O‘zbekistonda jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan bir martalik “yordam paketi”ni berish tizimi joriy etiladi. Bu haqda “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinadi.
Ushbu tizim doirasida jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining aniq loyihasini (tadbirkorlik, ishlab chiqarish, me’morchilik va hokazo) taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, mahkumlar va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy ta’minot va xalqaro e’tirof etilgan boshqa huquqlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashishning samarali mexanizmlarini joriy etish, ushbu yo‘nalishda davlat va jamiyat institutlarining birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida
- ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga jazoni o‘tash sharoitlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtiriladi;
- mehnatga jalb etilgan mahkumlarga koloniyalardagi ish stajini umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etadi;
- mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi qat’iy mezonlar belgilanadi
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning yanvarida Toshkent shahar IIBB “Panelniy” qamoqxonasidagi sharoitlar xalqaro standartlarga javob berishini ma’lum qilgandi. AQShning Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha komissiyasi 2021-yilning oktabrida O‘zbekistondagi diniy va siyosiy mahbuslar haqida hisobotini e’lon qilgandi. Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatda prezident o‘zgargan 2016-yil oxiridan beri minglab mahbuslar ozod etilganiga qaramay, 2000 dan ziyod odam konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, taqiqlangan adabiyotlarni saqlash yoki taqiqlangan guruhlarga a’zo bo‘lish kabi “mujmal va haddan tashqari keng talqin qilish mumkin bo‘lgan ayblovlar” bilan qamoqda qolmoqda.