundtreck
. Vorislar - Some Other Day (serial korea)
. Ishq Jodusi-soundtreck
. Hayot Sinovlari - Gulim
. Ko'ngil bog'i-soundtreck [feat Girl]
. Tanho malagim - Soundtreck
. So'nmas Sevgi - Soundtreck
. Sevgi Iztirobi (Kara Sevda) - Soundtreck 3
. Ziyoda-Super Qaynona [soundtreck]
. Ko'sem - Safiye nin cenazi (Turk serial)
. Qirolicha - Soundtreck (Bidam Love)
. Qaqnus - Soundteck (korea)
. Sevishganlar - soundtreck (serial kareya)
. Kuz ertagi-Piano [soundtreck]
. Qish Sanatasi-Soundtreck
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

“Opa-singillar” teleseriali yakunidan so‘ng...

Suratga olish jarayonlari va serial taassurotlari haqida...
140 qismdan iborat bo‘lgan “Opa-singillar” teleseriali ko‘pchilik muxlislarni hayot tashvishlaridan bir zum chalg‘itib, ekran qarshisiga mixlab qo‘ydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan shu muxlislar talabidan kelib chiqqan holda bu galgi “Muxlis va yulduz” loyihasiga serialning muxlislar ko‘nglidan joy olgan yosh qahramonlarini taklif etdik. Ularning o‘z qahramonlari haqidagi fikrlariga siz ham quloq tuting.
Suhbatni muxlis, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi hamshirasi Zilola O‘rinboyeva olib bordi...
— Agar hayotda ham serialdagi kabi vaziyatga duch kelganingizda muammoni qanday hal qilgan bo‘lardingiz?
Begzot Mirzaev: — Xuddi serialdagi qahramonim Murod singari hal qilardim. Sababi, mening qahramonimni juda bo‘shang odamga chiqarib qo‘yish noto‘g‘ri. U ota-onasini hurmat qiladi, ularning ko‘ziga tik qaray olmaydi. Qiyin vaziyatda ich-ichidan qiynaldi. Uning onasini ham ayblab bo‘lmaydi. Chunki ona bolasi uchun jon kuydiryapti. Bizning o‘zbek yigitlari ham onasiga gap qaytarmaydi-ku. Serialda ham xuddi shunday. Ikki o‘t o‘rtasida qiynalsa ham, ich-ichidan eziladi, ham onasining so‘zidan chiqmadi. Bu esa onasini hurmat qilishi hamda to‘g‘ri tarbiya topganidan dalolat. Umuman, serialni kuzatgan muxlis birorta erkak ayol kishini behurmat qilgani, ortiqcha janjal ko‘targanini ko‘rmaydi. Sababi rejissyor Zamira Begimqulova o‘z seriali orqali tarbiya ko‘rgan odamlarni ko‘rsatib berishga harakat qilgan. Men talqin etgan obraz xarakteri qaysidir ma’noda mening o‘zimga ham yaqin desam xato bo‘lmaydi. Masalan, hayotda Murodning vaziyatiga tushib qoladigan bo‘lsam, xuddi u kabi sabr bilan muammoni yechishga harakat qilardim.
Serialda ikki kichik qizaloqlar bilan partnyor bo‘lib ishlash sizga qiyinchilik tug‘dirmadimi?
Begzot Mirzaev: — Bilasizmi, avval unchalik bolajon emasdim. O‘zimning ikki farzandim bo‘lsa-da, haligacha birovning bolasini ko‘tarib, erkalay olmasdim. Aytganingizdek, bolalar bilan ishlash juda qiyin. Ayniqsa, to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan. Mening serialdagi qizlarimning biri ikki, biri to‘rt yosh edi. Serialda biz qizlarni urushadigan, qizlar yig‘laydigan sahnalar bor. Shunday paytlarda qizlarning menga yaqinlashgisi ham kelmadi. Keyin ularni saqich, shirinliklar bilan aldab, yana mehrini qozondim. Suratga olish jarayonida ular uzoqdan “dadajon”, deb yugurib kelgan paytlarda mening ham ko‘nglimda ularga nisbatan mehr uyg‘onganini his qildim.
Serial davomida sizga qiyinchilik tug‘dirgan kadr qaysi bo‘ldi?
Begzot Mirzaev: — Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz o‘zi hech bir kadrda xursand bo‘lib o‘ynamaganman... Faqat siqilgan, qiynalgan... Murod ishga borsa hamkasblari gapiradi, uyga kelsa onasi xotinini yomonlaydi, xonasiga kirsa xotini onasidan shikoyat qiladi. Umuman, mening qahramonim har tomonlama zarbani qabul qiladigan inson bo‘lgani sababli hech bir sahna oson bo‘lmadi...
Zahro opa, savolim sizga. Begzot aka hayotda sizning turmush o‘rtog‘ingiz ekanligini ko‘pchilik bilmaydi. Ayting-chi, turmush o‘rtog‘ingiz hayotda serialdagi qahramonidan qay darajada farq qiladi?
Zaxro Mirzayeva: — Butkul farq qiladi! Faqat farzandlariga ko‘proq mehribon va g‘amxo‘r. Men bolalarni koyiganimda ham menga “bolalarni urushma, ularning asabiga ta’sir qiladi”, deb menga dakki beradi. Ayniqsa, ovqat o‘z vaqtida tayyor bo‘lmasa jahli chiqadi. Hayotda biroz injiqroq desam ham bo‘ladi.
Ikkingiz bir serialda suratga tushdingiz. Bu qiyinchilik tug‘dirmadimi?
Zahro Mirzayeva: — Menga qiyin bo‘ldi . Chunki suratga olish jarayonlarida men Andijonda qaynonam bilan yashardim. Bolamni Andijonga, qaynonamga tashlab kelib, ishlardim. Serialning ikkinchi fasli suratga olinayotganda esa ikkinchi o‘g‘limga homilador edim. Ayniqsa, serialning uchinchi faslida juda qiynalganman. Sababi, bolam ikki oylik edi va u yig‘lab tursada, men rol o‘ynashimga to‘g‘ri kelardi...
Begzod Mirzaev: — Albatta, qiyinchiliklar bo‘ldi. Erta tongdan “s’yomka”ga, keyin O‘zbekiston Davlat san’at institutida o‘qituvchi bo‘lganim uchun institutga, darsdan keyin yana shaharning boshqa chetidagi “s’yomka” maydonchasiga yetib kelishga majbur bo‘lardim. Bunday paytlarda rejissyor Zamira Begimqulova meni tushungani uchun ulardan minnatdorman.
Zaxro opa, hayotda sizga xuddi serialdagi obrazingiz — Durdona kabi kelin uchrasa nima qilasiz?
Zaxro Mirzayeva: — Xudo saqlasin! Aslida mening qahramonim oilaparvar, o‘ziga yarasha orzu havasli ayol. Ammo ana shu orzu-havaslar ortida ayyorona maqsad yotishi yomon. Bunaqa ayoldan hamma narsa kutish mumkin (kuladi). Shunaqa insonlardan o‘zim ham juda qo‘rqaman. Bunday kelinim bo‘lsa yasholmasam kerak (turmush o‘rtog‘i kulib yuboradi).
Begzot Mirzaev: (hazilga burib) — O‘zi ikkita bir xil odam bitta uyda yashay olmaydi-da!
Zaxro Mirzayeva:— To‘g‘ri, bir oz jizzakiroqman. Lekin u darajada yomon ayol emasman. Ba’zilar “O‘zi shunaqa ayol bo‘lgani uchun yomon ayolni o‘xshatib o‘ynagan”, dedi. Bozor-o‘charda yurganimda esa sotuvchilar “Hoy, qaynopangni tinch qo‘yasanmi-yo‘qmi? Senga nima yomonlik qilyapti?”, deb koyib qolishadi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘im bilan viloyatlardagi tadbirlarga borsak Begzot akam bilan rasmga tushishadi-da, menga kelganda “Siz nari turing, siz bilan rasmga tushmaymiz”, deyishadi.
Elbek aka, sizga qahramoningiz Javlonning qaysi xislati ma’qul bo‘ldi? U hayotda sizga o‘xshaydimi?
Elbek Fayziev: — Bir so‘zliligi, o‘ylagan maqsadiga erishishga astoydil harakat qilishi, samimiyligi va qat’iyatliligi ma’qul bo‘ldi. Javlonning ma’qul bo‘lmagan va menga o‘xshamagan jihati serial oxiriga kelib uning yutqazishi bo‘ldi. U serial oxirida Nasibaga erisha olmasligini anglab, taqdirga tan berdi. Lekin men hayotda osonlikcha tan bermayman. Aniqrog‘i, hayotda yutqazish menga xos emas.
Hayotda ham shu vaziyatga duch kelsangiz, ya’ni siz sevgan qiz boshqasini sevsa...
Elbek Fayziev: — Yo‘q, bunaqasi san’atkorlarda kam bo‘ladi. (kulishadi). Bizni atrofimizda faqat bizni sevadiganlar bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, hozir hayotda sevgan qizim bor. Munosabatlarimizga yetti yil bo‘ldi va hozirgi kunda Ginnesning rekordlar kitobiga kirish arafasidamiz (kulishadi).
Yosh bo‘lishingizga qaramay, ko‘plab klip va reklama roliklarida, filmlarda bandsiz... Shunga qaramay, teleserialda suratga tushishga qanday vaqt topganingiz qiziq...
Elbek Fayziev: — Rejissyor Zamira Begimqulova meni Javlon roliga taklif qilib, serialning yuz qismdan ortiq bo‘lishini aytganida juda ikkilandim. Sababi, bu juda katta vaqt edi. Oxirgi paytlarda salbiy rollarni ijro etayotganim bois xuddi hozirgidek soch-soqolimni o‘stirishimga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin... Shu bois avvaliga Zamiar opaga rahmat aytib, keyin taklifini rad etdim. Zamira opa avvaliga hayron bo‘lib, so‘ng sizga kerakli hamma sharoitni yaratib beraman. Mayli, sochingizni oldirsangiz ham, o‘stirsangiz ham shu serialda suratga tushsangiz bo‘ldi, deganlaridan so‘ng Javlon rolini o‘ynashga rozi bo‘ldim. Ammo afsuslanmayman.
Nasiba va Dilfuza. Ikki partnyoringizning qay biri bilan rol o‘ynash oson kechdi?
Elbek Fayziev: — Ochig‘i bunga ahamiyat bermagan ekanman. Nasiba bilan bir oz qiyinroq kechdi. Chunki qahramonim serialda deyarli uning ortidan yugurib yuradi, qiynaladi. Dilfuza bilan esa ijroimiz bir oz yengilroq kechdi, desam ham bo‘ladi. Lekin har ikkisi ham o‘z rolining maqsadini to‘g‘ri anglab, chin dildan ijro etgani bois suratga olish jarayonlari menga qiyinchilik tug‘dirmadi.
Akmal aka, oila a’zolaringiz siz suratga tushgan serialni tomosha qilayotganda ko‘nglingizdan nimalar kechdi?
Akmal Nazarov: — Boshida serialni men uchun tomosha qilyapsizlar, deb o‘zimcha maqtanardim. Serialning ikkinchi fasli boshlanganidan so‘ng esa onam “Sen uchun emas, serial uchun tomosha qilyapmiz”, deydigan bo‘ldilar (kuladi). Serialni oila davrasida tomosha qilganimda ba’zi kamchiliklarim o‘zimga sezilib qoladi. To‘g‘ri, buni oilam sezmasligi mumkin. Lekin har holda o‘zim shu sohada o‘qiganligim, qolaversa, hozirgacha o‘z ustimda ishlab, tajribamn oshirib borayotganligim uchunmi, ekranda o‘zimga o‘zim tanqidiy ko‘z bilan qarayman.
Qudrat obrazini talqin etganingizdan so‘ng sizda dizaynerlik sohasiga qiziqish paydo bo‘lmadimi?
Akmal Nazarov: — Yo‘q, hayotda bu sohadan ancha yiroqman. Lekin turmush o‘rtog‘imning kasbi diyzayner. Shuni aytishim mumkinki, serialda dizayner obrazini talqin etish bahonasida bozorlarda yurib, matolarning sifati, yaxshi-yomonini ajratishni o‘rgandim. Aslida men Ikrom roliga sinovdan o‘tgan edim. Qudrat roliga esa Rasulxon Qodirxonov sinovdan o‘tgan. Kinosinov o‘tib, suratga olish ishlari boshlanganidan so‘ng mening rolimni Rasulxonga berishdi. Sababi, rejissyor Zamira Begimqulova avvaldan mening qiyofamda Qudrat rolini ko‘rgan ekan. Shunday qilib imkon qadar Qudratning ichki kechinmalarini ochib berishga harakat qildim.
Hayotda ham Qudrat kabi rashkchimisiz?
Akmal Nazarov: — Hatto Qudratdan ko‘ra ko‘proq rashkchiman. Hatto uyda o‘tirgan singlimni ham rashk qilaman. Do‘stlarimni ham boshqalardan qizg‘anaman.
Rasulxon aka, siz hayotda ham qahramoningiz singari o‘ylamay qaror qabul qilasizmi? Ayniqsa, sevgan qizingizni bolasi bor deyishsa…
Rasulxon Qodirxonov: — Albatta ishonmasdim-da.. Qanday qilib ishonish mumkin? Serilada ayrim voqealar bir oz bo‘rttirilgan. Men hech qachon o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, haqiqatning tagiga yetmagunimcha birovning gapiga ishonib ketavermayman. Hayotda muhim qarorlarni ham o‘ylab, ham juda tez qabul qiladigan odamlarga qarab havas qilaman. Lekin o‘zim hayotda tez bir qarorga kela olmayman. Ko‘p ikkilanaman.
Hayotda ham Ikrom singari birovning bolasini asrab olgan bo‘larmidingiz?
Rasulxon Qodirxonov: — Avvalambor Xudo hammaning o‘ziga farzand bersin. Lekin o‘zim ham bola asrab olgan bo‘lardim. Chunki hayotda ham juda bolajonman.
O‘z qahramoningiz Ikromga o‘xshashni xohlarmidingiz?
Rasulxon Qodirxonov: — Yo‘q, men o‘zimga o‘shashni xohlayman. Aslida Ikromning tarbiyasi, ota-onasini hurmat qilishi menga o‘xshaydi.
Hayotda ko‘ngil bergan insoningiz bormi?
Rasulxon Qodirxonov: — Sevib qolganman... Lekin mening imkoniyatimdan tashqari narsalar talab qilingani uchun sevgimiz uzoqqa bormadi. Balki shunchaki yoqtirgandirman... Toki haqiqiy muhabbatingizni uchratmaguningizcha baribir birinchisini sevgi deb, o‘ylaysiz...
Nasibani seva turib, Dilfuzaga “sizni rashk qilyapman”, deganingizda sizni yomon ko‘rib qoldik....
Rasulxon Qodirxonov: — To‘g‘ri... Lekin mening qahramonimning harakatlarini kuzatibsiz-u, uning ichki kechinmalariga quloq tutmapsiz-da... Serialda qahramonim shu yo‘l bilan Nasibani unutmoqchi, o‘zini chalg‘itmoqchi bo‘ladi. Aslida Ikrom Dilfuzaga “Sizni rashk qilyapman”, degan gapni o‘zi xohlab gapirmaydi.
Zilola O‘rinboyeva:
— Ushbu suhbatimiz yakunida shunga amin bo‘ldimki, serial aktyorlari o‘zlari talqin etgan obrazga deyarli o‘xshamaydilar... Ammo Ikrom serialda qanday bo‘lsa, suhbat davomida ham xuddi shunaqa inson ekanligini sezdim. Shu kabi seriallar ko‘payishini tilab aktyorlar bilan xayrlashdik.
 
Mohichehra Eshmirzayeva yozib oldi
Fotomuxbir: Alixan Utarbekov
Manba:darakchi.uz


Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 8534 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Opa-singillar, Serial
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 12:40
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное