Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » AVTO OLAM

Haydovchisiz taksida sayr qilish — bu nima degani?

Uber taksi-servisi 14-sentabr kuni sinov tariqasida haydovchisiz harakatlanuvchi avtomobillarni yo‘lga chiqardi. Ushbu xizmat hozircha faqat AQShning Pittsburg shahrida yo‘lga qo‘yilgan, shunda ham shaharni to‘la qamrab olmagan. Shunga qaramay, bu jahonning ko‘plab yirik korporatsiyalari izlanishlar olib borayotgan haydovchisiz avtomobillar olamidagi muhim bor voqeadir. Yetakchi texnologik nashrlarning muxbirlari Pittsburgdagi haydovchisiz mashinalarda sayr qilib ko‘rdi. Meduza nashri, ularning hisobotlari asosida, bunday avtomobildagi sayohat qanday hissiyotlar taqdim etishi haqida hikoya qildi.
TechCrunch nashrining yozishicha, Pittsburg shahri ko‘chalariga 14 ta haydovchisiz Ford Fusion avtomobillari chiqdi. Ularning bari yo‘ldagi vaziyatni kuzatib boruvchi 20 tadan kamera, shuningdek, avtomobilga atrofdagi barcha voqea-hodisalarni “ko‘rish” imkonini beruvchi lidar bilan ta’minlangan.
 
Haydovchisiz avtomobillardan hamma ham foydalana olmaydi. Business Insider’ning yozishicha, Uber’ning bunday mashinalari “eng sodiq mijozlarga” beriladi, biroq bunday mijozlar qanday saralab olinishiga aniqlik kiritilmayapti. Mobil dastur orqali taksiga buyurtma berilganida, mijozga u haydovchisiz avtomobilda ketishi ma’lum qilinadi.
 
Aslida mashinalar unchalik ham haydovchisiz emas. Yo‘lovchilar faqat orqa o‘rindiqqa o‘tirishi mumkin, chunki oldinda Uber mutaxassislari ketadi. Biri — ruldagisi — har ehtimolga qarshi rulni tutib qolishi kerak, ikkinchisi — yo‘lovchi o‘rindig‘idagi esa — mashina o‘zini qanday tutayotganini kuzatib boradi.
 
Orqadagi yo‘lovchilarning qarshisidagi planshetda safar haqida axborot, shuningdek, mashina “ko‘rayotgan” manzara namoyish etib turiladi. Bundan tashqari, bu planshet yordamida selfiga tushish mumkin. The Verge jurnalisti Endryu Xokinsning yozishicha, “bu ishonchni oshiradi”. “Selfiga tushish imkonini beruvchi mashinadan kim ham qo‘rqardi?!”, — deydi u.

Business Insider jurnalistining qayd etishicha, umuman olganda bunday taksidagi safar oddiy taksidagidan farq qilmaydi. Uber xodimining qo‘li deyarli har doim rulda bo‘lgani sabab, u ham vaqti-vaqti bilan mashina o‘zi harakatlanayaptimi-yo‘qmi, tekshirib turishga majbur bo‘lgan. Ayni vaqtda, mashinaning o‘zi ham ba’zida haydovchi boshqaruvni qo‘lga olishi lozimligini bildirib turgan (bunday holatlarning ba’zilari oddiy, tekis yo‘llarda yuz bergan). Uber’ning haydovchisiz taksilari ko‘priklarda ham inson yordamiga muhtoj — atrofda binolar yo‘qligi sabab, mashina makonda mo‘ljal olishga qiynaladi (GPS bu masalada hozircha kerakli aniqlikni bera olmaydi).

The Verge xodimi haydovchisiz avtomobil rulida o‘zi sayr qilib ko‘rdi va qo‘lini ruldan olmaslikdan tiyila olmadi. Biroq mashina hozircha to‘la mustaqil harakatlana olmasligini qat’iy bildirib turdi. “Mashina o‘zi qanchalar yaxshi ketayotganiga bir hayron qolgan bo‘lsam, ayni vaqtda, u tez-tez boshqaruvni haydovchiga topshirib qo‘yishidan ham shunchalik hayratda qoldim”, — deb yozadi u.

Endryu Xokins robotni oddiy haydovchidan ajratib turuvchi yana bir farqqa duch keldi. Oldindagi yo‘ltanlamas keskin to‘xtaganida, Ford Fusion ham tezlikni pasaytirgan. Shundan so‘ng yo‘ltanlamasning haydovchisi: “Yonimdan o‘tib ketaveringlar”, deya ishora qilgan, biroq haydovchisiz Uber, turgan gapki, bu ishoralarni tushungani yo‘q.

TechCrunch’ning xulosasiga ko‘ra, Uber’ning bu tajribasi hozircha ko‘proq tadqiqot ishiga o‘xshaydi. Sinovda kompaniya xodimlari ishtirok etmoqda, yo‘lovchilarning haydovchisiz mashina harakatlariga munosabatini tushunish uchun esa ular videoga olinmoqda.


Manba:daryo.uz
Категория: AVTO OLAM
Просмотров: 2965 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Taksi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:16
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное