Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

Erim Ishqiy munosabatlarini so‘zlab beradi...

« – Turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizga ko‘ngil qo‘yib, ahdlashib oila qurdik. Birin-ketin o‘g‘il va qizli bo‘ldik. Erim ayrim erkaklar kabi urmaydi, so‘kmaydi, ortiqcha tergamaydi. Ro‘zg‘orni bekamu-ko‘st qiladi, hech qanday taqiq, cheklovlar yo‘q. Faqat... faqat ayollar bilan yurishini aytmasa... Ilgari ham qizlarga suyagi yo‘q edi-yu, turmush qursak, o‘tib ketar degandim. Adashgan ekanman.
Xo‘jaynim shifokor-ginekolog. O‘z ishining malakali mutaxassisi. Uning qabuliga bir necha oy avval yozilishadi. Gohida tong yorishmasidan yoki tun yarmida qo‘ng‘iroq qilib, ishga chaqirishadi. Shifokor-ku, deb tushunishga harakat qilaman. Bir kuni «tungi qo‘ng‘iroq»laru «navbatchilik»larining sababini bilib qoldim.
— Telefon qilgan ayol namuncha suzilmasa? – dedim.
U bo‘lsa bamaylixotir: «Men bemorlarim bilan shunday so‘zlashaman»  dedi-yu, chiqib ketdi.
Yo‘q, men o‘ziga befarq ayollardan emasman. Hamisha o‘zimga oro berib yuraman, so‘nggi urfdagi liboslarni xarid qilaman. Juftimning ko‘nglini olish uchun romantik oqshomlar uyushtiraman. Bunaqa ishlar qo‘limdan keladi.
Xullas, erimning «xurmacha» qiliqlari kundan-kun ko‘payib boraverdi. Endi u ochiqchasiga yuradigan bo‘ldi. Alam qilgani, qabuliga kelgan tanish ayollarning xushomadiyu, kim bilan tushlik qilgani, qaerda uchrashganigacha aytadigan odat chiqardi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, yolg‘iz qolganimizda ham ishqiy munosabatlarini hikoya qilardi. Ma’shuqalari to‘g‘risida «doston»lar yotoqxonamizgacha kirdi. «L.ning qomati juda chiroyli, qoyil qolaman», «N. ning oyoqlari uzun, seniki o‘rtacha, to‘g‘rimi?».
 «Dod» dedim bir kun. Yetar, bas! Axir men ham ayolman, jufti halolingizman! Nega meni xo‘rlaysiz? Shu ikki norasida haqqi, xiyonatlaringizga ko‘z yumayapman», dedim chidolmay. U bo‘lsa, erlik, otalik vazifalarini bekamu-ko‘st bajarayotganini aytdi-yu, kuyib pishganimni parvoyiga ham keltirmadi.
Bir safar qaynonamga aytgandim, «Hadeb tergayvermang, insofga kelib qolar» dedi, ammo o‘g‘lini tartibga chaqirdimi-yo‘qmi bilmayman. Aka-ukalariga aytishga esa betim chidamaydi. Ochiq-oydin, ko‘rsatib, aytib yurishlari ich-ichimni kuydiradi. Jizg‘anak qiladiki, yonib kul bo‘layapman. Menga bilintirmay yursa ham mayliga edi, shunchalik yonmasdim, o‘z yog‘imda qovrulmasdim. Lekin nega shunday qilishini tushunolmayman. Er-xotinlik munosabatlarimizda sira muammo bo‘lmagan. Doim ko‘ngliga qarayman. Nega meni ma’shuqalari bilan taqqoslaydi, o‘xshashlik izlaydi, bilmayman. Maslahat bering...»
Ismi sir tutildi.
 
Tahririyatga qo‘ng‘iroq qilgan mushtariymizning hayotini tinglab, muammo kimda yoki nimada ekanligiga qiziqdik. To‘qlikka sho‘xlikmi bu? Yoxud hamma gap xarakterdami? Nega ayrim erkaklar «sayoq yurish»larini namoyish etishni istashadi? Obro‘ topib, martabalari oshib qolarmikan yo? Ehtimol bu biror ojizlik belgisidir... Muammoga oydinlik kiritish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik.
 
«ERKAKNING MUAMMOSI BOR!»
Dilmurod ERGAShEV, androlog-seksopatolog:
— Murojaatda tilga olingan erkak yuqori temperamentli va ehtiroslarga beriluvchan. Bu holat ayni dam yuzaga kelgan emas. Balki bolalikdan mavjud bo‘lgan. «Qahramon»imiz voyaga yetgan oilada qiz farzand yo‘q, menimcha. Kichikligidan qarama-qarshi jins vakilalari e’tiborini qozonishni yoqtirgan. Biroq hamisha ham istagi amalga oshavermagan. Ko‘p bor rad etilgan. Balki mazax qilib, tuyg‘ularini kamsitishgandir. Shuning uchun ham unda alamzadalik, ayollar diqqatini jalb qilish, so‘ng bu ishni oshkora namoyish etish hissi mavjud. Ya’ni o‘smirlikda yuzaga kelgan kompleksni bugun pala-partish aloqalar bilan yo‘qotishga urinayapti. Aslida, uning muammosi ham shu. Qilayotgan ishini idrok etolmaydi. Qancha ko‘p ayol bilan «aloqa» qilsa, xayolida chizilgan «marra»ga yaqinlashayotgandek tuyuladi. Ongida ana shu holat mahkam o‘rnashib qolgan. Bu vaziyatda erkakni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish yoki oiladagi erlik, otalik vazifalarini pesh qilishdan foyda yo‘q. Bu narsalar uni o‘ylantirmaydi. U o‘zining ishqiy «hikoya»larini so‘zlab, shu tariqa «ochko» to‘playdi. Mutaxassis sifatida erkak bilan yuzma-yuz suhbatlashishni taklif qilaman. Shundagina uni qiynayotgan muammoni bilish mumkin.
Xo‘sh, endi juftini tushuna olmayotgan ayolga yuzlansak. Turmush o‘rtog‘ingiz sizdan «foydalanadi». Farzandlaringiz, oilangizni o‘ylab, uni tashlab ketmasligingizni biladi. Har qanday holatda ham kechirishingizga ishongani uchun ko‘ngli tusagan ishni qilayapti. Ayol har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, ammo er-xotinlik munosabatlarida boshqa ayollar bilan taqqoslashlariga toqat qilolmaydi. Maslahatim:
  • Eringiz toifasidagi erkaklar bilan bepisandlik ohangida so‘zlashish, ishqiy «doston»larini go‘yo eshitmayotganga olish yoki «shunga shunchami» qabilida munosabat bildirish lozim;
  • Unga bo‘lgan hislaringizni yashiring. Sevgi izhorlari, uning uchun ko‘z yosh to‘kishlaringizni ko‘rmasin, aslo!
  • O‘zingizni qo‘lga oling! Uddalasangiz rashkini qo‘zg‘ating! Ammo achchiqni achchiq kesadi tarzida ish ko‘rmang! Ya’ni u kabi yo‘l tutishni xayolingizga ham keltirmang. Shunchaki, bir muddat o‘zgaring, tamoman o‘zgaring. E’tiboringizdan qolayotganini sezishi bilan ishonchingizni qozonishga harakat qiladi.
 
«AYoL EKANLIGINGIZNI UNUTGANSIZ!»
Go‘zal RO‘ZMATOVA, ruhshunos:
— Oilali bo‘lgach, ayolda yangi hayotga moslashish jarayoni boshlanadi. U istar-istamas rafiqa+ona, rafiqa+singil yoki rafiqa+do‘st rollariga ixtiyor beradi. To‘g‘ri, bu jarayon dabdurustdan boshlanmaydi. Yillar davomida o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Murojaat qilgan singlimizning so‘zlariga qaraganda, uning oiladagi roli ko‘proq ona va do‘st obrazlariga mos kelayapti. Temperamenti yuqori erkak esa juftida ayollarga xos barcha xislatlarni ko‘rishni istaydi. Hozir u faqat farzandlarining onasi va boshidan kechirganlarini indamay tinglaydigan do‘stni ko‘rayapti, xolos.
Singlim, men sizni ayblash fikridan yiroqman. Ammo shu tariqa davom etsa, ayol ekanligingizni tamoman unutasiz. Zero bunga haqqingiz yo‘q. Munosabatlarni tiklashga hali ham kech emas. Faqat bundan avval aniq reja tuzib oling. O‘zingizga oro berishingiz, eringizning ko‘nglini topishga urinishlaringiz, u istagan ayol bo‘lolayapsiz degani emas, hali. Ranjimang, men sizga ko‘zgu tutayapman, «boshingizni silab» ko‘z yosh to‘kishingizga qo‘yib berganim bilan hech nima o‘zgarmaydi. Keling, er-xotin munosabatlarini tiklashda psixologlar tavsiya etadigan usullar bilan tanishamiz:
  • Qadringizni biling! O‘zni sevmoqlik xudbinlik emas! Aksincha boshqalarning ham hurmatini qozonishdir.
  • Eringiz kun davomida nimalar bilan bandligiga qiziqsangiz, ishqiy «hikoya»lariga e’tibor bermang. Mavzuni shunday burib yuboringki, hayron qolsin.
  • Har zamon «Ahvolingiz yaxshimi?», «Ish kuningiz yaxshi o‘tayaptimi?» qabilida «SMS» xabarlar yo‘llang. Ehtimol ayni o‘sha dam u o‘zini nochor sezayotgan bo‘lishi mumkin.
  • Mehringizni ko‘rsatish uchun yolg‘iz qolishingiz shart emas. Yelkasiga boshingizni qo‘yib, «Bugun sizni juda sog‘indim» deyish kifoya.
  • Bir xillik erkakni zeriktiradi. Uning uchu istalgan, talpinilgan malakka aylanishingiz kerak.
  • O‘zingizni qo‘lga oling! Erkaklar ko‘z yoshi miltillab turgan ayollarga hamisha ham toqat qilolmaydi. Ishonchi baland xonimlar esa, aksincha, qiziqishini oshiradi.
Taqdir degan azal qonun borki, uni siz ham, biz ham o‘zgartirolmaymiz. Peshonangizga «ayollarga suyagi yo‘q er» yozilgan ekan, qarshi chiqib, dod solish yoki ko‘z yosh to‘kishdan foyda yo‘q. Asabingiz, uning ortidan umringiz ketgani qoladi. Shu erkak, u bilan poydevorini qo‘ygan oilangiz aziz bo‘lsa, avval o‘zingiz bilan kurashing. Yoringiz e’tiborini qayta qozonolasiz, AYoL sifatida. Ayni shu natijiga erishgach, hamisha suyukli ayol bo‘lib qolishga harakat qiling.
Hayotimizdagi muammolarga «Nima uchun?», «Qaysi aybim tufayli?» kabi savollar bilan yechim topishga urinishimiz xato. Muammoni hal qilolmasang, undan muammo yasama degan ibora nechog‘liq haqiqat ekani esa mubolag‘a emas. Har qanday vaziyatda, nima bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zingizni qo‘lga oling! Hatto eringiz bilan munosabatlarda ham o‘zingizga ishonchingiz baland bo‘lsa, oyoq osti bo‘lmaysiz.  



Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 16475 | Рейтинг: 0| Рейтинг: er-xotin, Ishqiy munosabatlar, Erim
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 09:27
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное