Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Bolalarning Qorboboga ishonishi foydali (mi?)


Bolaligingizda yangi yilni va mo‘jizalarni qanday orziqib kutganingiz yodingizdami? Bunday ijobiy tajriba farzandingiz uchun ham muhim. Bolalarda Qorboboning mavjudligiga ishonch bo‘lishi nima uchun foydali ekani haqida psixologlar quyidagicha fikrda.

Ijobiy namuna

Qorbobo – eng ijobiy ertak qahramonlaridan biri. U mehribon, kuchli, dono, saxiy va adolatli. Jamoa bo‘lib yaxshi ishlaydigan yordamchilari ko‘p, ular doim yordamga shay, turli mamlakatlardagi bolalarga sovg‘alarni yetkazishga tayyor. Bola ertaklar orqali dunyoni idrok qila boshlaganida bunday personaj taqlid qilish uchun yaxshi namuna bo‘la oladi. U mehribon, bag‘rikeng bo‘lishga, borini yaqinlari va do‘stlari bilan bo‘lishishga o‘rgatadi. Qorboboning ishlari bolaga ijobiy xarakter xususiyatlariga ega bo‘lish qanchalik muhimligini anglatadi.

Sabrni tarbiyalaydi

Qorboboga ishonish sabrni tarbiyalaydi: axir, yangi yil bayrami yilda bir marta bo‘ladi, qorbobo bilan uchrashuvni esa sabr bilan kutish kerak. Bu holatda sabr nafaqat kutish, balki bayram kayfiyati va yorqin voqealar bilan birga kechadi. O‘zini ijobiy holatga sozlash – bolaning hissiy rivojlanishi mutanosib kechishiga yordam beradi.

O‘z hislari va ehtiyojlarini aytishga o‘rgatadi

Ko‘pchilik oilalarda bir Yangi yil an’anasi – qorboboga xat yozish odati bor. Har bir bolakay qandaydir sovg‘a haqida orzu qiladi, ammo uyalish, o‘ziga ishonmaslik, tushunmasliklaridan qo‘rqish yoki istagini ochiq aytish mumkinligini bilmaslik tufayli gapirmaydilar. Ertak qahramoniga murojaat esa ota-onalarning farzandidagi istak va ehtiyojlarini yaxshiroq bilib olishga yordam beradi. Shuningdek, xatda bolalar o‘zlarining ijobiy jihatlari haqida yozadi, bu o‘zining xulq-atvori va xatti-harakatlarini mustaqil baholash hamda o‘tgan yil sarhisobini qilishga o‘rgatadi.

G‘amxo‘rlik qilish imkonini beradi

Yangi yilda nafaqat bolalarga, balki atrofdagi hammaga sovg‘alar ulashiladi. Bola Qorbobodan nafaqat o‘zi, balki boshqa oila a’zolari uchun ham sovg‘a so‘rab, ularga nisbatan gamxo‘rligini namoyon qilishi mumkin. Bunday intilishlarni rag‘batlantirish va rivojlantirish kerak. Qutini ochib, ichidagi istagan narsangizni ko‘rgach: “Qanday yaxshi, men uchun ham sovg‘a so‘rabsan! Buni anchadan beri xohlab yurgandim!” deb ayting.
Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rar ekansiz, bolaning siz bilan birgalikda yoki akasi, opasi, bobo-buvisi uchun sovg‘alar tayyorlashini uyushtirish lozim. Bu istalgan narsa bo‘lishi mumkin: shirinlik, applikatsiyalar yoki she’r. Birgalikda tayyorgarlik ko‘rish sizni nafaqat farzandingizga yaqinlashtiradi, balki mo‘jizalar amalga oshirishda uning ham ishtiroki borligi hissini, boshqalarni xursand qilish imkoniyati orqali baxt tuyg‘usini tuhfa etadi.

Hafsala pir bo‘lganida yordam beradi

Har doim ham bola Yangi yilda istagan sovg‘asini ololmaydi. Bundan bolaning hafsalasi pir bo‘lishi aniq. Ammo bu paytda mehribon Qorbobo yordamga keladi. U yomon ob-havo tufayli sovg‘alarni yetkaza olmaganini yozib yuborishi mumkin. Bolaga istagan narsasini tug‘ilgan kuni yoki boshqa bir bayramda sovg‘a qilolsangiz, Qorbobo bu haqida maktubida eslatib o‘tsin va so‘zida tursin.

Tasavvurni rivojlantiradi

Qorbobo – faqatgina xursandchilik tuhfa etadigan bayram ramzi. Esga oling: mandarinlar hidi, chiroqchalar nuri, uzoq kutilgan sovg‘alar, ko‘ngilxushliklar, kechgacha uxlash imkoniyati… Bu xotiralar butun umrga yodda qoladi va iliqlik bag‘ishlaydi. Asosiy qishki qahramon tufayli bola orzu qilishga, mo‘jizalarga ishonishga, istaklari amalga oshishiga o‘rganadi. Bundan tashqari, Qorboboga ishonish bola fantaziyasini rivojlantiradi. Bunday ijobiy holatlar afsuski kattalar hayotida yo‘q.

Bolaning Qorboboga ishonichini suiste’mol qilmang. Qorbobo boladan xafa bo‘lgani va yomon qiliqlari uchun kelmaslikka qaror qilgani haqidagi hikoyalar bilan uni qo‘rqitmang. Bu personaj bola uchun har doim bayram va quvonch hissi bilan yodda qolsin.

Ota-onalarga maslahatlar

Bolaning yangi yil sovg‘asi borasidagi injiqliklari va xafagarchiliklaridan qochish uchun:

1. Bolaga Qorboboga xat yozishda yordam bering va sezdirmasdan istak va iltimoslarini imkoniyatlaringizga moslang.
2. Imkoniyatlaringizga mos sovg‘alarning tayyor ro‘yxatini taklif qiling.
3. Hamma bolalar sovg‘a xohlashini, agar har biri qimmat narsa so‘rasa, Qorboboning sovg‘alari yetmay qolishini tushuntiring.

Bola o‘zining ajralib qolganini his qilmasligi uchun bular muhim. Ushbu kecha faqat ijobiy xotira qoldirsin. Axir, bolalikdagi xotiralar bizda baxt hissini shakllantiradi.



Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 2069 | Рейтинг: 0| Рейтинг: ishonishi, Bolalar, Qorbobo, foydali
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:39
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное