Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Shavkat Mirziyoev koronavirusga oid yangi muhim Farmonni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida yangi Farmonni imzoladi.

Mazkur Farmon bilan quyidagi asosiy chora-tadbirlar belgilanmoqda:
1. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash borasida quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshiradi:
a) Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch kun muddatda hududlarda shakllangan ijobiy tajribadan kelib chiqib:
mahallalar va aholi xonadonlarida yuqumli kasalliklar,
shu jumladan koronavirusning oldini olish, simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha har bir oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlarni tashkil qilish;

mobil guruhlar tarkibiga birinchi navbatda malakali shifokor yoki infeksionist hamda patronaj hamshirasi kiritilishini ta’minlash;
mobil guruhlarni dori-darmon, aloqa, transport vositalari va boshqa zarur asbob-uskuna va anjomlar (shaxsiy himoya vositalari, pulsoksimetr, pirometr va boshqalar) bilan ta’minlash;
mobil guruhlar uchun soddalashtirilgan yo‘riqnomani ishlab chiqish va tasdiqlash;
koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishda tirbandlikning oldini olish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga xususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlil usullarini kiritish;
b) alohida xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan tibbiyot muassasalari, ulardagi bo‘sh koykalar soni, kasallarni qabul qilish holati, kasallikka chalingan va tibbiyot muassasalarida hamda boshqa ruxsat etilgan hududlarda davolanayotgan bemorlar soni, ularning holati, dori vositalari, shuningdek zarur laboratoriya va tibbiyot anjomlari va texnikasining mavjudligi hamda holati yuzasidan ma’lumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish;
v) aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va tahlil natijalarini uch kunlik muddatda ularni shaxsiy telefon raqamlari orqali xabardor qilish;
(hal etiladigan masala: shu kunga qadar respublika bo‘yicha jami 1,67 mlnga yaqin test tahlillari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, koronavirusga tahlil olish tizimi xozirgi kun talablariga javob bermaydi, tahlil natijalarini olish 10 kun muddatgacha cho‘zilmoqda, bu esa respublikadagi haqiqiy holatni baholashga to‘sqinlik qiladi)
g) o‘n kun muddatda tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi axborot almashish tizimini soddalashtirish maqsadida hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qog‘ozbozliklar bilan bog‘liq jarayonlarni elektron tizimga o‘tkazish orqali keskin qisqartirish;
d) qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarga uy sharoitida yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibini joriy qilish:
har bir oilaviy poliklinika kesimida umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi uchun aniq xonadonlarni taqsimlash hamda umumiy nazoratni oilaviy poliklinika mudiri tomonidan amalga oshirish;
har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida tajribali shifokorlardan iborat bo‘lgan kasallikka chalingan bemorlarni saralash va evakuatsiya qilish, davolash jarayonini monitoring qilish guruhlarini tuzish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida birlamchi bo‘g‘in shifokorlari bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining vrachlari operativ maslahatlashish va bemorlar ahvolini to‘g‘ri baholay olish imkonini beradigan aloqa tizimini o‘rnatish;
har kuni kasalligi simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar, ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar soni, ahvoli, shuningdek davolash muolajalarini olayotgan bemorlarda kasallik kechish dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oilaviy poliklinika mudiri tomonidan telefon yoki onlayn videoaloqa tizimi orqali tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining oilaviy poliklinikalar bo‘yicha koordinatoriga yetkazib borish;
uy sharoitida davolanayotgan bemorlar ahvoli dinamikasida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan taqdirda mobil guruhga murojaat qilish, bemorni tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga tegishli bo‘lgan tibbiyot muassasalariga yotqizish;
ye) sohada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini soddalashtirish maqsadida:
ikki hafta muddatda qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi mavjud kichik va o‘rta tibbiy xodimlar vakant joylarini tibbiyot ta’lim muassasalari bitiruvchilari, pensionerlar va boshqa tibbiyot mutaxassisligiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan to‘liq to‘ldirilishini ta’minlash;
o‘n kun muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda tibbiyot muassasalari umumiy klinik laboratoriyalarining vrach-laborantlarini virusologiya laboratoriyalarida faoliyat ko‘rsatishi uchun tayyorlash, shu jumladan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qilish;
o‘n besh kun muddatda respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining “Biologiya” ta’lim yo‘nalishini tugatgan bitiruvchilarini Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va uning hududiy filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning hududiy filiallari, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarida virusologiya laboratoriyasining vrach-laboranti mutaxassisligi bo‘yicha bir oylik qayta tayyorlash kurslarini yo‘lga qo‘yish;
(natijada: birgina 2019-2020 o‘quv yilida “Biologiya” ta’lim yo‘nalishini 1 mingga yaqin bitiruvchilar tamomlagan bo‘lib, qisqa muddatli va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish orqali mavjud kadrlar salohiyatidan unumli foydalanib, Respublika bo‘yicha mavjud 16 ta virusologiya laboratoriyalariga kadrlar yetishtirib beriladi)
koronavirus pandemiyasini bartaraf etish bo‘yicha e’lon qilingan karantin tadbirlari yakuniga qadar barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilarini 1 yilgacha bo‘lgan muddatga vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarga jalb qilish. Bunda vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarga jalb qilinayotgan mutaxassislar uchun uy-joy va boshqa qulay sharoitlar yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
o‘n kun muddatda Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi
hududiy bo‘linmalarining tibbiy xodimlarini “valeolog” mutaxassisligiga qayta ixtisoslashtirish bo‘yicha bir oylik qisqa muddatli onlayn kurslarni tashkil qilish;

(natijada: valeologiya yo‘nalishi bo‘yicha qishloq vrachlik punktlari (817 ta), oilaviy poliklinikalarda (984 ta) faoliyat olib boradigan hamshiralar, psixologlar va ijtimoiy xodimlar malakasi oshiriladi)
j) Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash
va jismoniy faolligini oshirish markazi tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini (qishloq vrachlik punktlari, oilaviy polikliniklar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar) jalb qilgan holda har bir xonadonda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya, sport va to‘g‘ri ovqatlanishni faol targ‘ib qilish bo‘yicha doimiy ravishda zarur choralar ko‘rib borish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
6 maydagi “Tibbiyot va farmasevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4310-son qarori bilan ehtiyoj yuqori bo‘lgan tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlarni birlamchi tibbiyot-sanitariya muassasalari uchun bir yildan kam bo‘lmagan muddatda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida (internatura) tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilganligini inobatga olingan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi:

Moliya vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida (internatura) tahsil olayotgan umumiy amaliyot shifokorlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini ishlab chiqadi va joriy qiladi;
2020 yil 15 avgustga qadar birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida (internatura) tahsil olish uchun shifokorlar mutaxassisliklari ro‘yxatini tasdiqlaydi;
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarini (internatura) to‘liq joriy qiladi.
(hal etiladigan masala: Birlamchi tibbiyot muassasalarida tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlarga (xirurg, ginekolog, kardiolog, bolalar nevrologi, lor va boshq.) ehtiyoj mavjud bo‘lib, bugungi kunda 15 foizdan ko‘p vakant shtat birliklari mavjud. Mazkur vakant joylar birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslaridagi mutaxassislar bilan to‘ldiriladi)
3. O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (keyingi
o‘rinlarda – Sanitariya-epidemiologiya xizmati), uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etiladi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati uning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar bilan birga yaxlit tizimni tashkil qiladi.
4. Sanitariya-epidemiologiya xizmatining tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishi tatbiq etiladi;
Vazirlar Mahkamasi sanitariya-epidemiologiya xizmatining jozibadorligini oshirish va tizimga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida 2020 yil 1 dekabrga qadar pandemiyadan keyingi davrda ham tibbiyot va Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining mehnatiga haq to‘lashning yangilangan tizimini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4695-son qarorining 1-bandida nazarda tutilgan mehnatga qo‘shimcha haq to‘lash shartlari Sanitariya-epidemiologiya xizmatining xodimlariga qo‘llaniladi.
5. Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo‘shimcha ravishda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lganda lavozim maoshiga – 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo‘lganda – 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalari:
bino va inshootlarini saqlash, shuningdek xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi;
(Natijada: Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ilmiy-tadqiqot muassasalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetidan amalga oshirilishi belgilanmoqda hamda ularning rahbarlari oylik maoshlari amaldagi 3 mln so‘mdan 5,5 mln so‘mgacha oshiriladi)
rahbar xodimlarining ish haqi byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovasion ishlarning
ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi
ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;

b) Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga moddiy-texnika bazasini yaxshilash va xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida aholiga pullik asosda (laboratoriya xizmati, sertifikatsiya, ekspertiza va boshqalar) xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;
v) Sanitariya-epidemiologiya xizmati Davlat byudjetidan tizimga ajratilgan mablag‘lar, ularning sarflanish yo‘nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma’lumotlarni har oy yakuni bo‘yicha jamoatchilikka e’lon qiladi va o‘zining rasmiy
veb-saytida joylashtirib boradi.

6. Sanitariya-epidemiologiya xizmatining byudjetdan tashqari Maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalarining byudjetdan tashqari hisob raqamlaridagi barcha qoldiq mablag‘lari Jamg‘armaga to‘liq o‘tkaziladi.
7. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
sanitariya-epidemiologiya qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llanilgan jarimalar va jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 50 foizi (nazorat tadbirlari boshqa davlat organlari bilan birgalikda amalga oshirilganda, jarima hamda jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 25 foizi);
idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ixtisoslashgan pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlarning 3 foizi;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash, shu jumladan uy-joyni ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda;
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining farmoyish berish
va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashda;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etishda.
9. Farmon bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, Davlat byudjetining 1,7 mlrd so‘m va xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma va investisiya banki) jalb qilingan 194,5 mln AQSh dollari mablag‘lari hisobidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tarkibiy tuzilmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, yuqori texnologiyali asbob-anjomlar, apparaturalar, jihozlar, maxsus texnika, sarflovchi va boshqa vositalar bilan ta’minlash belgilanmoqda;
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xarid qilinayotgan asosiy vositalar, qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni boshqarish guruhlarini birlashtirish va yagona Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirish guruhini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
11. Farmon bilan 2020–2025 yillarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlarini xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish rejasi tasdiqlanib, rejaga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlarini xalqaro standartlar va normalarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish jarayoniga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro ekspertlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
(hal etiladigan masala: Bugungi kunda 7 ta yo‘nalishdagi jami 210 ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari mavjud bo‘lib, ularning 180 tadan ortig‘i (85%) xalqaro talablarga moslashtirilmagan hamda ishlab chiqilganiga 20 yildan ko‘p vaqt o‘tgan. Ushbu hujjatlar xalqaro standart va normalarga muvofiqlashtiriladi)
12. 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga ularning faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga mosligini o‘rganish va tahlillar natijalariga asosan “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi”ni (keyingi o‘rinlarda – Belgi) berish amaliyoti joriy qilinadi;
Belgi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan uch xil turdagi – “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha 12 oy muddatgacha beriladi;
(natijada: mazkur belgini joriy etish kelgusida kasalliklar, shu jumladan oziq-ovqatdan zaharlanishlarning oldini olish imkonini beradi)
“yashil” toifadagi Belgiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati Sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan o‘rganilishi va tekshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilgan holatlar bundan mustasno);
Belgi tadbirkorlik sub’ektlarining tashabbusi bilan (ixtiyoriy) yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda davlat organlari tashabbusi bilan (majburiy) beriladi;
tadbirkorlik sub’ektlarining tashabbusi bilan (ixtiyoriy) Belgini olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hamda pullik asosda amalga oshiriladi. Bunda, ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun olinadigan daromad Sanitariya-epidemiologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va xodimlarni rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati va Savdo-sanoat palatasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar Belgini berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
13. Sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkil etilayotganligi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalari tugatiladi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari – tegishincha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, shuningdek ularning hududiy bo‘linmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi.
14. 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi sohasida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida “Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi” fakulteti tashkil etiladi;
Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda tegishli tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida “Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi” fakulteti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi;
(hal etiladigan masala: Bugungi kunda 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasalari faoliyat olib borib, ularning ayrimlarida “Tibbiy profilaktika” fakulteti mavjud. Ushbu fakultetda dars mashg‘ulotlari va amaliyot asosan davolashga (ixtisoslashtirilgan yordamga) yo‘naltirilgan.
Tibbiy profilaktika va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida (alohida qaror asosida) tuman-shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarida tibbiyot ma’lumotiga ega bo‘lgan valeolog, tibbiy psixolog, nutrisiolog, dietolog, farmakolog, kineziolog, reabilitolog, profpatolog lavozimlarini kiritish rejalashtirilmoqda)
2021 yil 1 yanvarga qadar tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida sanitariya-gigiena va epidemiologiya hamda mikrobiologiya yo‘nalishidagi filiallar, shuningdek xalqaro fakultetlar ochilishini ta’minlaydi.
15. Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 noyabrga qadar sodir bo‘lgan favqulodda hodisa, tabiiy ofatlar, pandemiya davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va orttirilgan tajribadan kelib chiqib, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi va “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi;
Bunda, loyihalarda yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lishi va tarqalishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega ofatlar sodir bo‘lishi xavfi yuzaga kelgan sharoitda aholining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi bo‘yicha batafsil “harakatlar algoritmi” va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutiladi.


Manba:aniq.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 17606 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Shavkat Mirziyoev, Koronavirus, muhim, oid, farmonni imzoladi, yangi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 14:47
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное