Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Yigitali Mamajonov ilk gonorari va o'zi haqida batafsil gapirdi

Aktyor Yigitali Mamajonov My Day nashriga intervyu berdi.

– Ilk rollaringiz qanday bo‘lgan? Qiynalganmisiz? Nimalarni o‘rgangansiz?

– Ilk rolimni “Hayot” deb nomlangan qisqa metrajli filmda, institutda 2 bosqichda o‘qib yurgan vaqtlarim ijro etganman. Bu film o‘zimizning institutning bitiruvchi bosqich talabasining yakuniy ishi bo‘lgan va u yerda men bosh rolni ijro etganman. Ssenariyning o‘zi juda sodda bo‘lgan. Bosh qahramon singlisi bilan yetim qoladi. Singlisi kasal bo‘lib qoladi. Film oxirida esa hammasi yaxshilik bilan tugaydi. Lekin mana shu rolni ijro etayotganimda qiynalganman. Bu mening ilk rolim bo‘lganligi uchun bo‘lsa kerak. Hayajon kuchli bo‘lgan. O‘zimda katta mas’uliyat his qilganman.

– O‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz kuchlimi? Yoki nimalardadir ikkilanishlar bo‘ladimi?

– Ikkilanish menga xos bo‘lgan xususiyat. Chunki men “egizaklar” burji ostida tug‘ilganman. Shuning uchun ham har doim ikki inson ichimda o‘zaro bahs olib boradi. Aniqroq qilib aytganda ikkita xarakter bir-biri bilan kurashadi. Bir tomondan juda ham ishonuvchan bo‘lsam, ikkinchi tarafdan adolatliman, ya’ni adolatli bo‘lish uchun ba’zan qattiqqo‘llik ham qilishimga to‘g‘ri keladi. Insonning yuziga bor haqiqatni gapirishim mumkin. Boshqa tarafdan juda ham soddaman. Hamma narsani kechirishga harakat qilaman. Ko‘nglimga yaqin olmaslik va boshqalarni tushunish, hamdard bo‘lish menga xos fazilat. Ishonch haqidagi savolingizga kelsak. Tajribamdan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkin-ki, men o‘zimga ishonaman. O‘zimga bo‘lgan ishonchim me’yorida. Va mening fikrimcha o‘ziga bo‘lgan ishonch insonlarda hayot tajribasi orqali ortib boradi.

– Yaratayotgan obrazlaringiz ustida qanday ish olib borasiz? O‘zingizga o‘xshagan qahramon obrazini yaratish osonroqmi yoki mutlaqo farqli qahramonlarnimi?

– Eng qiziqarlisi nimada bilasizmi? O‘zimga mutlaqo qarama-qarshi bo‘lgan rollarni ijro etish menga qiziqroq va aynan mana shunday rollarda qahramonimni obraz darajasiga olib chiqish menga ko‘proq yoqadi. Nega deyishingiz mumkin, aytib o‘taman, chunki bu qiyinroq va albatta murakkab narsa qiziqroq va samaraliroq bo‘ladi deb hisoblayman.

– O‘zingiz esda qolarli obraz yaratdim deb o‘ylaysizmi?

– Bilmadim, o‘ylashimcha hozircha yo‘q. Lekin shunday rol bo‘lsa va men uni ijro etsam degan fikrga keldim.

– Ijro etayotgan rollaringiz hayotingizga qanday ta’sir etadi?

– Ijro etayotgan rollarim hayotimga ta’sir etmaydi. Chunki hayotim va ijro etayotgan rollarim chalkashib ketishiga yo‘l qo‘ymayman. Rol ijro etayotganda butun vujudi bilan qahramonimning hayotiga sho‘ng‘ishga harakat qilaman. Lekin mana shunday sho‘ng‘ishdan so‘ng qaytib chiqishni ham bilish kerak. Avvalambor rolga berilib, kirib ketishning o‘zi bo‘lmaydi, chunki ssenariyga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Ba’zan ssenariy shu darajada sayoz bo‘ladi, “sho‘ng‘ishingiz bilan yuzingiz yerga tegib qoladi”. Bazida esa shunaqa asarlar keladi-ki, sho‘ng‘iganingiz sari tegiga yeta olmaysiz. Agar siz ijro etayotgan rolingizni javobini topa olsangiz, chiqib ketish yo‘lini bilsangiz oson deb o‘ylayman. Lekin asarga ham bog‘liq. Chunki men shunaqa xarakterli insonmanki, haqiqatni tagiga yetmagunimcha chiqib ketmayman. Yechimini topishim bilan roldan oson chiqaman. Men ko‘proq perfeksionistman. Lekin menga hali beri juda murakkab, chiqib keta olmaydigan asarlar uchramadi.

– Rejissorlar bilan ishlashda nimalarga e’tibor berasiz? O‘zingiz yaxshi ko‘rib ishlaydigan rejissyoringiz bormi?

– Ha, albatta bor. Sanjar aka Matkarimov, ularni juda hurmat qilaman va mazza qilib ishlayman. Chunki bu inson bilan men ilk klipdagi rolimdan buyon tanishman va hozirgacha ish faoliyatimizni birgalikda davom etirramiz va bundan keyin ham shunday bo‘ladi deb o‘ylayman. Kinodagi faoliyatimda mazza qilib ishlagan rejissorim “Poyga” filmidagi Abduvohid aka G‘aniyev.

– Kinodagi partnyorlar bilan ish jarayoni qanday kechadi? Bir-biringizni tez tushunasizmi?

– Men iloji boricha tez tushunishga harakat kilaman. Chunki suratga olish maydonchasida prinsiplarsiz ishlayman. Garchi u yerda men yoqtirmagan insonim bilan ishlashim kerak bo‘lsa ham, hech narsaga qaramay, faqat olayotgan mahsulotimizning sifatiga ahamiyat beraman. Partnyorlar bilan iloji boricha bir birimizni tushunib, bitta oqimda xarakatlanishga intilamiz. Menda partnyorlarim bilan hech qachon qiyinchilik bo‘lmagan, asosiysi, insonni tushuna olish kerak, shunda hamma ish rivojini topadi.

– O‘zingiz ijro etgan rollardan eng omadlisi deb qaysi birini hisoblaysiz? Esingizda muhrlanib qolgan film?

– O‘zim suratga tushgan filmlarning barchasi yodimda qoladi. Chunki barchasi qiyinchiliklar bilan amalga oshadi. Eng omadli filmim haqida nimadir deya olmayman. Chunki o‘zimga o‘zim baho bera olmayman. Omadli rollarim esa ko‘p, lekin asosan kliplarda deb o‘ylayman.

– Sizning ijodingizni tanqid qiluvchi inson kim?

– Ijodimni tanqid qiladigan inson birinchi o‘rinda mening onam va xolam. Ular hamisha mening yonimda, foydamni ko‘zlab maslahatlarini ayashmaydi. Kamchiliklarimni ham onam bilan xolam ko‘rsatishadi.

– Aktyorlik sohasi haqida oldin qanday fikirda edingiz? Hozir-chi? Fikrlar o‘zgardimi?

– Yoshligimda tansoqchi bo‘lgim kelar edi. Qahramon bo‘lgim kelgandir, balki. Har bir bolaning orzusi bo‘lsa kerak. Men o‘zi yoshligimdan qahramon bo‘lishga intilganman. Masalan yoshlikni eslaydigan bo‘lsak, uyimizning oldidan suv oqardi, u yerda hamma cho‘milar edi. Bolalarning qo‘lidan narsalari tushib ketgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Bir kuni bir qizchaning futbolkasi tushib ketgan, uning yig‘lashini ko‘rib, suvga sho‘ng‘iganman va futbolkasini olib chiqqanman. Vaholanki, shu voqeadan bir hafta oldin aynan mana shu yerda qo‘shnimiz bilan noxush voqea sodir bo‘lgan edi. Vaqtida o‘t o‘chiruvchi ham, shifokor ham bo‘lgim kelgan. Lekin o‘ta sabrsiz bo‘lganman, qachon shunday vaziyat bo‘larkin, qahramonlik ko‘rsatarkinman deb o‘tira olmaganman. O‘ylab qarasam, bularning barchasini aktyorlik orqali amalga oshirishim mumkin ekan.

– Buyuk aktyor Valentin Gaft: “Aktyor – bu hech narsa qo‘lidan kelmaydigan odam” degan fikr bildirgan ekan. Bu haqda fikringiz?

– Institutimizda shunday vaziyat bo‘lgan. Ustozimiz bizga vazifa bergan. Biz u vazifani o‘zimizcha bajarganmiz. Xuddi hamma narsani biladigandek tutganmiz o‘zimizni. Ularga esa bu narsa yoqmagan. Ustozimiz bizga doim, aktyor bo‘lish uchun inson o‘z hayotidagi narsalarni unutib, oq qog‘oz kabi kirib kelishi kerak der edilar. O‘ziga kerak obrazni rejissor yaratib oladi. Balki mana shu narsani nazarda tutib gapirgan bo‘lsa kerak.

– Barcha rollarni ijro eta olaman deb hisoblaysizmi yoki o‘zingizning yo‘nalishingiz bormi?

– Yo‘q, barcha rollarni ijro etmayman. Men tanlayman. Ssenariyga qarayman. Men salbiy rollarni ijro etmayman. Gonorarga ham qarayman, ijodiy jamoaga ham qarayman. Menga to‘g‘ri kelsa ijro etaman.

Gonorar
Ilk gonorarimni davlat filmida ijro etgan rolim uchun olganman. Filmning nomi “Yozsiz yil” bo‘lib, unda adashmasam 780 000 so‘m atrofida pul to‘lashgan. Hozirgi kunda katta gonorar so‘rashim haqiqat. Mening fikrim jiddiy ish bo‘lsa, filmning yuki bo‘lsa, unga ajratilgan mablag‘ ham katta bo‘ladi. Yuki bor filmlarga odatda yaxshi jamoa taklif qilinadi. Lekin zo‘r ssenariy, mukammal jamoa yig‘ilgan bo‘lsa-yu, gonorar uncha katta bo‘lmasa ham rolni qabul qilishim mumkin.

– Nega ba’zi aktyorlar ishsiz qolib, keraksiz bo‘lib qolishmoqda? Axir ular ham oliygohga kirayotganda iqtidorlilar qatorida qabul qilingan. Demak iqtidorning o‘zi kamlik qilar ekanda?

– “San’at – igna bilan quduq qazish bilan barobar” deb ustozlarimiz ko‘p bora ta’kidlashar edi. Bu o‘ta katta sabr va matonatni talab etadi. Iqtidorli insonlar bor, lekin sabr bo‘lmasligi mumkin. Hamma narsa sabrga bog‘liq bo‘lib qoladi ko‘p hollarda. Va albatta omadga ham bog‘liq bo‘ladi. Men aynan shuning uchun deb o‘ylayman.

– Mashhur bo‘lish uchun tashqi ko‘rinish qanchalik muhim?

– Yana oliygohdagi paytlarga qaytaman, biz o‘qishga topshirgan yillarimiz, bizdan oldin ham albatta, hamma narsaga e’tibor qaratilar edi. Bo‘yning o‘zi kamida 177 sm bo‘lish kerak edi. Lekin hozir bu narsalarga qaralayotgani yo‘q. Mening fikrimcha, aktyor bu namuna. Uni ko‘rib odamlar o‘xshagisi keladi, taqlid qiladi. Baribir tashqi ko‘rinishga e’tibor bo‘lish kerak.

– Maqtov yoqadimi? Yulduzlik kasali haqida nima deya olasiz?

– Maqtov hammaga yoqadi. Lekin men maqtovlardan uzoqroq bo‘lishga harakat qilaman. Chunki maqtovni eshitgan sari insonda kibr paydo bo‘lishi mumkin. Yulduzlik kasali esa bu noto‘g‘ri narsa deb o‘ylayman. Har bir san’atkor, xoh u qo‘shiqchi, xoh aktyor bo‘lsin, barchamiz xalqqa xizmat qilish qilishimiz, ularga o‘rnak bo‘lishimiz kerak.

– Aktyorlikning o‘ziga xos xursandchiligini nimada deb bilasiz?

– O‘z hayotimdan kelib chiqqan holda gapirib beraman. Aktyorlarning asosiy vazifasi insonlarni qalbini davolash deb bilaman. Va asosiy xursandchilik mana shunda. Muxlislaringiz sizni ko‘rganda ijro etgan rollaringizni birma bir gapirib berib, yana bilasizmi shu joyini deb qo‘yishadi (kuladi) vaholanki u rolni o‘zingiz ijro etgansiz. Bir biri bilan gaplashmayotgan insonlar ham sizni ko‘rganda bir mavzuda gaplashib ginalarni unutadi. Buni ko‘rganda esa ich ichimdan quvonaman. Meni xursandchiligim mana shunda deb bilaman.

Gul do‘koni
Odamlarni xursand qilishni yaxshi ko‘raman. Ularning yuziga tabassum yugurganini ko‘rsam, o‘z-o‘zidan qalbim quvonchga to‘ladi. Quvonib ketaman. Aynan shu sabab gul do‘koni ochishga qaror qilgan bo‘lsam kerak. Axir, inson yaxshi kunida, xursandchilikda, bayramu to‘y-tomoshalarida albatta gul xarid qiladi. Bu biznesimga bor mehrimni berib, juda sinchkovlik bilan yondoshganman. Bu bizning oilaviy biznes. Unga mehrim bo‘lakcha.

– Hayotda o‘zingizni cheklaydigan narsalar bormi? Nimalardan o‘zingizni cheklaysiz?

– Harom narsalardan, bekor yurishlardan, kayf-safodan o‘zimni yiroq tutaman.

– Taqdirga ishonasizmi? Hayotingiz o‘zingiz xohlaganday kechmoqdami yoki kandaydir kamchiliklar bormi?

– Taqdir bu juda ham katta jumboq. Odam Ato dunyoga kelishidan 50 ming yil oldin taqdiri yozilib bitilgan ekan degan gaplar bor. Ba’zi bir insonlar taqirim shunday ekanda, demak shunday yashab o‘taman deb o‘ylashadi. Ammo Alloh hammaga turli xil yo‘llar bilan taqdirni bergan bo‘lar ekan. Qaysi yo‘lni tanlash esa odamning o‘ziga bog‘liq bo‘lar ekan. Taqdirga ishonaman. Hozirgi yashab o‘tayotgan yo‘limni noto‘g‘ri deb ayta olmayman. Bu mening uchun sinov deb qabul qilaman.

– Hayotingiz mazmuni?

– Hayotimning mazmunlari hozir katta bo‘lishmoqda. (yuzida tabbasum bilan) Bu mening 2 nafar farzandlarim. Garchan ularni kam ko‘rsam ham ularni juda yaxshi ko‘raman.

Farzandlarim bilan munosabatim
Farzandlarim mening baxtim. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon inkor qila olmaydi. Ularni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman. Ular dunyoga kelgan paytda men uyda bo‘lganman. Ular va onasining sog‘lig‘i uchun juda ham havotirda edim. Xudoga shukur, sog‘-omon dunyoga kelishgan. Ular bilan kam uchrashishim ham haqiqat. Bunga sabab – har bir ayrilishimiz psixologik jihatdan juda og‘ir kechadi. Ular xali juda yosh va har ketishimni bir umrlik deb qabul qilishadi. Ularning hayotini tashqaridan bo‘lsa ham kuzatib boraman. Umid qilaman-ki, katta bo‘lishgach meni tushunishadi va qabul qilishadi.

– Do‘stingiz bormi? O‘zingizga yaqin deb kimni bilasiz?

– Do‘stlarim ko‘p. Ijodkorlar orasidan ham yetarlicha, asosan lekin ko‘chadan. Yaqin do‘stlarim yana onam va xolam deb bilaman.

– Ayol kishi bilan erkak kishi o‘rtasida sizningcha do‘stlik bo‘ladimi?

– Menimcha bu qiyin masala. Agar ayol ham, erkak ham juda kuchli xarakterga ega bo‘lmasa, buning umuman ioji yo‘q desa ham bo‘ladi. Erkak kishida his-tuyg‘u degan narsalar kuchli. Shu sabali, fikrimcha yo‘q, erkak va ayol o‘rtasida do‘stlik bo‘lmaydi. O‘zimning ham ayol do‘stlarim yo‘q.

– Nimanidir qila olmaganingiz kabi tuyg‘ular bormi? Nimadan afsuslanasiz?

– Bo‘lgan shunaqa narsalar ham. Lekin hamma ishga salovat deb, afsuslanmayman. O‘tib ketgan ishga siqilib, afsuslanish noto‘g‘ri deb o‘ylayman.

– Siz bilan ishlash osonmi?

– Agarda u inson mendan anchagina aqlli va ko‘p narsani biladigan bo‘lsa ishlash oson bo‘ladi. Lekin aksi bo‘lib, men aqlliroq bo‘lsam, men bilan ishlash qiyinroq bo‘ladi, chunki aql o‘rgatadigan odatim bor, bilgan narsam bo‘lsa tortishaman va o‘zimnikini ma’qullayman.

– Hayotda nimadan ko‘proq charchaysiz?

– Hayotda eng ko‘p o‘zimdan charchayman. Chunki ko‘p o‘ylanaman va javobini topmagunimcha o‘ylayverib charchab ketaman. Shu kamroq o‘ylab, bu narsalarga oddiyroq qarasam bo‘lmasmikan deb ham o‘ylab qolaman.

“Finalgon” voqeasi
Bir kuni hammomdan chiqsam, televizorda bir yigit dushdan chiqib, krem surayotgani haqida rolik bo‘layotgan ekan. Havasim kelib, qo‘limga tushgan bir kremni surtdim, kamiga jiyanimga ham maslahat beribman. Bir mahal ikkalovimizning ham qo‘llarimiz yona boshladi. Sovuq suvning tagida har qancha ushlamaylik foydasi bo‘lmadi. Onam Nivea nomli kremni surib qo‘yganlaridan so‘ng biroz tinchlangandik. Keyin bilsam «Finalgon» surgan ekanmiz.

– Kayfiyatingizni nima ko‘tara oladi?

– Kayfiyatimni pozitiv insonlar, xushxabar kabi narsalar ko‘tara oladi. Tushkunlik holati menda ko‘p bo‘lmaydi.



Manba:daryo.uz
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 6967 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Yigitali Mamajonov
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 16:13
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное