Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Shamollar Mamlakati - soundtreck 2 (korea)
. Gulperi - Soundtreck (Turk serial)
. Tabib-Sara hi kiyo (soundtreck koreya)
. Qirolicha - Soundtreck (slow version)
. Pazanda - Sad Love
. Tabib-soundtreck (koreya)
. Iyun Oqshomi - Yeri Nasalama (soundtreck)
. Qish Sanatasi - Soundtreck
. Osiyo-Soundtreck
. Sevishganlar - soundtreck (serial kareya)
. IRIS-soundtreck [New 2012]
. Ishdagi Ishq - Служебный роман
. Gulperi - Soundtreck music (Turk serial)
. Yoz Ifori - Soundtreck
. Sevishganlar - soundtreck (serial kareya)
Главная » Файлы » DUNYO va JAXON XABARLARI

«Hatto o‘liklar ham yordam bermoqda». Yevropa qanday qilib Rossiya gazisiz muzlab qolmadi?
Yevropa Ittifoqi elektr energiyasi va issiqlikni maksimal tejayapti, fabrikalar va krematoriylarning pechlari pasaytirildi, ko‘cha va do‘konlar vitrinalaridagi fonarlar o‘chirildi. Bularning bari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldinroq boshlangan Yevropa-Rossiya gaz urushidan omon chiqish uchun amalga oshirilmoqda. G‘arbliklar buni uddalay oladimi?

Yevropada qishki isitish mavsumining uchdan bir qismi ortda qoldi va hozircha natijalar ajoyib. Yevropa Ittifoqining 450 million aholisi bo‘lgan 27 davlati gaz iste’molini chorak qismga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi va endilikda yevropaliklarning qishdan hech qanday blekautlarsiz chiqishga ishonchi komil.

Ular buni qanday uddaladi va bu uchun qancha xarajat qilindi. Mablag‘ va sabr-toqat yana qanchaga yetadi?

Birinchi raund Yevropa foydasiga

Gaz neft va ko‘mirdan farqli o‘laroq, Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga tushmadi, chunki Yevropa Ittifoqi arzon va nisbatan tabiiy toza yonilg‘idan voz kechishni istamadi.

Biroq Putinning o‘zi bu mavzuni ochdi: Ukrainadagi urush davrida Kreml nazoratidagi «Gazprom» kompaniyasi turli bahonalar bilan Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berishni 80 foizga qisqartirdi.

YeI butun Rossiya gazining 40 foizini import qilib kelgani, hatto yuqori narxga ham uning o‘rniga muqobil resurs topish qiyin bo‘lishi sabablari ortidan Yevropa davlatlari sanoat to‘xtab qolishi va sovuqda qolgan aholining ommaviy tartibsizliklar uyushtirishi xavfi bilan to‘qnashdi.

Ammo bular yuz bermadi. Quyidagi besh omil yordamida vaziyatdan chiqildi:

— Rossiya gaz yuborishni butunlay to‘xtatmadi;

— Gaz zaxira omborlari deyarli to‘liq to‘ldirildi;

— Insonlar va korxonalarga subsidiyalar orqali yordam berildi;

— Oktyabr va noyabr oylarida ob-havo rekord darajada issiq bo‘ldi;

Yevropaliklar gazni tejashni o‘rgandi (yoki majbur bo‘ldi).

Bu omillardan faqatgina oxirgisi butunlay Yevropa ittifoqi hukumatlari qo‘lida. Ular Kreml ustidan nafaqat birinchi qishki gaz urushida, balki butun energetika urushida g‘alaba qozonish uchun aynan shu omilga e’tibor qaratmoqchi.

«Hozir biz kelgusi qishga tayyorgarlik ko‘rishga e’tibor qaratishimiz kerak. Bu qish emas, balki keyingi qish uchun. Biz bu qishda xavfsizlikdamiz», — dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.

U shuningdek, «Albatta, biz bu uchun katta mablag‘ sarfladik», deya qo‘shimcha qilgan.

YeI davlatlari energiya inqiroziga qarshi kurashish uchun jami 600 milliard yevro ajratdi, buning deyarli yarmi ittifoqning eng yirik iqtisodiyoti va urushgacha Rossiya gazining asosiy importchisi bo‘lgan Germaniya hissasiga to‘g‘ri keldi. Bruegel tahlil markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Buyuk Britaniyaning uy xo‘jaliklari va bizneslarga qariyb 100 milliard yevrolik subsidiya ajratish rejasi bilan qo‘shib hisoblaganda, Kremlning gaz urushi Yevropaga allaqachon 700 milliard yevroga tushdi.

Biroq kelasi yilgi qishda bunday saxiylikni topib bo‘lmaydi, chunki Yevropa davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng boshlangan energetika inqirozidan boshqalarga qaraganda ancha tez va katta zarar ko‘rmoqda. Boshqa yetkazib beruvchilar yoki yashil energiya hisobiga Rossiyadan energiya mustaqilligiga erishish mumkin, lekin bu uzoq va qimmat yo‘l.

Shuning uchun hozirda yevropaliklarning asosiy vazifasi — tejashdir.

«Iste’molni kamaytirish orqali biz elektr to‘lovlarini, zararli emissiyalarni va Rossiyaning gaz o‘yinlari talafotlarini kamaytirmoqdamiz. Talabni pasaytirmasdan, hech narsaga erishib bo‘lmaydi», degan Yevropa vitse-prezidenti, komissar Frans Timmermans.

Yevropa gazni qanday tejamoqda?

Yevropa Putin gaz eksportini keskin kamaytira boshlagan yoz faslidayoq gazni tejash bo‘yicha tegishli qaror qabul qilgandi.

May oyida Rossiya gazining yetkazib berilish hajmi uch yillik cho‘qqidan ikki baravarga qisqardi va kuniga 250 million kub metrga tushdi. Iyul oyi boshida esa bu miqdor tarixiy eng past darajaga tushib, kunlik 80 million kub metrgacha pasaydi. Iyul oyi oxirida Yevropa ittifoqining 27 davlati Rossiyadan ishonchli energiya resursi yetkazib beruvchi sifatida abadiy voz kechdi. Ittifoq a’zolari gaz iste’molini so‘nggi besh yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 15 foizga kamaytirish majburiyatini oldi.

Reja ortig‘i bilan bajarildi.

ICIS tadqiqot markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, isitish mavsumining dastlabki ikki oyi — oktyabr va noyabr oylarida Yevropa Ittifoqidagi gaz iste’moli 24 foizga kamaydi. Yevropa Ittifoqining ikkita sanoat davlati — Germaniya va Italiyada esa talab pasayishi 21 foizdan oshdi. YeIdan ajralib chiqqan Buyuk Britaniyada esa natijalar pastroq bo‘ldi: qirollikda gaz iste’moli 19 foizga qisqardi.

Ular buni qanday amalga oshirdi? Ixtiyoriy-majburiy tarzda.

Yevropada import qilingan gazning 40 foizi aholi tomonidan ishlatiladi. Insonlar gaz bilan uyini isitadi, suv qaynatadi va ovqat pishiradi. Taxminan 30 foiz gaz esa sanoat tomon yo‘naltiriladi.

Sanoatdagi talab majburiy tarzda kamaytirildi, aholi esa asosan ixtiyoriy ravishda iste’molni qisqartirdi. Chunki odamlar uchun subsidiyalar zavod va korxonalarnikiga qaraganda ancha yuqori, narxlar esa pastroq bo‘ldi.

Birinchi navbatda, gazga bo‘lgan sanoat talabining yarmidan sal ko‘prog‘ini tashkil qiluvchi energiyani ko‘p talab qiluvchi tarmoqlar: metallurgiya va sement zavodlari, shisha va keramika, o‘g‘itlar va boshqa neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni energiyani tejashga majburlashga to‘g‘ri keldi.

Agar vaziyat yaxshilanmasa, talabning vaqtincha pasayishi doimiyga aylanishi va Yevropa Ittifoqining sanoat bazasiga putur yetkazishi mumkin. Chunki ba’zi kompaniyalar boshqa mamlakatlarga, masalan, neft va gaz mo‘l-ko‘l qazib olinadigan, energiya ta’minoti arzonroq, qulayroq va ishonchliroq bo‘lgan AQShga ko‘chib o‘tadi.

Kam energiya sarflaydigan korxonalar va davlat sektori uchun tanlov osonroq. Yengillashtiruvchi qoidalar, qayta tiklanadigan energiya yoki shunchaki oddiygina odatlardan voz kechish ularga energiya iste’molini kamaytirishga imkon beradi.

Albatta, shahar hokimiyati yoki markaziy maydondagi favvorani yoritish juda chiroyli, yaxshi isitiladigan kutubxona yoki ofisda o‘tirish yoqimli, tungi vitrinalarga tikilish esa qiziqarli. Ammo ushbu kuzda ma’lum bo‘lishicha, Yevropadagi urushni tugatish uchun yevropaliklar energiya sarflanadigan ushbu odatlarning barchasidan voz kechishga tayyor.

Fransiya, Ispaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida yopiq do‘konlarni yoritish yoki eshik ochiq holatda turganda isitish tizimi yoxud konditsionerlardan foydalanish taqiqlangan. Ko‘cha chiroqlari xiralashtirilgan, jamoat binolarida issiqlik 19 darajadan oshirilmaydi. Kunduz kunlari hojatxonalarda issiq suv bo‘lmaydi.

Hatto marhumlar ham Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha harakatga yordam bermoqda. Nemis krematoriylari o‘zlarining gazni tejash rejasini taklif qildi. Ular 80 foiz gazni tejab qolgan holda to‘liq quvvatdagi bilan bir xil miqdordagi marhumlarni yoqish mumkinligini aytdi. Buning uchun pechlarning bir qismi o‘chiriladi va boshqalari tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkaziladi hamda harorat 850 darajadan 750 darajaga kamaytiriladi.

«Bu rejani amalga oshirish uchun endi faqatgina rasmiylarning ruxsati kerak», deydi nemis krematoriylari ittifoqi rahbari Svend-York Sobolevskiy.

Reuters nashri bunday tejamkorlik ishlaridan yana bir nechtasini o‘rgandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Niderlandiyadagi rim-katolik cherkovining Rurmond yeparxiyasi energiya inqirozi sabab o‘zining uch yuz nafar ruhoniylariga pulni tejash uchun messa va boshqa tadbirlarni o‘tkazmaslikka ruxsat bergan.

Aholi hozircha energiyani tejashga majburlanayotgani yo‘q, ularga bu borada aniq takliflar ham yuborilmagan, asosan maslahat berilyapti. Va buni ham hamma qilayotgani yo‘q. Masalan, Buyuk Britaniyaning oldingi hukumati energiya bo‘yicha sotsial reklama kampaniyasiga pul to‘lashni xohlamadi. Faqatgina bosh vazir almashganidan keyin inglizlarga energiyani tejash yo‘llari va afzalliklari haqida pochta orqali xat jo‘natila boshlandi.

Ayni paytda, sanoat mutaxassislari fikriga ko‘ra, Britaniya uylaridagi haroratni atigi 1 darajaga kamaytirish gazni 7 foizgacha tejash imkonini beradi. Xuddi shunday chora gaz bilan binolarni isituvchi Yevropaning boshqa yirik iqtisodlari uchun ham dolzarbdir, birinchi navbatda Italiya, Niderlandiya va Germaniya uchun.

Birinchi sovuq sinovi

Shunday qilib, sanoat emas, balki aholi Yevropaning Rossiya gaziga qaramligini kamaytirish uchun yagona umid. Hozirda aholi subsidiyalar va gaz tariflarini cheklash bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu sabab ham ko‘pchilik tejamkorlik zaruratini sezgani yo‘q. Agar elektr va gaz narxlari ancha sezilarli darajada oshmasa, aholi ularni tejash haqida o‘ylab ko‘rmaydi. Talabni yo‘q qilishning bozor mexanizmi to‘xtab qoladi.

«Ko‘pgina mamlakatlar talabni kamaytirish kerak bo‘lgan hollarda energiya iste’molini subsidiyalashni davom ettirmoqda va xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Bu yondashuv xavf-xatarga to‘la. Agar davlat yordami tugasa, bozorga bo‘lgan ishonchga putur yetadi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash qiyinlashadi va emissiyalarni neytralizatsiya qilish qimmatroqqa tushadi», deydi Yevropa komissari Timmermans.

Energiya resurslarini tejash Yevropa uchun juda dolzarb masaladir. Chunki isitish mavsumining ilk oylarida omon qolishga yordam bergan 4 omil tez orada tugashi mumkin.

— Rossiya hali ham Yevropaga gaz yetkazib bermoqda, lekin u istalgan vaqtda buni butunlay to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Yevropa Ittifoqi yangi yilga qadar gazning maksimal narxini tasdiqlashni va’da qilyapti, Putin esa kim bu kelishuvga imzo qo‘ysa o‘sha davlatga gaz yetkazib berishni to‘liq to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda.

— ICIS tahlilchilari keyingi isitish mavsumigacha gaz omborlari bu yilgidek 95 foizga emas, atigi 65 foizga to‘ldirilishini aytmoqda. Bunga asosiy sabab: Kremlning ehtimoliy gaz blokadasi.

— Aholi va bizneslarga berilayotgan subsidiyalar teskari natija ko‘rsatadi. Birinchidan, ular talabni qo‘llab-quvvatlaydi va iste’molni kamaytirishga to‘sqinlik qiladi. Ikkinchidan bu subsidiyalarni muntazam to‘lash uchun mamlakatlar g‘aznasidagi pul yetmaydi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat yordamining 70 foizi eng muhtojlarga emas, balki barchaga baravariga taqsimlanmoqda. Hozirda hukumatlar pulni tejash uchun faqat eng kambag‘al va himoyasiz fuqarolarni subsidiyalash yo‘liga o‘tdi. Saxiylik festivali tugadi.

— Issiq kuz o‘z o‘rnini sovuq qishga bo‘shatdi. Shimoliy Yevropa dekabr oyida noodatiy sovuqni boshdan kechirmoqda. Mahalliy regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada gaz iste’moli o‘tgan haftadagiga nisbatan 14 foizga oshgan.

Umuman olganda, butun Yevropada deyarli bir xil vaziyat.

«Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada gazga bo‘lgan talab 6 dekabrga qadar, bir hafta davomida besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 10 foizga kamaydi. Noyabrda bu miqdor 22 foizni, oktyabrda 24 foizni, sentabrda esa 12 foizni tashkil etgan edi», deydi ICIS gaz tahlilchilari rahbari Tom Marzek- Manser.

«Birinchi sovuq sinovga xush kelibsiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.



Manba:kun.uz
Категория: DUNYO va JAXON XABARLARI
Просмотров: 2829 | Рейтинг: 0| Рейтинг: bermoqda, Yevropa, Qanday, muzlab, gazisiz, yordam, Qolmadi, Hatto, qilib, Rossiya, o‘liklar, ham
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 04:56
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное