Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Dehqonlarga 150 mln so‘mgacha garovsiz imtiyozli kredit beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish hisobiga aholi daromadini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar (xizmatlar) bilan uzluksiz ta’minlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida:

1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda – Bog‘dorchilik agentligi) meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 12 oy muddatga, shu jumladan, 11 oylik imtiyozli davr bilan qo‘shimcha 300 milliard so‘m byudjet ssudasini yillik 10 foiz stavkada ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Moliya vazirligiga qaytarilgan mablag‘lar hisobidan yil davomida Bog‘dorchilik agentligining buyurtmanomalari asosida qo‘shimcha byudjet ssudasi ajratib borilishini ta’minlash vazifasi yuklatilsin. Bunda, ajratilgan byudjet ssudasi bo‘yicha qarzdorlikning jami summasi mazkur qaror doirasida 300 milliard so‘mdan oshib ketmasligi kerakligi belgilab qo‘yilsin.

2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan mablag‘lar Bog‘dorchilik agentligi tomonidan tijorat banklariga resurs sifatida yo‘naltirilgan holda, Bog‘dorchilik agentligining loyiha ofislari rahbarlarining hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining tavsiyasiga ko‘ra:

•    qishloq xo‘jaligi korxonalariga – meva, uzum, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlar (keyingi o‘rinlarda – qishloq xo‘jaligi ekinlari) yetishtirishga urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berish uchun;

•    mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini xarid qilishda talab etiladigan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun ajratiladi.

Bunda:

•    qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi;

•    kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari yillik 14 foiz (shundan 3 foizi bank marjasi) miqdorida belgilanib, kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi;

•    ajratiladigan kredit mablag‘larining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi;

•    ajratiladigan kreditlar bo‘yicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi.

3. Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun Bog‘dorchilik agentligiga zarur bo‘lgan mablag‘larning olti oy oldin ajratib borilishini ta’minlasin.

4. Belgilansinki:

a) kredit mablag‘larining qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha yoki hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sifatida qabul qilinib, kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirilishi mumkin;

b) qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Moliya vazirligi 2023 yil va kelgusi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash maqsadlari uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

5. Bog‘dorchilik agentligi direktori X.Karimov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Haitov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:

•    joriy yilda qo‘shimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va 2023 yilda beriladigan 95 169 gektar ekin maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan importni qisqartirishga shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin;

•    2022-2023 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan maydonlar kamida 300 ming gektarga yetkazilishini ta’minlasin. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirish Bog‘dorchilik agentligi tomonidan belgilab beriladi.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Haitov) hamda Bog‘dorchilik agentligi (X.Karimov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:

•    hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini, o‘g‘it va o‘simliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish hamda ekinlarni yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirish;

•    qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish choralarini ko‘rsin.

7. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Multimedia markazi meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuq va natijalar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida quyidagi vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlasin:

•    media mahsulotlar (rolik, ko‘rsatuv, reportaj, intervyu va turli slaydlar) orqali meva-sabzavotchilik sohasida fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari hamda aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish;

•    aholini qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlikka qiziqtirish, yerdan va resurslardan unumli foydalanish orqali o‘z daromadini oshirishga o‘rgatuvchi teleko‘rsatuvlar tashkil qilish;

•    aholini qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘y berayotgan yangiliklar, ijobiy tajribalar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘layotgan talablar va o‘zgarishlar to‘g‘risida keng xabardor qilish;

•    qishloq xo‘jaligi sohasida jahondagi ilg‘or tajribalarni respublika hududida ommalashtirish.

8. Bosh Vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uzum yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2 yil muddatga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr bilan 10 million AQSH dollari miqdorida yillik 2 foiz stavkada mablag‘ ajratsin.

Bunda, uzum yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga mablag‘ ajratish shartlari Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Haitov) bilan birgalikda har bir hududda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha taqdimotlar va seminarlar o‘tkazsin.

10. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

11. Hisob palatasi (B.Turabov) Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi va maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.

13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov, Bog‘dorchilik agentligi direktori X.M.Karimov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.M.Ubaydullayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.


Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 707 | Рейтинг: 0| Рейтинг: imtiyozli, 150, Dehqonlarga, kredit, mln, garovsiz, beriladi, so‘mgacha
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 01:38
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное