Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » DUNYO va JAXON XABARLARI

12 ming kishini o‘ldirgan tuman. Atrof-muhitga nisbatan munosabatni o‘zgartirishga majbur qilgan “Buyuk smog” haqida

Tez-tez quyuq tumanlar ichida qoladigan Britaniya orolining qadimdan saqlanib qolgan yana bir nomi bor — Tumanli Albion. Tumanlar britaniyaliklar hayotining ajralmas qismiga aylangan, deyish mumkin. Ammo orol tarixida shunday tumanlar ham bo‘lganki, uning natijasida minglab insonlar hayotdan ko‘z yumgan. Bugun ularning eng dahshatlisi, tarixga “Buyuk smog” nomi bilan kirgan halokatli tuman haqida hikoya qilamiz.

Smog o‘zi nima?

“Smog” atamasini birinchi bor ingliz doktori Henri Antuan de Vo 1905-yili chop etilgan “Tuman va tutun” maqolasida ishlatadi. Muallif o‘z maqolasida tutun (inglizcha — smoke) va tuman (inglizcha — fog) so‘zlarini birlashtirib, smog atamasini qo‘llaydi. Oddiy qilib aytganda smog bu — atmosferaga ko‘tarilgan sanoat chiqindi moddalarining havo bilan birlashib, uni ifloslantirish jarayonidir (kimyogarlar buni fotokimyoviy reaksiya deb ataydi).

Smog ifloslanish yuqori bo‘lgan shaharlarda, sanoat markazlarida, yonilg‘i va yoqilg‘i mahsulotlari ko‘p ishlatiluvchi joylarda yuzaga keladi. Smogning bir joyda to‘planib qolishiga issiq havo sharoiti va shamol aylanishining kamligi sabab bo‘ladi. Tog‘ va tepaliklar yon bag‘irlaridagi hududlarda ko‘pincha shamol yo‘li to‘silgani sabab ham iflos havo bir joyda to‘planib qoladi.

1952-yilgi “Buyuk smog” davrida London.

Foto: BigPicture

Odatdagi tumandan farqli ravishda smog inson hayoti uchun o‘ta zararli hisoblanadi. Chunki smog tarkibida sanoat chiqindisining zaharli elementlari (azot dioksidi, nitrat, ftor va boshqalar) mavjud. Smog nafas olish qiyinlashishi, uyqusizlik, bosh og‘rig‘i va yo‘talni keltirib chiqaradi. Tutunli tuman paytida ko‘z va burun shilliq qavatlari yallig‘lanishi, immunitet pasayish holatlari ham kuzatiladi.

Bugungi kunga qadar yirik smoglar Moskva, Sankt-Peterburg, Olmaota, Los-Anjelas, Mexiko, Tehron va London shaharlarida kuzatilgan. 1952-yil Londonda yuz bergan smog boshqalaridan quyuqligi, uzoq vaqt davom etgani va minglab o‘limlarga sabab bo‘lgani bilan ajralib turadi. Yuqoridagi omilar sabab London smogi tarixga “Buyuk smog” nomi bilan kirgan.

London “no‘xat sho‘rvalari”

Londonliklar uchun quyuq tutunli tuman aslida yangilik emas edi. Tumanli Albion yuragida XIII asrdanoq havoning tutun bilan ifloslanishi muammosi paydo bo‘lgan. Bunga asosiy sabab shaharda yoqiluvchi past sifatli ko‘mir tutuni edi (ko‘mirning sifatlisi eksport qilinardi) . Qirol Eduard I 1306-yildayoq shaharda ko‘mir yoqishni qisman taqiqlovchi qaror chiqaradi. Ammo bu qaror ham, keyinchalik qirol Yakov VI qabul qilgan yangi qaror ham vaziyatni o‘zgartira olmaydi.

Aksincha, XVIII asrga kelib, sanoat rivojlanishi natijasida ahvol yanada og‘irlashadi. London ustida tez-tez paydo bo‘luvchi tuman kimyoviy moddalar (xususan, oltingugurt) sabab sariq rangli va ancha quyuq bo‘la boshlaydi — shu vaqtdan boshlab bunday tumanlarni “no‘xat sho‘rva” (“pea-souper”) deb atash boshlanadi, boisi bunday tumanlar no‘xat sho‘rva kabi sariq va quyuq edi. XIX asrda “no‘xat sho‘rva”lar Londonning o‘ziga xos belgisiga aylanadi. Ingliz yozuvchilari Charlz Dikkenz va Artur Konan Doylning asarlarida ham Londonning “no‘xat sho‘rva”li davrlarini ko‘rish mumkin.

Sanoatdan kelayotgan daromad va u yaratayotgan ish o‘rinlari sabab tutunli tumanlarga qarshi  keskin tadbirlar amalga oshirilmaydi. Bu esa minglab insonlar o‘limiga olib keladi — londonliklarning qabrtoshlariga XIX asrdayoq “tutundan vafot etdi” qabilida yozuvlar yozila boshlagandi.

“Buyuk smog”

1952-yil 5-dekabr. Londonliklar erta tongda uyg‘onib, musaffo osmonni ko‘radi. Barcha o‘z ishiga shoshila boshlaydi. Bir necha haftadan beri davom etayotgan qattiq sovuq londonliklar uylarini ancha sovutgandi. Sovib qolgan uy va fabrikalarni isitish uchun ko‘mir yoqish boshlanadi. Mo‘rilardan chiqayotgan past sifatli ko‘mir tutuniga avtomobil va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi avtobus tutuni ham qo‘shiladi. Bir necha soat ichida Londonni sarg‘ish tutun qoplab oladi. Albatta bunday smog London aholisi uchun yangilik emas edi, biroq bu safar tuman ancha quyuqlashadi.

Antisiklon natijasida yuqori havo bosimi Angliya janubida turib qoladi va bu havo haroratining o‘zgarishiga olib keladi. Sovuq havo issiq havodan yuqoriroqda turib qoladi hamda shahar yuzini havo tomchilariga qo‘shilgan zaharli moddalar tutuni egallaydi. Haroratning o‘zgarishi oltingugurtli ko‘mir tutunining atmosferaga ko‘tarilib ketishiga yo‘l bermaydi, chunki tutunni uchirib olib ketuvchi shamol pastda yo‘q edi. Zaharli smog London osmonining pastida, shahar yuzida turib qoladi. Natijada tarixdagi eng dahshatli va ifloslangan tuman paydo bo‘ladi.

Tuman shu qadar quyuqlashadiki, shaharning ba’zi qismlarida odamlar yurish paytida o‘z oyoqlarini ko‘rmay qoladi. Besh kun davom etgan smog shahar infratuzilmasini falaj qilib qo‘yadi. Metrodan boshqa barcha transport faoliyati ishdan chiqadi. Poyezdlar va Temzadagi qayiqlar harakati to‘xtatiladi, parvozlar bekor qilinadi. Hukumat ota-onalardan farzandlarini maktabga yubormasdan uyda olib qolishi so‘raydi. Jinoyatchilik darajasi oshadi. Shahardagi chorva mollari esa yoppasiga bo‘g‘ilib o‘la boshlaydi. Ko‘chadan qaytgan odamlarning yuz va qo‘llari ko‘mirchilarnikidek qop-qora bo‘lib qoladi.

“Buyuk smog” qanday oqibatlarga olib keldi?

Ahvol 9-dekabrga kelibgina — g‘arbdan esgan shamol oltingugurtli smogni London osmonidan Shimoliy dengiz tomon olib ketgach, o‘nglana boshlaydi. Smoglar odatiy hol bo‘lgani sabab aksariyat londonliklar bu safargi smog ayanchli oqibatlar keltirib chiqarganini dastlab tasavvur ham qilmagan. Bir necha haftadan so‘ng e’lon qilingan raqamlar esa jamoatchilikni dahshatga solgan, yuz bergan voqea shunchaki tutunli tuman emas, balki “Buyuk smog” ekanini ko‘rsatgan.

“Buyuk smog”.

Foto: The Conversation

Uinston Cherchil hukumati avvaliga ma’lumotlarni yashirishga uringan. Ammo, “kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” deganlaridek, Londonda marhumlarning tobuti ustiga qo‘yish uchun gul va tobutlar qolmagach, rasmiylar oxir-oqibat “Buyuk smog”ga doir axborot va raqamlarni oshkor qilishga majbur bo‘ladi.

Hukumat e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, “Buyuk smog” davrida London atmosferasiga ming tonna tutun zarralari, ikki ming tonna karbonat angidrid, 140 tonna xlorid va 14 tonna ftor moddalari ko‘tarilgan. Tutunli tuman tarkibida 370 tonna oltingugurt dioksidi va 800 tonna sulfat kislota mavjud bo‘lgani aniqlangan.

“Buyuk smog”.

Foto: BigPicture

Hukumat hisobotida “Buyuk smog” oqibatida 4 ming kishi hayotdan ko‘z yumgani aytiladi. 1953-yil fevral oyida Britaniya parlamentining Jamoalar palatasi qurbonlar soni aslida ko‘proqligi, “Buyuk smog”dan keyingi hafta va oy davomida yana 8 ming kishi vafot etganini e’lon qiladi. Umumiy hisobda “Buyuk smog” 12 ming kishining umirga zomin bo‘ladi, 25 ming inson kasallik ta’tiliga chiqishga majbur bo‘ladi. Chorva mollari bilan bog‘liq talafot esa hisoblab chiqilmaydi.

“Buyuk smog” barchani sergak torttiradi. Bu shafqatsiz saboq havo ifloslanishi haqidadagi fikrlarning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Sanoatda yangi ekologik standartlar qabul qilina boshlanadi. Buyuk Britaniya hukumati ko‘mir o‘rniga gaz va elektrdan foydalanishni joriy qiladi. Oradan 4 yil o‘tib, ekologiya tarixidagi muhim qonun — shaharlarda ko‘mir yoqishni cheklab, sanoat korxonalarni shaharlardan uzoqlashtirgan “Toza havo to‘g‘risidagi qonun” qabul qilinadi.

Shunga qaramay, insoniyat keyinchalik yana bir necha halokatli smoglarni boshdan o‘tkazdi. Ammo ularning hech biri “Buyuk smog” darajasida dahshatli bo‘lmadi.



Категория: DUNYO va JAXON XABARLARI
Просмотров: 1213 | Рейтинг: 0| Рейтинг: munosabatni, ming, o‘zgartirishga, Atrof-muhitga, qilgan, majbur, o‘ldirgan, tuman, “Buyuk smog”, nisbatan, 12, kishini, haqida
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 09:23
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное