Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Ota sud zalida o‘z qizidan voz kechdi

Toshkent shahrida yashaymiz. Oilada to‘rt farzandmiz. Bitta singlim va ikkita ukam bor. Ota-onam davlat ishida ishlaydi. Ular bizni hech narsaga zor qilmay, halol mehnat evaziga katta qilishdi. Ikkalasi ham o‘qimishli, ziyoli bo‘lgani uchun biz farzandlarining ham o‘qishiga sharoit yaratib berdi. Oilada katta farzand bo‘lganim sababli dastlab mening o‘qishlarimga ko‘proq e’tibor qaratishdi. Maktabni a’lo baholarga bitirganimdan so‘ng, chet tillariga ixtisoslashgan litseyda o‘qishimni davom ettirdim. U yerda o‘qib yurgan kezlarim tegishli fanlardan repetitorga qatnardim. Ota-onam iqtisodiy tomondan qiynalsa-da, fanlardan tayyorlanishim uchun menga sharoit yaratib berdi.
Litseyni bitirgach poytaxtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining biriga hujjat topshirdim va davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Imtihon natijalari e’lon qilingach, mendan ko‘ra ota-onam qattiqroq suyundi. O‘sha kuni otam menga “Umida qizim, sen bilan faxrlanaman!” dedi. Onajonim sevinchdan ko‘zlariga yosh oldi. Hatto, otam mening o‘qishga kirganim sharafiga qarindosh-urug‘, yoru-do‘stlarni chaqirib, ziyofat uyushtirdi.
“Talabalik oltin davrim” deb bejiz aytishmas ekan. Haqiqatdan ham talabalik o‘zgacha davr bo‘larkan. Vaqt shu qadar tez o‘tdiki, qanday qilib uchinchi kurs bo‘lib qolganimizni bilmayman. Bu paytga kelib men rus va ingliz tillarida bemalol so‘zlashadigan bo‘ldim. Qo‘shimcha til sifatida arab tilini o‘rganishga qiziqib qoldim. Hammasi shundan boshlandi. Arab tilini o‘rganish uchun universitet kutubxonasidan bir qancha kitoblar olganimga qaramay, internet orqali ham turli ma’lumotlar bilan tanishishga kirishdim. Endi bilsam, internetga joylashtirilgan kerak, nokerak, to‘g‘ri, noto‘g‘ri ma’lumotlarni ajratmasdan o‘rganib katta xatoga yo‘l qo‘yibman. Bu ham yetmaganday turli ijtimoiy guruhlarga ham a’zo bo‘lib ularning yozishmalarida ishtirok etardim. Ayniqsa, internet orqali o‘zini Misrdagi Al-Azhar universiteti talabasi deb tanishtirgan Yusuf ismli yigit bilan tez-tez yozishib turardim.
Arab tilini o‘rganish ishtiyoqi va Yusufning da’vatlari beixtiyor menda islom diniga qiziqishni kuchaytirib yubordi. Shu-shu internet orqali Yusuf bilan suhbatimiz boshlarida arab tilini o‘rganishga urg‘u bergan bo‘lsak, asta-sekin u menga islom dinidan saboq bera boshladi.
Yusuf bilan ko‘proq yozishgim kelardi. Uning nimasidir meni o‘ziga tortardi. Olisda bo‘lsa-da, o‘zini bir bor ko‘rmagan bo‘lsam-da, kundan-kunga unga qattiq bog‘lanib qola boshladim. Har kuni u menga diniy mazmundagi video va audiomateriallarni yuborardi. Ushbu ma’lumotlar bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng Yusuf ularning mazmunini izohlab berardi. Shu tariqa ikki-uch oy gaplashib yurdik. Rus va ingliz tillari u yoqda tursin, hatto arab tilini ham o‘rganishni unutib, Yusufning ko‘rsatmasiga binoan ko‘r-ko‘rona islom dinini internet orqali targ‘ib qilishni boshladim. Men internetdagi turli ijtimoiy guruhlarga diniy mazmundagi ma’lumotlarni joylashtirish bilan shug‘ullanardim. Ushbu ma’lumotlar tag-zamirida nima mujassamligi haqida o‘ylab ham ko‘rmasdim.
Yurish-turishim o‘zgargani va o‘qishdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarim tushib ketgani bois universitet ma’muriyati ota-onamni chaqirtirishdi. Ular ikkalasi ham o‘qishimizga kelib, ustozlarim bilan gaplashishdi. Ushbu suhbatda nimalar haqida gap ketganini bilmadim-u, lekin yaxshi gaplar bo‘lmagani aniq edi. O‘sha kuni kechki ovqatdan keyin ota-onam menga nima bo‘layotganini, qanday muammoyim borligini so‘radi. Ularga hammasi joyidaligini aytdim. O‘qishlarimni yana avvalgi holga keltirib, bundan buyon faqat a’lo baholarga o‘qishimni, yuzlarini yerga qaratmasligimni aytib, ko‘zimga yosh oldim. Bu qutilishning eng oson yo‘li edi. Bo‘lmasam nima bo‘lgani haqida qistovga olishardi va men qiyin ahvolda qolardim. Shu tariqa hammasi silliq ko‘chdi. Menga ko‘p savollar berilmadi, ota-onam menga ishonishini ma’lum qildi.
Yana bir bor uydagilarning ishonchiga kirganimdan so‘ng hech narsa bo‘lmaganday ishlarimni davom ettiraverdim. Lekin bu ko‘pga cho‘zilmadi. Internet oqali o‘zini al-Azhar universiteti talabasi deb tanishtirgan Yusuf aslida qidiruvdagi ashaddiy jinoyatchi, terroristik oqim a’zosi bo‘lib chiqdi. Men unga qo‘shilib, internet orqali terroristik oqim g‘oyalarini tarqatganim uchun huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, jinoiy javobgarlikka tortildim. Otam “mening senday qizim yo‘q, lan’at senga, bundan ko‘ra o‘lganing yaxshi edi” deya sud zalidan chiqib ketdi...
Bir paytlar men bilan faxrlanishini g‘urur bilan aytgan otam mendan kechib ketishi-yu, o‘sha damlar sevinchdan ko‘zlariga yosh olgan bechora onam endi g‘am, anduh, alam va qayg‘u bilan faryod solishi-yu, doimo kulib, quvnoq bo‘lib yuradigan singlim va ukalarimning sassiz o‘kinch bilan yig‘lashi barcha-barchasi mening birgina xatom tufaylidir!
Agar boshqa narsalarga chalg‘imasdan tinchgina o‘qiganimda bugun universitetni bitirgan, biror joyda ishlayotgan, bir oilaning bekasi, shirindan-shirin bolalarning onasi, kimningdir suyukli yori bo‘lardim...
Eng yomoni meni deb oilamizdan baraka ketdi. Ota-onam sog‘lig‘idan ayrildi. Singlim va ukalarimning o‘qishlari yarim yo‘lda qolib ketdi. Otam ularning oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshirishiga ruxsat bermadi. Chunki, men ota-onamning ishonchini oqlolmadim! Yuzlariga oyoq qo‘yib, elu-yurt oldida sharmanda qildim!
Umida Botirova, Toshkent shahri


Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 10931 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 1| Рейтинг: ota, qizidan voz kechdi, sud zali
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
Giza1234 Bunaka mavzulani qanchasini õqimaylik qladigan odam qlurarkan. Eeehhhh..... Afsuski bunaqalani 70% qiz bola bb ciqvotti. Acinarli hol. Ota onani aybdor qliwadi omma ota onasi etibor qladiganlayam wu yulga krib ketiwvotti.
HAMMAMIZGA INSOF BERSIN!
BOWQA GAP ORTIQCA!
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 04:00
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное