Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

OVGA CHIQQAN JUVONLAR yoxud ayb kimda: yigitlardami yoki juvonlarda?


Azal-azaldan sharqona mentalitetimizga, o‘zbekona iffatimizga, or-nomusimizga butun dunyo havas qilib kelgan. Biz, aslida, ommaviy madaniyat atalmish jaholat tuzog‘iga ilingan va o‘zligini yo‘qotib borayotgan Yevropadan madaniyatimiz, ma’naviyatimiz bilan farq qilamiz. Ammo, taassufki, bugungi kunda jamiyatimizda shunday qusurlar paydo bo‘lmoqdagi, uni qanday hazm qilishni bilmaymiz. Biz bugun mulohaza yuritmoqchi bo‘lgan mavzu ham ana shunday illatlardan biri — ayni damda, ming afsuslar bo‘lsinki, tobora urchib borayotgan nuqson haqida.

OVGA ChIQQAN JUVONLAR

— Gapni nimadan boshlashni ham bilmayman, — deya ko‘nglini yordi suhbatdoshlarimizdan biri, — akam ancha paytdan beri o‘zgarib qolgan. Shu paytgacha oliy o‘quv yurtiga kiraman, deb tayyorgarlik ko‘rib yurardi. Biroq keyin o‘zgarib qoldi, telefondan bo‘shamasdi. Dastlab uning holatiga e’tibor bermadik, ammo bir-ikki hafta uyga kech kelganidan keyin tashvishga tushib qoldik. Sababini so‘raganimizda lom-mim demadi. Keyin bilsak, u oilali ayolga ilakishib qolgan ekan. Avval tan olmadi, ammo keyin dadam akamning telefonini tortib olib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiyu SMSlarini ko‘rsatgach, tan olishdan boshqa iloji qolmadi. “U ayolni yaxshi ko‘raman, unga uylanmoqchiman!” dedi otamning ko‘ziga qaray olmay. Ochig‘i, uning bu gapidan karaxt ahvolga tushib qoldik. O‘sha ayolni yaxshilab surishtirsak, eri bilan ajrashgan, ikki nafar farzandi bor juvon ekan. Akam u bilan internetda tanishib qolibdi. Hozirgacha akamni u ayoldan qanday ajratishni bilmayapmiz. Tavba, u ayol akamni qanday qilib o‘ziga bunchalik bog‘lab oldi ekan-a?

 Aslida, bizni aynan shu mavzuda fikrlashga majbur qilgan narsa ham ana shu voqea bo‘ldi. Beixtiyor suhbatdoshimizning moddiy ahvoli bilan qiziqdik. Ota-onasi badavlat, shaxsiy do‘konlari bor ekan, akasi esa mashinada yurarkan. Xullas, doim yonida pul yuradigan yigit. Biroq ikki bolali juvon haqida hech narsa bilmaganligimiz sababli bu voqeada yigitni yoki juvonni ayblash borasida yakdil xulosa chiqara olmadik. Ammo bir narsa aniqki, yigitda ham, juvonda ham ayb bor. Xo‘p, yigit hali qiziqqon, har narsaga o‘ch bo‘lgan yoshda ham deylik, lekin narigi juvonni nima jin urdi? Axir u ikki nafar farzandning onasi, ozmi-ko‘pchi hayotning achchiq-chuchugini tanigan bo‘lsa? Nega bu yo‘lga kirdi? Pul uchunmi? Xo‘p, yoshgina yigitning umrini, vaqtini xazon qilib topgan puli yaxshi kuniga yararmikin? Bolalariga yuqarmikin bu pullari? Qolaversa, ayollik sha’ni, iffati qaerda qoldi?

ASOSIY XAVF MAKONI — INTERNET

 Albatta, bu boradagi asosiy xavf makoni internet hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlarimiz har qanday axloqsizlik, har qanday illat bilan internet orqali yuzlashishmoqda. Dastlab shunchaki tanishganlar o‘rtasidagi munosabat keyinchalik chuqurlashmoqda, bora-bora hayo, iffat pardalari yechilib, insoniylik jihatlari yo‘qolmoqda, tubanlashishmoqda. Oqibatda insoniylik xislatlari, yigitlik g‘ururiyu qizlik iffati tuproqqa qorishmoqda. Taassufki, ijtimoiy tarmoqlarda yigitlarni yo‘ldan urishga chog‘langan juvonlarni ham uchratish mumkin, ularning orasida ajrashganlari ham, oilalilari ham bor.

Zulfizar ISOQOVA, o‘qituvchi:

 — Albatta, bunday illatlar internetda anchagina ko‘p. Hozir “odnoklassniki”, “telegramm”, “instagramm”, “mail.ru agent” kabi tarmoqlar borki, bu tarmoqlarda qisman axloqsizlik muhiti hukmronlik qiladi. Ana shu muhitning qurboni esa aksariyat hollarda yosh yigitlar bo‘lishadi. Ayniqsa, “telegramm” va “odnoklassniki” oxirgi paytlarda shunchalik xavfli bo‘lib qoldiki, dars paytida yigitlarimizni zo‘rg‘a bu ijtimoiy tarmoqlar domidan chiqarib olyapmiz. Hatto bir-ikki marta ayrim o‘quvchilarimning dars paytida yozishib o‘tirganlarini ko‘rganman. Hayronman, yoshlarimizni bu balolardan qanday xalos qilsak bo‘ladi?

-Ha, hozirda internet tarmog‘i orqali bir-birini tuzog‘iga ilintirayotganlar va bir-birining hayoti, nomusi bilan o‘ynashayotganlar talaygina. Ularning orasida biz tilga olgan jihat — bo‘ydoq yigit va juvonlar o‘rtasidagi axloqsiz munosabatlarni ham uchratish mumkin. To‘g‘ri, qars ikki qo‘ldan chiqadi, ammo, masalan, o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yashar yigit bilan yigirma to‘qqiz-o‘ttiz yashar juvonning o‘rtasida farq bor. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, biri hayotning qiyin sinovlari bilan yuzlashgan va o‘tish davrida bo‘lgan yigit, ikkinchisi esa hayot mashaqqatlaridan dastlabki xulosalarini chiqarib olgan juvon. Birinchisi nima yaxshiyu, nima yomonligini unchalik his qilib ulgurmagan, ikkinchisi esa bu yo‘llarni ozmi-ko‘pmi bosib o‘tgan. Xo‘sh, ularning o‘rtasidagi aql bovar qilmaydigan, hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydigan “munosabat”ni qanday izohlasa bo‘ladi? Yigitning ota-onasi unga yetarlicha tarbiya berib, oq-qorani tanitib ulgurmagan, shu bois u usti yaltiroq narsani yaxshi deb biladigan holatda, juvon esa… Bundan uning maqsadi bitta bo‘lishi mumkin — moddiy manfaat va jinsiy hohishning yuqoriligi, unga to'ya olmaslik. Bu esa o‘ta fojiali holat. Insoniylik xislatlarining moddiyat yo‘lida qurbon bo‘lishi fojiaviy holatdan o‘zga narsa emas. Eng yomoni, hayotning eng shirin lahzalarini hali tatib ko‘rmagan, nikoh, oila atalmish muqaddas rishtalar bilan bog‘lanib, kuyov, ota bo‘lish baxti ostonasida turgan, bunga haqli bo‘lgan yigitning oila ko‘rgan juvonga ilakishib, chirkin hirs, nafs botqog‘iga botishi bir umrning xazon bo‘lishi emasmi?

ShOIRA AYoLNING “SEVGI IZHORI”

— O‘tgan yili bir taksiga o‘tirdim, — deya boshidan o‘tgan voqeani gapirib berdi yana bir suhbatdoshimiz, — mashinani ayol kishi haydab ketayotgan ekan. U yoq-bu yoqdan gaplashdik. Chiroylikkina, ko‘hlikkina ekan. Yo‘l-yo‘lakay unga ko‘pincha ishim yuzasidan taksida yurishimni aytganimda telefon raqamimni olib qoldi. Tabiiyki, u bilan yana ko‘p bora uchrashdik. Bozorda savdo qilaman, shuning uchun deyarli har kuni u meni uyimdan bozorga olib borib qo‘yar, men esa u so‘ragan pulni tortishmasdan berardim. Bora-bora u do‘stlik chegarasini buzib o‘tdi. O‘sha paytda menga ham bu holat yoqib tushgandek bo‘ldi. Ammo uning asl niyati nima ekanligini bilgach… Buni o‘zi tan oldi. Menga uni pul bilan ta’minlab turishimni, evaziga nimani xohlasam, bajarishini aytdi. Shundagina men undan osonlikcha qutula olmasligimni anglab yetdim. Biroq hozir u bilan aloqalarimni butkul uzganman. Lekin bungacha ancha narsamdan ayrilishimga to‘g‘ri kelgan.

Darhaqiqat, bunday axloqsiz munosabatlarning yakuni yaxshilikka olib kelmaydi. Kulfat, baloi ofat keltiradi. Axir zinoning oqibati boshqa nima ham bo‘lishi mumkin? Hirs, nafs botqog‘iga botib, o‘tkinchi huzur-halovat yo‘lida aql ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan insonlarning oxirida pushaymon yeb qolishi kundek ravshan-ku! Nahotki pul, moddiyat jamiyatimizda shunchalik katta o‘rin tutayotgan bo‘lsa? Nahotki pul o‘ta muqaddas ne’matlardan ham voz kechishga arziydigan buyumga aylangan bo‘lsa? Axir ota-bobolarimizning “Pul qo‘lning kiri”, “Moddiyatga qul bo‘lish insoni jaholatga yetaklaydi”, kabi purma’no gaplari, o‘gitlari qaerda qoldi? Bugun yengiltaklik bilan yigitlarni yo‘ldan urib, shuning evaziga shohona yashash ilinjida yurgan ayoldan tarbiya ko‘rgan farzandning kelajagini bir tasavvur qilib ko‘ring-a!

Fazliddin SOBIRJONOV, dizayner:

  — Feysbukka deyarli har kuni kiraman. Ilgari bir shoira ayolning she’rlarini juda ko‘p o‘qirdim, yaxshi she’r yozardi. O‘zi bilan shaxsan tanish bo‘lmasam-da, lekin kimligini, yoshini, qaerda ishlashini bilardim. Mendan ancha katta edi. Kunlarning birida undan “Yaxshi yigit, tanishsak bo‘ladimi?” degan SMS keldi. Avvaliga hayron bo‘ldim. Keyin tavakkal qilib, “Mayli, opajon”, deb javob yozdim. Shunda u “Voy, opajon demang, yoshim katta ko‘ringani bilan hali ko‘p yigitlarni kuydiradigan yoshdaman”, deb javob qaytardi. Hayratim ikki hissa ortdi. “Nahotki?” degandim, “Ha, ishonmasangiz, isbotlashim mumkin”, deya javob berdi. Ochig‘i, men bu ayolni shunday sharmsiz gaplarni yozishga qodir, deb hisoblamasdim. “Telefon raqamingizni bering, qaerda ishlaysiz?” deb yozdi yana u. So‘ng meni yoqtirib qolganini ham qistirib o‘tdi. Shunda men unga o‘zi ishlaydigan binodagi tashkilotlardan birida dizayner bo‘lib ishlashimni, uni yaxshi tanishimni aytib, to‘liq ism-familiyamni va ish joyimni yozib yubordim. Shundan keyin u menga qaytib SMS yozmadi.

Bu voqeani eshitib, beixtiyor savol tug‘ildi, xo‘sh, agar suhbatdoshimiz shoira ayolga mutlaqo notanish inson bo‘lganida, uni umuman tanimaganida voqealar rivoji qanday tus olardi? Shoira opamiz yana qanday hunarlar ko‘rsatardi? Ochig‘i, bu haqda o‘ylashga ham hazar qiladi kishi.

BU YO‘LDAN VAQTIDA QAYTAYLIK
Xulosa o‘rnida quyidagi rivoyatni keltirib o‘tmoqchimiz.

Bir kishi yo‘lda ketayotib, bir quduq yonida turgan ayolga duch keldi. Kishi unga yaqinlashdi. Ayol qo‘rqib ketdi. Shunda erkak: “Qo‘rqma! Sendan bir narsani so‘ramoqchiman. Ayol makri nima?” dedi. Ayol bir oz o‘ylanib turdi-da, keyin dod solib yig‘lay boshladi. Uning ovozini butun qishloq eshitdi. Erkak qo‘rqa-pisa ayoldan nega bunday qilganini so‘radi. Ayol: “Ovozimni qishloq ahli eshitib, bu yerga kelishsin va seni o‘ldirishsin deb shunday qildim”, dedi. Erkak: “Sendan makr haqida so‘radim, xolos-ku! Yomon niyatda biror gap aytdimmi?” dedi. Shunda ayol o‘rnidan turdi-da, bir chelak suvni o‘z ustidan quydi. Erkak uning bu ishidan ajablandi. Undan nega bunday qilganini so‘radi. Ayol endi gapirmoqchi edi, qishloq ahli kelib qoldi. Erkak ulardan qo‘rqib, “Bular hozir meni o‘ldirishsa kerak”, deb o‘yladi. Ayol qishloq ahliga: “Suv olmoqchi bo‘lib quduqqa engashgan edim, bexosdan unga tushib ketdim. Bu odam meni qutqardi”, deya javob qaytardi. Odamlar boyagi kishiga tashakkur aytib, unga ko‘p sovg‘a-salomlar in’om etdilar. Erkak ayoldan nega shunday qilganini so‘radi. Ayol: “Ayol makri mana shunaqa bo‘ladi. Agar unga ozor bersang, seni o‘ldiradi. Agar u rozi bo‘lsa, seni baxtli qiladi”, deb javob berdi.
Mazkur rivoyatdan shunday xulosa qilish mumkinki, qizlaru juvonlarimiz o‘z makru chiroylaridan ezgulik yo‘lida foydalanishsin. Yigitlarimiz esa o‘tkinchi havaslarga berilmasdan, o‘zlariga to‘g‘ri yo‘l tanlay olishsin. Ana shunda jamiyatimizning ma’naviy ustuniga darz ketmaydi. Ana shunda yosh umrlar xazon, iffatu nomuslar esa oyoqosti bo‘lmaydi.




Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 13541 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: ayb kimda, OVGA ChIQQAN JUVONLAR, Yigitlar, yoxud, Yoki, Fohisha, juvonlar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
zumrad991 naxotki savobu, gunohni, xalol va xaromni farqiga borishmasa...
Like | 0
zumrad991 XUDODAN QO'RQISH KERAK...
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:54
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное