YouTube videoxostingi rossiyaliklarning 2013-yil davomidagi
so‘rovlari natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Nargiza Zokirovaning
"Scorpions” guruhiga tegishli "Still Loving You” qo‘shig‘ini kuylagan
videolavhasi 4 milliondan ziyod marta ko‘rilgan. Filipp Kirkorov ijrosidagi
"Trolling” klipi esa undan deyarli ikki marta kam tomosha qilingan. Bu haqda
"Uz24” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YouTube’da rossiyaliklar tomonidan eng
ko‘p ko‘rilgan videoroliklar o‘ntaligiga kirgan Nargiz ijrosidagi "Still Loving
You” Mayli Sayrus, Vintaj, Filipp Kirkorov, Selena Gomez va boshqa taniqli
yulduzlar ishtirokidagi lavhalarni ortda qoldirgan.
Ta’kidlash joiz, Rossiyaning "Golos” tanlovida ilk marotaba
chiqish qilganida Nargiz "Still loving you” qo‘shig‘i bilan hakamlar va zaldagi
tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan edi. Uning ijrosi, hattoki "Scorpions”
asoschisi Rudolf Shenkerning o‘zini ham hayratda qoldirgani, u Nargizning
videolavhasini o‘z sahifasiga joylab qo‘ygani haqida ham xabarlar tarqaldi.
"Golos” teleshousining ikkinchi mavsumida ishtirok etayotgan
yurtdoshimiz Nargiz Zokirova O‘zbekistonda 1984-yil rejissor Ali Hamroyevning
"Vodillik kelin” filmida yangragan "Sen ketarsan” nomli qo‘shiq orqali tanilgan.
U O‘zbekiston Xalq artisti Farruh Zokirovning jiyanidir.
Xonanda 1971-yil Toshkentda san’atkorlar oilasida tug‘ilgan.
U taniqli opera qo‘shiqchisi, teatr va kino aktyori, O‘zbekiston xalq artisti
Karim Zokirovning nabirasi. Nargiz 14 yoshida Yurmaladagi qo‘shiqlar tanlovida
qatnashgan. 90-yillarda o‘zbek estradasida ijod qila boshlagan. 1995-yilda AQShga ko‘chib ketgan va
oradan 20 yil o‘tib, 42 yoshida Rossiya sahnasida ko‘rinish berdi.
Nargiz
Zokirovaga teletanlov sahnasiga chiqqan ilk daqiqalardan boshlab ko‘pchilik
qiziqish bildirdi. Bunga sabab xonandaning tashqi ko‘rinishi, noodatiy imidji,
deyish mumkin. U noan’anaviy soch turmagi, bosh va qo‘llarida tatuirovkalar,
turli taqinchoqlar bilan mutlaqo "o‘zbekcha” bo‘lmagan ko‘rinishda sahnaga
chiqdi.