Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Shavkat Mirziyoev yangi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev kecha, 31 iyul kuni “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlariga o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishda ko‘maklashish, mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish, aholining bandligi va sanoat mahsulotlari hajmining o‘sishini ta’minlash mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi.

Ushbu maqsadda tuzilgan “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasi (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb yuritiladi) tomonidan ko‘rgazma-yarmarka savdolarini tashkil etish, ularda ishtirok etishga tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni jalb etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar Direksiya faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini lozim darajada ta’minlamayotganligini ko‘rsatdi.

Xususan, tenderlar o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida Kooperatsiya birjasi doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarning xaridini amalga oshirishga imkon beruvchi amaldagi tartib turli xil korrupsiya ko‘rinishlari, shu jumladan, oldindan belgilangan yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish maqsadida birjalardan foydalanish uchun sharoit yaratmoqda.

Ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarini o‘tkazishning tartib-taomillari, eng avvalo, kichik biznes sub’ektlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish uchun davlat va korporativ buyurtmalarni olishga bo‘lgan imkoniyatlarini, oqibatda sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirishni lozim darajada ta’minlamayapti.

Direksiya tomonidan tuzilgan shartnomalarni tahlil qilish va ular asosida tegishli loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish, mahalliy xom ashyo bazasida tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish uchun sanoat kooperatsiyasining roli va ahamiyatini oshirish bo‘yicha asosiy vazifalar amalda bajarilmagan.

Bundan tashqari, Direksiya faoliyatiga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining past darajada joriy etilganligi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shartnomalarni ro‘yxatga olishning samarasiz tizimi, tuzilgan shartnomalar ijrosini nazorat qilishning ta’sirchan mexanizmlari mavjud emasligi aksariyat hollarda qabul qilingan shartnoma majburiyatlari va tasdiqlangan tarmoq jadvallarining bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan samarali foydalanilishini, raqobatning yanada rivojlanishini hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berishga davlat va korporativ buyurtmalardan teng foydalanish imkoniyatini, shuningdek, mazkur jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasini tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Direksiyani tugatish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur choralarni ko‘rsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida davlat xaridlari yagona axborot portalini hamda resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini yaratish orqali ularning ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan takliflar kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

“O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma majmuasining ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori zimmasiga yuklansin.


 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

Toshkent shahri, 2017 yil 31 iyul



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 11119 | Рейтинг: 0| Рейтинг: imzoladi, yangi qaror, Shavkat Mirziyoev
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 19:04
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное