Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Bollewood (Xindiston yangiliklari)

"Bollivud ringi"da: "Bajirao va Mastani" & "Sevishganlar"!

Siz nimani kutyapsiz, bilmadim-u, biroq, Hindistonda 18-dekabr kuni o‘tajak mega-premeralarni milliardlab insonlar kutmoqda... Bosh vazirdan to ustiga yopinchig‘i yo‘q oddiy bir hindgacha...
Ayrim muhabbat qissalari hech qachon tugamaydi...
(“Sevishganlar” filmi shiori)
Ha, ayniqsa, Bollivudda muhabbat mavzusi abadiyatga doxildek! Rohit Shettining “Sevishganlar” kartinasi juda katta shov-shuv ko‘tardi. Film suratga olinishi boshlashidanoq hind kino muxlislarining diqqati “Sevishganlar”ga qaratildi. Axir, Bollivuddagi eng mashhur juftlik Shohruh Xon va Kajolning “Mening ismim Xon”dan so‘ng ya’ni oradan besh yil o‘tib, yangi kartinada yana birga ko‘rishni millionlab kinomuxlislar ilhaq kutgandi-da! Yangi filmga Xonning rafiqasi Gauri Xon “pul tikdi”. Demak, kartinaga katta e’tibor qaratilishi tabiiy. Filmning suratga olish jo‘g‘rofiyasi ham diqqatga molik joylarni qamradi. Bolgariya poytaxti Sofiya, Islandiyaning hali Bollivud va Hollivud qadami yetmagan romantik nuqtalari...  
Bir jangchining sevgi qissasi...
(“Bajirao va Mastani” filmi shiori)
Bu gal ham Sanjay Lila Bhansali o‘z uslubiga sodiq qoldi. “Bajirao va Mastani” kartinasi uchun maxsus dekoratsiyalar qurdirdi. Yuzlab bejirim hind milliy liboslarini tiktirdi. Tarixiy obrazlar uchun jangovar, dag‘al liboslardan ham bir necha xilidan bir necha yuztasiga buyurtma berdi. Film mazmuni mashhur bir jangchining ishqqa to‘la hayotini aks ettiradi. Bhansali bu kartinasi uchun bosh rollarga aktyorlar tanlashda, bir to‘xtamga kelishda uzoq bosh qotirmagan ko‘rinadi. Go‘yo “Ram va Lila”dagi Ranvir Singx va Dipika Padukonning mahoratli ijrosidan ilhomlanib, yangi kartinasiga ularni taklif etishni o‘ylab qo‘ygandek. “Ram va Lila”da atigi bir qo‘shiqda bir necha daqiqaga ko‘rinib o‘tgan Priyanka Chopraga “Bajirao va Mastani”da kattagina rolni “tuhfa” etdi. Xullas, bosh qahramonlar uchun  “Ram va Lila”ning asosiy qahramonlari tanlandi. Hindcha talqindagi “Romeo” va “Juletta” “Bajirao va Mastani”da mutlaq boshqa qiyofalarni yaratishdi.
Eng qizig‘i, ikki megablokbaster premerasi negadir bir kunga belgilandi. 18-dekabr! Bolli-ringda: “Sevishganlar” “Bajirao va Mastani” bilan kuch sinashadi. Har tomonlama bir-biridan farq qilgani bilan raqobatda ulardan biri yer tishlari aniq, “Sevishganlar”da to‘rtta yulduz ijrosiga ishoniladi: Xon, Kajol, Varun Dhavan va Kirti (yangi yulduz). “Bajirao va Mastani”da “3 +1”: Ranvir, Dipika va Priyanka. To‘rtinchi “kuch” esa rejissyorning o‘z nomi – Bhansali! Axir, Sanjayning birgina “Zulmat” (2005) filmi oradan 10 yil o‘tibdiki, hanuz sevimli va tomoshabop! Bhansali Bollivud studiyalarida antiqa dekoratsiyalar qurdirib, filmlar yaratishi esa uning hech kimga o‘xshamaydigan jihatlaridandir.
158 daqiqa! Ha, Mira va Raj muhabbat romani ana shuncha vaqt davom etadi. Musiqiy romantik ekshn-komediya – janrlar qorishig‘i asosida yaratilgan “Sevishganlar” hind kinosiga qiziqqan va qiziqmagan omma e’tiborini qozonish umidida. Bir paytlar oshiq-u beqarorlar bo‘lgan Mira va Raj muhabbat romaniga siyoh to‘kiladi: Rajning gangsterlik ishlaridan xabar topgan Mira munosatlariga nuqta qo‘yishni ma’qul ko‘radi. Yillar o‘tib, Rajning ukasi va Miraning singlisi o‘z sevgi rishtasidan voz kechib, hijronda yurgan sevishganlarning darz ketgan munosabatlarini tiklashga urinishadi! Xo‘sh, natija qanday bo‘ladi? Bu savolga javob 18-dekabrdan keyinga qoladi!   
Tarixiy, drama va melodrama janrlarini uyg‘unlashtirgan “Bajirao va Mastani” filmi hind sarkardasi Baji Rao va uning ikkinchi rafiqasi Mastanining sevgi ertagi haqida so‘zlaydi. Bosh qahramon 40 dan ortiq janglar o‘tkazib, aksariyatida g‘olib bo‘ladi. U qanchalar qahri qattiq jangchi bo‘lmasin, o‘zining sevimli rafiqasiga nisbatan judda hissiyotli va muloyimdir. Uning ismi – “jang maydoni odami” ma’nosini anglatadi. Botir va strateg jangchining muhabbat ertagi qanday yakun topishini premeradan keyin bilib olamiz.   
“Sevishganlar”ning “Gerua”, “Janam Janam” kabi videolari internet tarmog‘ida bir kunda bir necha million marta tomosha qilindi. Bunga asosiy sabab, videolar romantikaga juda boyligidir. Xon va Kajolning sevishganlar qiyofasini ishontirib yaratib bera olishi mushkul emas. Yillar davomida sinalgandir, ular. “O‘g‘irlanmagan kelin”, “Bazigar”, “Hayotda hamma narsa bo‘ladi”, “Goho shodlik, goho g‘am”, “Mening ismim Xon”  kimning esida yo‘q?
“Gerua”da sevishganlarga  go‘zal tabiat hamohangligi qalblarni muhabbat ummoniga g‘arq qiladi.
“Devona Mastani” videosi “Bajirao va Mastani” filmining eng ko‘p tomosha qilingan videosi sanaladi. Haddan ziyod bejirim dekoratsiya va Dipikaning betakror raqsi har qanday didi baland tomoshobinni ham lol qoldiradi. Hind milliy cholg‘u asboblarining sehrli ohangi esa Bajirao va Mastanining sevgi qasriga eltganini sezmay ham qolasiz!
Xullas, ikki megablokbaster. Ikki filmning gigant ijodkorlari kabi minglab tomoshabinlar ham qattiq hayajonda: ijodkorlar filmlarini qanday kutib olishlarini o‘ylab, muxlislar orziqib kutgan filmlarining qay darajada qiziqarli yaratilganini!
Darvoqe, piarning eng zo‘rini “Sevishganlar” ijodiy guruhi uddaladi. Hindistonda bu kartina haqida bilmagan qolmadi-yov! Hatto, tilanchi-yu, ko‘chada yotib turadigan fuqaro ham “Dilvale” desa, “Aha!” desa, ajabmas. Yaqindagina “Sevishganlar” Londonda ham o‘z piariga doir bir necha uchrashuvlar o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
“Bajirao va Mastani” esa o‘z piari bobida Hindistondan nariga o‘tolganicha yo‘q.   
Sanoqli kunlar qoldi! Ha, hayajonlar tugashiga sanoqli kunlar qoldi! Muhimi, umidlar puchga chiqmasin! Tarvuz qo‘ltiqdan tushmasin!
Jasur HAMROYEV


Категория: Bollewood (Xindiston yangiliklari)
Просмотров: 7954 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Bajirao va Mastani, Sevishganlar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
Maestro_shoir Курамизда
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 04:22
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное