Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Tog`amga kelin bo`lganimdan afsusdaman






Asror aka bilan oramizdagi farq to`rt yosh edi. Aka-singildek katta bo`lganmiz. Kelinoyimning ham, tog`amning ham fe`l-atvori havas qilarli bo`lgani uchun oilaviy bordi-keldilarimiz yaxshi edi. Tog`amning qiz farzandi bo`lmagani sabab bolaligimdan meni qizidek ko`rgan. Kelinoyim doim uyiga olib ketar, chiroyli ko`ylaklar tikib berar, «Zumrad, mening oltin qizim», deya erkalardi. Yoshim ulg`aygani sari munosabatlar ham ulg`aya boshladi...

Avvaliga kelinoyimga uy yumushlarida qarashib yurdim, kunlab, haftalab ularnikida qolib ketardim. Bu orada jigari xastalandi, men esa yanada bog`lanib qoldim. Tog`avachchamlar ham menga singildek munosabatda bo`lishar, «Hoy Qimmatxon, ko`ylagimni dazmollab bersang, senga uni olib beraman, buni olib beraman», deyishardi. Yillar o`tib tog`amning xonadoniga kelin keldi. Kelinoyim bilan tog`am esa kelinchakka «Zumrad, bizning ham qizimiz, sizga singil bo`ladi» deganlarida xursand bo`ldim. Maktabni tugatib shartnoma asosida o`qishga qabul qilindim. Tog`amning mehri tovlanib, hatto bir yillik shartnoma pulini to`lab ham berdi. Bu mehrning, ko`maklarning bir kuni to`lovi borligini xayolimizga ham keltirmay, tog`amning himmatlaridan xursand bo`lib yuraveribmiz. Uchinchi bosqichni tugatayotganimda tog`am rafiqasi bilan xonadonimizga tugun tugib kelganida hammasi oydinlashdi. «O`zimizning ko`z oldimizda o`sgan qiz. Buning ustiga, mana, shartnoma asosida o`qitayapsizlar, o`zimiz to`laymiz. Opa, pochcha, Asrorga beringlar Zumradni», deyishdi. Tabiiyki, ota-onam darrov rozi bo`lishdi. «Shunday yaxshi oila, o`qimishli, topish-tutishi yaxshi yigit. Qizimizning baxti bor ekan», deya mendan ko`ngil ham so`rashmadi. Ammam «Uka, qarindosh bilan quda bo`lishning ham o`ziga yarasha tomonlari bor. Zumrad bilan Asror aka-singildek gap. Buning ustiga, ko`ngil bo`lmasa, qiyin oilada…», deya ancha jon koyitdi. Ammo na onam, na otam quloq soldi bu yonishlarga. Ammam ham oxiri «O`zlaring bilasizlar, munosabatlarni mustahkamlayman deb, qarindoshchilik iplarini ham uzmasanglar bo`ldi», deya qo`l siltadi. 

Shu bilan to`y taraddudi boshlandi. Mening ichimdagi g`alayonlar ham. Chunki Asror akamning fe`lini yaxshi bilardim. Bolalikdan birga o`sganim uchun u doim o`zi istagan ishlarni bajarar, oddiygina o`ziga yoqmaydigan ovqat pishsa ham, emay, ochlik e`lon qilardi. Men esa nafaqat uning fe`lini, ko`nglidagilarni ham bilardim. Asror akam maktab davridan sinfdosh qizini sevar, ammo buni hammadan pinhon tutardi. Hammasi oshkor bo`lgach esa kelinoyim u qizni kelin qilishni istamagan. Sabab, onasi ikki marta turmush qurgan ekan. Tish-tirnog`i bilan bu muhabbatga qarshi turishib, ko`zlari ostida o`sgan meni kelinlikka tanlashgan. Ammo Asror akamning ko`nglini hech kim menga isitib berolmadi. O`zim ham.

Aka-singilligimizda menga mehribon kishi to`ydan keyin tirnog`im ostidan kir qidiradigan bo`ldi. Hech ishimdan ko`ngli to`lmasdi. Hatto uch oylik kelinchaklik paytimda qo`l ham ko`tardi. Jahli chiqqanida men ham kelinoyimning pinjiga yashirinardim. U kishi ham yo men taraf, yo o`g`li taraf bo`lolmay, qiynalib ketardi. Homiladorligim ma`lum bo`lgach, munosabatlar sal iligandek bo`ldi. Biroq taqdir menga onalik baxtini ham ko`p ko`rdi. Ilk murodimiz nogiron tug`ildi-yu ko`p yashamay olamdan o`tdi. Zor qaqshab qolaverdim. Hamma ko`nglimga qarar, men erimdan taskin kutardim.

Oradan ikki yil o`tib, qiz farzandli bo`ldik. Ko`z tegmasin, sog`-salomat. Biroq shundan keyin yana bir homilamdan nogiron tug`ilish ehtimoli kuchligi bo`lgani uchun ayrildim. O`g`il ekan. Yuraklarim ezilib ketdi. Shifokorlar bu yo`qotishlarga qarindoshchilik o`rtasidagi nikoh va homiladorlikdagi siqilishlarni sabab qilib ko`rsatishdi. Voqealar munosabatimizga o`z ta`sirini o`tkazmasdan qolmadi. Biz kundan-kun er-xotinga emas, majburan yashayotgan ikki begonaga aylanayotgandik. Erimning kaltaklaridan to`yib bir necha bor ota uyimga ham ketganman. Ota-onamning «Tog`ang bilan kelinoyingning oldida bizni sharmanda qilma», degan qistovlaridan keyin yana boshimni egib qaytardim. Oxiri Asror akamning o`zi «Men baribir ko`nglim yo`q inson bilan yasholmayman. Uyingga ket, uylanaman», deb oldiga solib haydadi. Na tog`am — qaynotam, na kelinoyim — qaynonam uni to`xta oldi. Ketayotgan men-u, ular o`g`lini jahlidan tushirish bilan ovora. Go`yoki men erim nima desa ham, qanday munosabatda bo`lsa ham, chidab yashaydigan, to`g`rirog`i, chidashga majbur kelinman. Har qanday majburiyatu chidamning ham chegarasi bor. Men ham odamman.

Mana, olti oydan buyon ota uyimdaman. Erim yarashishni istamayapti. O`zim-chi? O`zim beshga kirib qolgan qizim uchun oilam buzilmasligini istayapman. Ota-onam esa bizning taqdirimizdan ham ko`proq tog`am bilan munosabatlari darz ketishidan qo`rqishayotgandek. “Ajrashmaysan, bor eringning uyiga”, deb urishishadi. Qaytib borganim bilan yana o`sha majburiy hayot boshlanadimi? Bizni endi na aka-singillik, na er-xotinlik rishtalari bog`laydi… Faqat qizimning otasiz o`smasligi uchun turmush o`rtog`im yarashish taklifini bildirsagina, rozi bo`lishim mumkin. Biroq bunga ham ko`zim etmaydi... 

Taqdirimiz yana ota-onamizning qo`lida. Tushunaman, ular ham farzandlarining oilasi buzilishini istashmaydi. Bizni esa to`yimiz bo`layotganda tushunishmagan, endilikda tushuntirishlar orqali muammolar hal bo`lmaydi...


Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 6657 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Hikoya
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
Dili Asadova пишет: | 09.11.2016 | 20:31 ( E-mail ) #1 Страница с комментарием Спам
аватар отсутствует Ammayam teng Hammayam teng diyishadi, Ammangizni ota onangiz ewitishi keregidi bowida, afsus endi kech, sz u.n afsusdaman. :'(
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:17
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное