Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Yetti kelini yetti millatga mansub piskentlik Farmonbibi. Prezident Mirziyoyev kino oldirmoqchi bo‘lgan xonadondan reportaj

Qaynona — yosh oilaning mustahkam ildiz otishida asosiy rol o‘ynaydigan shaxs. Bu maqomning zavqidan ko‘ra, mas’uliyati ko‘proq. Toshkent viloyatining Piskent tumani “Oqtepa” mahallasidagi 85 yoshli Anora aya Jonsaidova turli millatlarga mansub naq yetti kelinga bosh bo‘lib yashamoqda. Turmush o‘rtog‘i Serikboy ota bilan to‘qqiz farzandni kamolga yetkazib, yetti o‘g‘ilni o‘zbek, qozoq, turk, tojik, uyg‘ur, rus, gruzin qizlariga uylantirgan onaxon bugun nevara-chevaralari bag‘rida mamnun umrguzaronlik qilmoqda.

“Qiyinchiliklarni birga yengdik”

Oddiy xonadonda kamtarona umr kechirayotgan Anora ayaning millati qozoq, turmush o‘rtog‘i Serikboy Jonsaidov — yarim qozoq, yarim tojik.

Anora aya barcha farzandlarini uylab, turmushga uzatgan va ayni paytda yashayotgan xonadoni. “Oqtepa” mahallasi “Istiqbol” ko‘chasi 2-uy

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Rahmatli cholim bilan paxta mavsumida tanishganmiz. Men paxta terardim, u kishi hisobchi edi. 20 yosh edim turmushga chiqqanimda. 1957-yili to‘ng‘ichimiz tug‘ildi. Lekin 6 oydan keyin o‘lib qoldi. Rosa yig‘laganman. Bir bolani qorinda 9 oy ko‘tarib, tug‘ib, yarim yoshga yetguncha jon halak bo‘lishini ota-onalar yaxshi biladi, tushunadi.

Oradan ikki yil o‘tib, o‘g‘lim Mahmudjon tug‘ildi. Shundan keyin Parvardigor ketma-ket sakkiz farzand berdi. O‘zim ham katta oilada, 10 aka-uka va opa-singil ichida o‘sganman. Bolalarim ko‘pligidan faqat suyunganman. Lekin bir etak o‘g‘il-qizning qornini to‘ydirish, kiyintirish, o‘qitishga xo‘jayinim topgan pul har doim ham yetmasdi. Ro‘zg‘orga yordam deb, 30 yil magazinda sotuvchi bo‘lib ishladim. Ocharchilik yillari ham er-xotin tinmadik. To‘qqiz bolani oq yuvib, oq tarab, qiyinchiliklarni birga yengdik.

Xo‘jayinim hayotligida aylantirgani Sochi, Tbilisilarga olib borardi. Sog‘inaman o‘sha paytlarni. Sovet hukumati menga ‘Qahramon ona’ medalini bergan”, – deydi onaxon.

Piskentning Farmonbibisi

Oqtepaliklarning aksariyat Anora ayani “zamonaviy Farmonbibi” deydi — “Kelinlar qo‘zg‘oloni” asariga shu onaxon hayoti asos bo‘lgandek go‘yo. Lekin kinodan farqli bir jihat bor — yetti kelin yetti millatga mansub.

“To‘ng‘ichim Mahmudjonni uylantirish arafasida unga bir qancha qizlarni ko‘rsatdik. Ammo biz topgan nomzodlarning hech biri ma’qul kelmadi. Oxiri o‘zi rus qizi Ira bilan tanishib, oila qurdi. Ira xonadonimizning urf-odatlariga tez ko‘nikdi. Rus, o‘zbek, qozoq tillarida yaxshi gaplashadi. To‘rt yil avval Moskvaga ko‘chib ketishdi. Farzand-u nevaralari bilan baxtli yashashyapti.

Keyingi o‘g‘illarim ham biz topgan qizlarga uylanmadi. Hammasi juftini o‘zi tanladi. Hasan-Husanlarimning biri qozoq-tojik Fotimaga, boshqasi qozoq qizi Norgulga uylangan. Husanim olti yil burun ‘avariya’ oqibatida vafot etdi. Bolalari tez-tez kelib turadi, xabar oladi.

Tursunboy o‘g‘limning xotini uyg‘ur. Ismi Lola. Sunnatillo qozoq qizi Aliyani sevib, nikohiga olgan. Ikkisi hozir Qozog‘istonda yashaydi. Abdumutalibimning xotini Ra’no esa turk. Kenjam Abdusamad 40 yoshida gruzin qizi Aniya bilan oila qurdi. Ikkala qizim ham qozoq yigitlariga turmushga chiqqan. Kattam Klara oilasi bilan Chimkentda yashaydi.

Mendan uzoqda yashaydigan bolalarim yilda bir-ikki kelib turadi. Lekin kunora internetda ko‘rishib, gaplashib turamiz. Qolgan farzandlarim shu qishloqda — atrofimda. 28 nevaram va 26 chevaram bor. Hammasi boyligim, baxtim”, — deydi Anora aya.

“Kelinlarning hech birini kamsitib, ajratmadim”

Anora aya Jonsaidova oila mustahkamligi ko‘pincha qaynonaga bog‘liq, deydi.

“Yashirmayman, yetti kelinning tilini topish, yo‘rig‘imga solish oson bo‘lmagan. Hammasini millati boshqaligiga o‘zbek-qozoq urf-odatlarini o‘rgatishda qiynalganman. Ko‘pchilik totuvligimiz sirini so‘raydi. Menimcha, oila ahilligi va mustahkamligi ko‘proq qaynonaga bog‘liq. Erim ikkimiz barcha kelinlarni birdek suydik, millatchilik qilib, ajratmadik.

Oilamizdagi hamma to‘y-ma’raka qozoq urf-odatlari bo‘yicha o‘tkaziladi, qozoqcha taomlar pishiriladi. Odatiy kunlar osh, beshbarmoq, mastavani ko‘proq yeymiz. Nafaqam 850 ming so‘m. Har kuni keldi-ketdi bo‘lgani uchun bu pul ro‘zg‘orga sarflanadi”, — deydi onaxon.

“Prezident nazariga tushibmiz, demak, bekor yashamabmiz”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning oktabr oyida Toshkent viloyatiga tashrifi davomida ko‘pmillatli Jonsaidovlar oilasi haqida gapirarkan, “Mana sizga bag‘rikenglik namunasi, mana sizga totuvlikning yorqin ifodasi. Men ushbu oilaning hayoti, tajribasi, bag‘rikengligini targ‘ib qilib, kino oldiraman”, deya ta’kidlagan edi.

Anora aya davlat rahbarining bu e’tirofidan suyunganini aytadi: “Rahmatli cholim bilan qurgan oilamiz haqida kino olinishini eshitib, juda quvondim. Oddiy turmushimiz prezident nazariga tushgani biz uchun katta baxt. Umrimiz bekorga o‘tmaganiga xursandman”.

“Onamning sabri toshdan mustahkam”

Anora ayaning 45 ga kirgan kenja qizi Dilorom Jonsaidovaning aytishicha, onasining bemisl sabri sabab yetti o‘g‘ilning oilasi tinch-totuv.

Dadam bilan onamning o‘rtasida to‘qqiz yosh farq bor. Ularning urushganini hech eslolmayman, juda baxtli yashashgan. Otam 1998-yili 71 yoshida vafot etgan”, — deydi Dilorom Jonsaidova.

“Barchamizga birdek mehr bergan”

Oltinchi o‘g‘il Abdumutalib va turk kelini Ra’no to‘qqiz yil farzand ko‘rolmagan. Ammo onaxonning pand-nasihati sabab ular sabr qildi, vaqt o‘tib uch o‘g‘il-qizning ota-onasi bo‘ldi.

“Bu xonadonga 2006-yili kelin bo‘lib tushganman. U paytlarda yosh bo‘lganim uchun bilmaganlarimni ovsinlarimdan ko‘ra qaynonamdan so‘rab, o‘rganganman. Xato-kamchiliklarimni ham yaxshi so‘zlari bilan to‘g‘rilashimda ko‘maklashgan. Hozirgacha maslahat berib, bizga bosh-qosh bo‘ladi.

“Bu xonadonga 2006-yili kelin bo‘lib tushganman. U paytlarda yosh bo‘lganim uchun bilmaganlarimni ovsinlarimdan ko‘ra qaynonamdan so‘rab, o‘rganganman. Xato-kamchiliklarimni ham yaxshi so‘zlari bilan to‘g‘rilashimda ko‘maklashgan. Hozirgacha maslahat berib, bizga bosh-qosh bo‘ladi.

To‘qqiz yil farzand ko‘rolmadik. O‘sha vaqtlarda ham qaynonam ‘sabr qilinglar, hammasi yaxshi bo‘ladi’, deb oilamizni saqlab qolishga sababchi bo‘ldi. Xudoga shukr, Yaratgan uch farzand berdi.

Qaynonam yetti keliniga birdek mehr berib, yaxshi munosabatda bo‘lgani uchun hammamiz ahil-inoq yashayapmiz, opa-singildek bo‘lib ketganmiz”, — deydi Ra’no Jonsaidova.

Anora aya Jonsaidovaning oddiy xonadonini Piskent tumanining baynalminal markaziga qiyoslash mumkin. Bu oilada o‘zbekistonliklarga xos bag‘rikenglik va olijanoblikni ko‘rib, kamtarona hayotga havas qilasan kishi. Turli millatga mansub kelinlarni birlashtirgan xonadon va Anora ayaning tajribasi kino bahona ko‘plab qaynona-kelinlarga namuna bo‘lishi shubhasiz.

 

 



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 2288 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Farmonbibi, mansub, millatga, reportaj, xonadondan, oldirmoqchi, Prezident, kelini, bo‘lgan, piskentlik, yetti, kino, Mirziyoyev
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:25
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное