Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Qizlardagi axloqsizlikning o‘zgacha namunasi


Hech kimga sir emaski, bugungi kunda butun dunyoda “ma’naviy xuruj” atalmish atamaning o‘rni oshib bormoqda. Ayniqsa, Yevropadan kirib kelayotgan hazm qilib bo‘lmas jihatlar, qo‘shtirnoq ichidagi urf-odatlar qisqa fursat ichida yoshlarning ongini zaharlamoqda. Eng achinarlisi, yoshlar ham ana shu ayovsiz dushmanning quliga aylanishmoqda. Mana shu fojiaviy holat ko‘p jabhalarda ko‘rinadi, o‘zaro muomalada, otaning bolaga yoki akaning ukaga oqibatsizlarcha munosabatida, yoshlarning o‘zini tutishida va hokazo. Biz esa mazkur sahifamizda boshqa bir jihatga — kiyinishga e’tibor qaratmoqchimiz. Yo‘q, yana o‘sha kalta liboslaru allambalo kiyimlarmi, dersiz? Gap bunda emas! Gap aksariyat yoshlar kiyib yurgan liboslarning egnidagi yozuvlarda. Bir qarashda oddiy holdek, ahamiyat qaratishga arzimaydigandek ko‘ringan bu illatlar zamirida shunchalik katta fojia yotadiki… Eng yomoni, yoshlarimiz o‘z egnilarida insonlarni yomonlikka, hayosizlikka chorlovchi, to‘g‘ri yo‘ldan ozdiruvchi “illat”ni ko‘tarib yurganlarini sezmaydilar ham. Shu bois ana shu illatlarni fosh etishga qaror qildik.

«Meni o‘ldir, sevgilim»

Vahimaga tushdingiz-a! Siz bu jumlani hozir bir martagina o‘qidingiz xolos. Ammo ayrim yigit-qizlarimiz xuddi shunday so‘zlar katta harflar bilan yozib qo‘yilgan liboslarni loqaydlarcha kiyib yurishibdi. Siz ham shu paytga qadar bunga e’tibor qilmagandirsiz, balki. Ha, bunday yigit-qizlar kiyib yurgan liboslarga ka-a-a-tta harflar bilan «PLEASE, KILL ME» deb yozib qo‘yilgan. Bu jumla «Iltimos, meni o‘ldiring», degan ma’noni bildiradi. Libosdagi bu yozuv atrofdagilarning e’tiborini tortar darajada yozilgani esa kishining dilini g‘ash qiladi. Endi o‘zingiz o‘ylang, shu gapni o‘qigan odamning miyasiga ijobiy fikr keladimi? To‘g‘ri, bu bir qarashda hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin, ammo qayta-qayta ko‘ravergan kishi bu yozuvga o‘rganib qolishi hech gap emas. Eng yomoni, «Iltimos, meni o‘ldiring!» jumlasida na insoniylik bor, na ezgulikka, yaxshilikka yetaklovchi jihat. U insonni yovuzlikka undashdan boshqasiga yaramaydi.

Bu hali hammasi emas. Ayrim liboslardagi «I WANT TO DIE» degan yozuvni o‘qib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Chunki bu yozuv «Men o‘lishni istayman» degan ma’noni beradi. Mazkur jumlani o‘qiganingiz zahoti a’zoyi badaningiz jimirlab ketadi. Endi bu yozuv yozilgan libosni doim kiyib yuradigan yigit-qizlarga u qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tasavvur qilavering. Jumladagi pessimistik, insonni qabihlikka undovchi ruh aks etganini bilish qiyin emas. Bu esa yaxshilikdan dalolat bermasligi tayin. Ommaviy madaniyatning chirkin illatlarini targ‘ib qiluvchi, eng yomoni, o‘limni ilgari suruvchi liboslar shu bilan cheklanib qolmaydi. Bunday liboslarda yuqoridagilardan tashqari, «KILL ME, BABY» («Meni o‘ldir, sevgilim!») va shunga o‘xshash razolatga yetaklovchi jumlalarni uchratasiz.

Bundan tashqari, ba’zi kiyimlarda kishini qo‘rquvga soluvchi bosh skeleti, allaqanday dahshatli qiyofalar rasmini ko‘rish mumkin.

O‘zini haqoratlaydiganlar

Yuqoridagi jumladan ajablanganlar uchun shuni aytib o‘tmoqchimizki, bu hali hammasi emas. Ayrim liboslardagi yozuvlarni o‘qib, hayratdan lol qolasiz. Mana, masalan, ba’zi liboslarda «Dirty girl» degan yozuvga ko‘zingiz tushgandir. Bu «Iflos qiz» ma’nosini beradi. Quloqqa juda xunuk eshitiladi-a?! Nahotki yigit-qizlarimiz o‘zlari kiyib yurgan kiyimda qanday so‘zlar yozilganiga qiziqishmasa? Axir «Iflos qiz» jumlasi ko‘tarib yuradigan, tag‘in hammaga ko‘z-ko‘z qiladigan jumla emas-ku! To‘g‘ri, ingliz tilini ko‘pchilik bilmas, ammo bu kiyimga yopishtirilgan «razil illat»larga befarq bo‘lish kerak, degani ham emas!

Axloqsizlikning zabonsiz ko‘rinishlari

O‘zbek xalqi madaniyati, sharqona mentalitetda hayo, ibo, iffat kabi tushunchalar muqaddas ekani kundek ravshan. O‘zbek qizi, umuman, o‘zbek farzandi azaldan hayo, or-nomus timsoli bo‘lib kelgan. Xo‘sh, unda ayrim yigit-qizlarning egnidagi kiyimlarni ko‘rgani ko‘z, ularda yozilgan jumlani o‘qishga til chidamaydi. Qanday qilib qizlarimiz «I want you love me» jumlasiga e’tibor berishmaydi. Ammo bu «Meni sevishingni istayman», degan ma’noni beradi. Endi o‘ylab ko‘ring, bu jumla qiz bolaga yarashadimi? Axir bu axloq, hayo, ibo mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi-ku!

Yoki katta harflar bilan yozib qo‘yiladigan «I AM IMMORAL LOVER» jumlasini olib ko‘raylik. Bu jumla «Men axloqsiz oshiqman» ma’nosini anglatadi. Mazkur jumlani o‘zini hurmat qilgan odam hazm qila olmasa kerak. Unda madaniyatsizlik, axloqsizlik ilgari surilgani kundek ravshan-ku! Yoki yana bir misol. «Kiss me» («Meni o‘p») deb yozilgan liboslarni ko‘p bora uchratgandirsiz. Xo‘sh, bu jumlani qanday izohlaysiz? Bu jumla yengiltaklik kabi illatlarni targ‘ib qilishini yaxshi bilamiz. Unda nega shu narsa aks etgan liboslarni kiyib yuramiz? Buning inson ongiga salbiy ta’sir qilishi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz.

Kiyimda aks etgan uyatsizlik

Yuqoridagilardan tashqari, yana shunday misollar borki, ularni o‘qib hatto ilon ham po‘st tashlab yuboradi. Hayosizlikni ilgari suruvchi, jirkanch, insonning dunyoqarashini tamomila teskari tomonga o‘zgartirib yuboradigan bu kabi jumlalar, ming afsuski, yoshlarimiz tomonidan oddiy narsadek qabul qilinmoqda. To‘g‘ri, tilni bilmaydiganlar ham bordir, ammo bu libosda nima yozilgani bilan (kichikroq yozilgan bo‘lsa ham mayli, ko‘zga tashlanmaydi, deb oqlardik, ammo bunday emas) qiziqib ko‘rmaslikni oqlab bo‘lmaydi. Bu loqaydlik bora-bora salbiy oqibatlarga olib kelmaydimi? Bugun kiyimdan joy olgan bu kabi illatlar erta bir kun yoshlarimizning tiliga ko‘chmasligiga kim kafolat beradi? Bunday kiyimlar Yevropada avj olgan ommaviy madaniyat namunalari emasligiga-chi?.. Ehtimol, bu g‘arbona qarashlarning ongimizni egallashga qaratilgan o‘ziga xos ma’naviy hujumidir. Axir Abdulla Qahhor bekorga so‘zni atomdan ham kuchli qurol, deb ta’riflamagan. Balki, bugun ko‘zimizga oddiy holdek ko‘rinayotgan, «Libosdagi bir yozuv-da», deb qarayotganlarimiz ongimizni zaharlashga, yoshlarimizni jaholat, razillik, o‘lim kabi sovuq tushunchalarga hamroh qilishga qaratilgan quroldir. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Axir bugun «Meni o‘ldiring», degan gapni o‘qishga o‘rgangan, uni har kuni ko‘raverib, ko‘nikkan, o‘lim oddiy holga aylanib qolganlarda erta bir kun o‘z joniga qasd qilish xohishi ortib borishi mumkin-ku! To‘g‘ri, hozir bu gaplar siz uchun arzimas gapdek tuyular, ammo har qanday arzimas illat erta bir kun kurtak otib, ongimizni to‘liq egallab olishi mumkin.

«Play boy» jumlasi tushirilgan va quyon rasmi chizilgan liboslarni ham ko‘p uchratgandirsiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu rasm va yozuv Amerikadagi jurnallardan birining emblemasi hisoblanarkan. Bu jurnal esa uyatsiz, axloqsiz suratlarni chop etishga ixtisoslashgan ekan. Mana, biz qanday liboslarni kiyib yuribmiz, mana, biz qanday emblemalarni ko‘tarib yuribmiz. Bu fojia emasmi?

Jurnalistik nigoh!

Bilasizmi, xuddi ana shu masala bo‘yicha sotuvchilarning fikri bilan qiziqib ko‘rdik! Ya’ni bozorda xuddi shunday liboslarni sotayotgan sotuvchiga “Bu kiyimlardagi jumlalar qanday ma’noni berishini bilasizmi? Nega aynan shunday liboslarni sotyapsiz?” deya savol berganimizda u: “Hozir yoshlar shunaqa kiyimlarga o‘ch. Buyam zamonaviylikka intilish-da! Bizdan aynan shunaqa kiyimlarni so‘raydigan yoshlar ko‘p. Ular bir-biridan qolishmaslikka intiladi”, deya javob qaytardi. Taassufki, sotuvchi haq. Ayni damda biz illat, razolat deya ta’riflaydigan jihatlarni ayrim yoshlarimiz “zamonaviylik belgisi” deya qabul qilishmoqda. Mana bizning fojiamiz nimada? Mana ma’naviy qullik bora-bora qanday oqibatlarga olib kelishini isbotlovchi jihat!

O‘zligimizni asraylik

Mafkuraviy kurash tobora avj olgan bugungi davrda ommaviy madaniyat illatlari dunyoni egallab olishga urinmoqda. Xususan, bizda ham bu «madaniyat» ko‘zga tashlanyapti. Yuqorida ta’kidlangan, qoralangan liboslar ham ommaviy madaniyatning bir ko‘rinishdir. Shunday ekan, pulimizni axloqsizlikni ilgari surgan kiyimlarga sarflamaylik. Salbiy illatlar ongimizni zaharlashiga yo‘l qo‘ymaylik. Insoniylik, olijanoblik aks etgan o‘zligimizni yo‘qotmaylik. Buning uchun esa e’tiborli, sinchkov va ziyrak bo‘lish talab etiladi. Umid qilamizki, mazkur fikrlarimizdan o‘zingizga to‘g‘ri xulosa chiqara olasiz. Zero, kelajak avlodning komil, har tomonlama yetuk inson bo‘lib yetishishi o‘zimizga bog‘liq. Kelajakda attang deb qolmaslik uchun hozirdanoq yeng shimaraylik! Arzimas narsalarga ham e’tiborsiz bo‘lmang, chunki biz pisand qilmagan cho‘g‘ erta bir kun shunday gulxanga aylanadiki, uni aslo o‘chirolmaysiz. Farzandlarimizni ana shunday axloqsizlik, ma’naviyatsizlik gulxanidan asraylik.

Nizomjon ISLOMOV



Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 11046 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: MESSI
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
Munirjon Tuwunmaslikning til bilmaslikning oqibati
Like | 0
slada Ogohlik davr talabi
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:33
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное