Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

“Qonga belangan bir ayol va erkak baqirib yordam so‘rardi”. Denovdagi dahshatli portlash joyidan reportaj

Surxondaryodagi Denov shahri markazida joylashgan, xalq tilida hamon “Yubileyniy” deb ataluvchi “Indenim” savdo markazida 7-dekabr kuni soat tong 03:57 da kuchli portlash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Dastlab hodisa oqibatida tan jarohati olgan 9 kishi kasalxonaga yotqizilgani, keyinchalik vayronalar ostidan ikki kishining jasadi topilgani ma’lum qilindi. “Daryo” muxbiri Denov shahrida bo‘lib, voqea joyidan reportaj tayyorladi.

 

Hodisa guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, portlash to‘lqini va ovozi shu qadar kuchli bo‘lganki, bir necha yuz metr masofadagi (ayrim manbalarga ko‘ra, hatto 2 kilometr masofadagi) bino va imoratlarning eshik-derazalarini ochib yuborib, deraza-oynalarini sindirib tashlagan.

“Kecha soat taxminan 02:00 gacha televizor ko‘rib, keyin yotdim. Uyqida ekanman, hovli va uy xonalari birdan yorishib, gumburlagan dahshatli ovoz eshitildi, — deb eslaydi denovlik Shodi Mirzayev. — O‘rnimdan sakrab turib, ustimga sinib tushgan deraza siniqlarini oldim va atrofga qaradim. Uyning ‘sveti’ o‘chgan ekan. Hamma joyda deraza va eshiklar sina boshladi. Eshiklarning g‘achur-g‘uchur ovozi eshitildi. Hammayoqni chang-to‘zon qoplagan ekan. Ko‘chada odamlarning ‘yordam beringlar’ degan chinqirig‘i eshitilardi. Amallab ko‘chaga chiqsam, uyimiz oldidagi katta supermarketda yong‘in bo‘layotgan ekan. Odamlar juda ko‘p edi. Bir ayol va erkakni ko‘rdim — qonga belangan. Yordam beringlar, deya baqirardi. Ularni tez yordam mashinasi olib ketdi”.

Savdo markazi yaqinida yashovchi Suhrob Hojiqulov ham qattiq gumburlagan ovozdan uyg‘onib ketgan, uyg‘ongan vaqti ustiga oyna siniqlari to‘kilgan bo‘lgan. “Amallab turib, chiqishga urindim. Boshimdan jarohat olgan ekanman”, — deydi u (aynan shu lahzada rasmiy axborotdagi “to‘qqiz kishi tan jarohat oldi” degan gap unchalik ham ishonarli emasligi oydinlashadi). Dahshatli voqea bo‘lganini ta’kidlarkan, Suhrob Hojiqulov uyi “Yubileyniy”dagi portlashdan keyin yaroqsiz ahvolga kelib qolganini aytadi.

 

Erkin G‘aniyev ham “Yubileyniy”ga qo‘shni mahalladan. Gumburlagan ovozni eshitgan vaqti “uyimda gaz portladi” deb o‘ylab, vahimaga tushib qolgan. “Shu darajada kuchli gumburlash eshitildiki, gaz trubamizga nimadir tegdi. Gazimiz portladi, deb o‘yladim. Ko‘chaga chiqsam, hammayoqda baqir-chaqir. Keyin qo‘shnilar chiqdi. Portlashdan so‘ng bolalarni olib, qizimnikiga ketdim”, — deydi Erkin G‘aniyev.

 

Portlash sodir bo‘lgan hududdan taxminan 3-4 kilometr masofadagi mahallada yashovchi tadbirkor Dilrabo Abdurahmonovaning aytishicha, dahshatli gumburlash ovozi va portlash to‘lqini ularning uyida ham sezilgan.

“Juda dahshatli portlash bo‘ldi. Uyimizda kuchli silkinish kuzatildi. Ko‘chaga chiqsak, yong‘in bo‘layotgan ekan. Keyin bizga telefon qilib, do‘konimizga zarar yetganini atyishdi. Shoshib, yetib keldik. Kelsak, hamon yong‘in va tutun bo‘layotgan ekan. Do‘konlarimizga zarar yetgan. Deraza va eshigimiz oynalari sinib, eshiklar qiyshaygan. Ancha zarar ko‘rdik”, — deydi Dilrabo Abdurahmonova.

 

Voqea sodir bo‘lgan mahallada yashovchi 71 yoshli Juma bobo Norovning aytishicha, portlash uyushtirilgan bo‘lishi ham mumkin. “Portlashni kimdir uyushtirgan, degan taxminim bor. Gazdan yoki ‘svet’dan bo‘lsa, bunchalik zilzila bo‘lmasdi. O‘tgan yili ‘Habib bozor’ yongandi, o‘zi bilan o‘zi bo‘lgandi. Atrofga zarar bergani yo‘q edi. Bu esa 5-10 kilometr uzoqlikdagi mahallalarga ham eshitildi. Atrofdagi barcha do‘kon, choyxona va binolarni yaroqsiz holga keltirdi”, — deydi otaxon.

 

“Daryo” muxbirining qo‘shimcha qilishicha, portlash oqibatida 10 ga yaqin savdo do‘konlarining eshik va derazalariga, ikkita choyxonaning tom qismi va old tomoniga, shuningdek, savdo markazi oldidagi restoran va kiyim do‘koniga, Denov tumani hokimligi binosiga, Tuman soliq inspeksiyasining hali foydalanishga topshirilmagan yangi binosiga, mahalladagi 6 ta aholi xonadoniga, ko‘p qavatli uylar va bir fuqaroning avtomobiliga zarar yetgan.

 

FVV axborotiga ko‘ra, hodisa joyiga O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi safarbar etilgan. “Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash savdo majmuasida gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi oqibatida to‘plangan gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida kelib chiqqan.

 

 



Manba:Daryo.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 1454 | Рейтинг: 0| Рейтинг: belangan, va, Ayol, so‘rardi, dahshatli, reportaj, joyidan, Bir, Denovdagi, Erkak, baqirib, yordam, Qonga, portlash
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 05:52
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное