Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Tilanchilikdan talonchilikkacha necha qadam?


Bugun xalqimiz tinchligi, uning bemalol madaniy hordiq chiqarishi uchun istirohat bog‘lari obod etilib, yangidan-yangi dam olish maskanlari yaratilmoqda. Bog‘lardagi sharoitlarni ko‘rib insonning dili quvnaydi. Ammo dilni xira tortishga majbur qiladigan shunday holatlar borki, ularni bartaraf etish uchun, avvalo, insonlarning o‘zi hushyor va ogoh bo‘lishlari talab etiladi. Qaysi istirohat bog‘iga yoki bozorga bormaylik ortimizdan sadaqa so‘rab ergashadiganlarga ko‘nikib qolganmiz. Ayniqsa, bu holat sotuvchilarning ham anchagina asabini taranglatishi turgan gap.

Yaqinda “O‘rikzor savdo majmuasi”ga xarid uchun borgandim. Ayollar kiyimi bilan savdo qiluvchi bir do‘kondan o‘zimga kerakli liboslarni ko‘rayotganimda, yoshi chamasi 23-24 larda bo‘lgan yigit sadaqa so‘rab kelib qoldi. Sotuvchi ayolning “hali savdo qilmadim, keyinroq kelarsan”, degan gapiga sadaqa so‘rovchi “boya kelganimdayam haliroq kelarsan degansiz”, deya javob berdi. Sotuvchi noiloj kassasidan 500 so‘mlik pul olib, gadoyga uzatdi. Orqasidan esa “E xudo, bulardan qutulib bo‘larmikan o‘zi? Bermasang, eshigingdan ketmaydi, bersang, kunda qaytib keladi. Yana bunaqalar bitta bo‘lsayam mayliydi. Bir kunda 4-5 tasi tilanib keladi. Yana hammasi bilagida kuchi bor, yoshi 40 dan oshmagan ayol va erkaklar”, deya norozi ohangda g‘udranib ketdi.

Bu voqea bir bo‘ldiyu, yana bir kuni ish yuzasidan 2-Toshkent tibbiyot akademiyasiga borishimga to‘g‘ri keldi. Aslida bu yerga ish bilan tez-tez kelib turaman. Uzun yo‘l bo‘ylab turnaqator bo‘lib tizilib olgan tilanchilarga ham ko‘p bora duch kelganman. Har gal ularga qarasam, ichimda bir g‘ashlik paydo bo‘lardiyu, imkon boricha tilanishlariga ahamiyat bermay o‘tib ketishga harakat qilardim. Va nihoyat bir holat “portlashim”ga sabab bo‘ldi.

Uzoq viloyatdan tug‘ma nogiron farzandini navbatdagi davolash kursiga olib kelgan ayol bilan tanishib qoldim. Farzand azobi yomon deb to‘g‘ri aytishgan ekan. Bechora ayolning yuzlari dard va xavotirdan nursizlangan, ko‘zlari ichiga kirib ketgan bir ahvolda edi. Shifokor nevropatolog bir qog‘ozning ikki tomoniga to‘ldirib, kerakli dorilar reseptini yozib berdi va ayol men bilan birga dorixonalar tomonga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay ayol bilan suhbatlashdik. Aytishicha, qizi epilepsiya xastaligi bilan tug‘ilgan, so‘nggi paytlar kasallik xuruji ko‘payib, bir kunda 3-4 martagacha tutqanoq qilar ekan. Ayol shu gaplarni aytganidan so‘ng bir xo‘rsinib qo‘ydi-da, jim bo‘lib qoldi. Ochig‘i, unga dalda bera oladigan, dardini biroz unutishiga yordam ko‘rsatadigan birorta so‘z topolmayotganimdan o‘zimni yomon ko‘rib ketdim.

“Har doim bulbulday sayraydigan tiling endi bir og‘iz gap topolmayotgan bo‘lsa, yig‘ishtir so‘zbilgiligingni, yana jurnalistman deb ko‘krak kerishingga o‘laymi?!”, derdim ichimda o‘zimga o‘zim. Xullas, ayol o‘z tashvishi, men esa noshudligimdan nolib borarkanmiz, yo‘limizni qo‘llarini sadaqa uchun tutgan lo‘libachcha to‘sdi. Shu paytgacha unchalik ham e’tibor bermay kelayotganim bu “talonchilar” ko‘zimga shunaqangi xunuk ko‘rinib ketdiki... “E bor-e, kasali bor odamdan ham pul so‘raysanmi, topib turgan joyingni qara, bu yerga o‘z dardi o‘ziga og‘irlik qilgan odamlar kelsa, tilanishingga balo bormi”, dedim jahl bilan. Tilanchi bo‘lsa: “E-be, o‘l qurumsoq bo‘lmay, 500 so‘m bersang, kamayib qolasanmi, ber hay endi”, deb ayolga yopisha boshladi.

O‘ylanib qoldim, bularni tilanchi deyishga odatlanib qolganmiz, lekin ularning qilig‘i ko‘proq kuppa-kunduz kungi talonchilikka o‘xshaydi. Ko‘ngilochar joylarda-ku shundog‘am odamlarga tinchlik bermaydigan bu “talonchilar” endi shifoxonalardan ham daromad izlashlariga nima deysiz? Bilmadim-ku, ishqilib jamiyatimizni bunday “begona o‘tlar”dan tozalamasak, ertaga ular sekin-astalik bilan ma’naviyatimizga ham bostirib kirmasligiga, bolalarimizni dangasalik, tilanchilik va talonchilikka o‘rgatmacligiga kim kafolat beradi?! Mana shu o‘y-fikrlar sizni ham biroz mulohazaga tortsa ajab emas.

Mehriniso Ikrom qizi



Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 2206 | Комментарии: 4 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Qadam, necha, talonchilik, Tilanchilik
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 4
zumrad991 Aslida jamiyatimizda unday talonchilarning ko'payishiga asosan o'zimiz sababchi bo'lamiz...bizning raxmdil va ko'ngilchan ekanligimiz ular uchun tayyor bizness manbai xisoblanadi...BIZ SADAQA BERAYOTGAN INSONLAR ASLIDA KIM EKANLIKLARINI ASLO UNUTMAYLIK !!!
Like | 0
zumrad991 qadirli do'stlar, albatta barchamiz ham savob talab musilmon bandalarmiz. Ko'chada ko'zlarini mo'ltiratib qarab, sadaqa so'rab qo'l uzatgan qora ko'zlarga befarq o'tib keta olmasligimiz mumkin. Lekin ularga raxm qilmang! Savobni ham, sadaqani ham xaqiqiy muxtoj insonga berganimizdagina ALLOH QABUL qilarkan...lo'lining ilmi ham, amali ham tegmaydi digan juda dono aytilgan gap bor eskilarda...500 so'mlik savobning ortida, 2 dunyoga yetgulik gunohlar orttirmaylik. Aslg
Like | 0
zumrad991 men jurnalist bo'lmasam ham, xar safar shunday xolatlarga duch kelsam, g'azabim qo'ziydi...o'zlarini tug'ma nogironlardek ko'rsatuvchi firibgarlarni ko'rganimda esa, rostdan ham, oyoq qo'llarini urib, sindirib, anashunday xolatga solib qo'ygim va "ana endi sadaqa so'rasang xar qancha yarashaveradi"-deb...yuziga tupirvorgim keladi...axir qanchadan qancha tug'ma nogiron insonlar o'z hayotlari uchun kurashib, astoydil sidqidildan mehnat qilib, xech bir sog'lom insonlardan kam bo'lmay yashab yurishibdi. Bu odamsifat itlar esa, soppa-sog' bo'laturib, o'zini nogironlikka solib, suyak g'ajib yurishibdi...
Like | 0
zumrad991 juda ham to'g'ri. Shunday voqea menda ham ro'y bergandi. Yaqinlar bilan Bog'ga aylanishga borgandik, bog'ga kirganimizga xech qancha bo'lmay, bir kichkina qiz kelib, pul ber dib yopisha ketti, sherigim ming so'm bersa, unga ham qanoat qilmay, mendan ham so'radi. Menda pul yoq bor jo'na dib javob qaytargandim. Pul berasan xozir dib kiyimimga yopisha boshladi. Qarab tursam, hammaning oldida sharmanda qilishga urinyabdi. Qilig'idan qattiq jaxlim chiqib, itarib yubordim. Keyin yonimizdan xaydab baqirib, so'kib berdim...u ham bo'sh kelishni istamadi shekilli, urasanmi? Ur mana dib baqirib menga qarab kela boshladi...agar o'shanda meni sherigim to'xtatib qolmaganida bilmadim. U tilanchi qizni nima qilgan bo'lardim...undan shunday jirkanib, nafratlanib kettimki, o'sha payitdagi xolatimni tariflab bo'lmaydi. Unday axloqsizlar o'zlari jamiyatni bulg'ayotganlari yetmagandek, tuppa tuzuk odamlarni ham quyushqondan chiqishiga majbur etishadi. Meni ham shu o'rinda bir savol o'ylantiradi! Kim ularga shunday tarbiya berayotgan ekan? Yosh yosh yigitlar va qizlar nima uchun shunchalar pulning dardida vaxshiylashib, 500 so'm pul uchun kimlar bilandur jiqqamusht bo'lishgacha borishayotgan bo'lishsa, anashunday manqurtlar qanday vijdon bilan INSON degan nom ostida voyaga yetishyabdi...ularga shularni o'rgatayotganlar qanday vaxshiy, iblis odamlar ekan? XUDONING qaxridan qo'rqmay, murg'ak va beg'ubor go'daklarga, talim olishning o'rniga talonchikdan dars berishayotgan bo'lishsa...
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:47
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное