Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

"Sotqin"ni Qaroqchi urdi!

Ayni paytda yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etilayotgan “Sotqin” filmi bilan bog‘liq xush va noxush bir xabar tarqaldi. O‘zbek kinosida davomiyligi eng uzoq filmni uzoq kutishga sabr qila olishmadi shekilli, “videoqaroqchi”lar filmning asl nusxasini topib, tarqatib yuborishdi. Xabarning noxushligi shunda! Xushligi esa ommaning “Sotqin”ga bo‘lgan ulkan qiziqishi! Bozorlarda qaysi “qaroqchilik” rastalariga boqmang, “Sotqin” talash.
Rejissyor Rustam Sa’dievning ijodidagi “oltin” kinoasarning ma’naviy ozuqasi ming-minglab tomoshabinlarga asqotayotgani bir tomon. Masalaning boshqa tomoni bor, “o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon” bo‘layotgan “qaroqchilar” esa o‘zbek kinosining rivojining “bel”iga tepmoqda, ancha moliyaviy zarar yetkazmoqda. Shu va boshqalar xususida Rustam Sa’dievni suhbatga tortdik.
-“Sotqin”ning qaroqchi urganini qanday bilib qoldingiz?
-Bir ukam filmimning “qaroqchi” variantini  suratga olib yubordi. O‘sha diskda nafaqat, “Sotqin” balki, boshqa yangi o‘zbek filmlari ham jamlangan ekan. Achinarlisi esa, ular orasida birgina “Sotqin” hali kinoteatrlarda namoyish etilmoqda. Yaqin kunlarda esa “Sotqin” yuqori sifatda, lisenzion tarzda sotuvga chiqarilishi ham rejalashtirildi.
-“Videoqaroqchilik”ning oldini olish, umuman, bunday “harom” biznesga qarshi qanday kurashish mumkin?  
-Tegishli davlat idoralari bilan hamjihatlikda kurashsak, biron foydali natijaga erishish mumkin. OAV, xususan, TVning ahamiyati katta. TVda “pirat”larga qarshi tok-shou tashkil qilish ayni muddao. Kinoteatrlarga tomoshabinlarning muntazam kelishi orqali kinosanoatni moddiy jihatdan barqarorligiga erishish mumkin. Kinoijodkorlar gonorari ko‘paysa, kinoda sifat ham oshadi. Ommada bir fikr shakllanib qolganki, “yaqinda diski chiqadi, o‘shanda ko‘ramiz” deydi. Biroq, filmni omma bilan kinoteatrda tomosha qilishning o‘z gashti bor. Agar, bu gasht yo‘qolganida, butun dunyoda kinoteatrlar yopilib ketgan bo‘lardi. Kinobozor deganda kinoteatrlar tushuniladi. “Qaroqchi” urib turaversa, kinoning o‘sishiga salbiy ta’sir qilaveradi.
-“Qaroqchilik” “Sotqin” namoyishiga tomoshabin kelishiga qay darajada ta’sir qildi?
-So‘ngi 2-3 kun ichida odam kamayib ketdi.
-“Pirat”lar bozoriga tushgan yangi filmlar ancha. Biroq, “Sotqin”niki rosa shov-shuvga aylandi. Bu bir tomondan xushxabar: filmingizga ommaning qiziqishi qandayligini bilib oldingiz...
-Qaysidir ma’noda xusand bo‘laman. Ammo, yangi filmlarni qonuniy yo‘l bilan sotib, pul ishlab topishsa, adolatli bo‘lardi. Hukumat ajratgan pul kinodan qaytishi kerak-ku, axir?! Xususiy filmlar chiqib ketsa, ko‘pchilik ijodkorlar xonavayron bo‘ladi! Qonuniy bazani kuchaytirish kerak, jazolash kuchaytirilsa, “qaroqchilik”ka chek qo‘yiladi. “Pirat”lar hamma joyda bor. Biroq, intellektual mulk degan tushunchani tomoshabinga yetkazish kerak. Diskda yangi filmning sifati past yo yuqoriligi ikkinchi masala. Qiziqarli film bo‘lsa, talashadi. Hech kim ko‘rmaydigan film bo‘lganida, bu qadar katta qiziqish bo‘lmasdi. Vijdonini bir chetga surib, “qaroqchilik” qilayotganlar birovning rizqini osongina o‘zlashtirayotganini his qilishlarini istagan bo‘lardim. Nazarimda, bu masalani “Oliy majlis”gacha olib chiqish kerak. Chaqaloq yig‘lamasa, ona ko‘kragini tutmaydi degan gap bor. Bu haqda kerakli idoralarga yetkazsak va harakatga kirishsak, kinoga bo‘lgan munosabat madaniyatini omma ongida shakllantirishga xizmat qilgan bo‘lardik.
-“O‘zbekkino” tomonidan chora ko‘rilmadimi?
-Harakat qilishmoqda. Biroq, uch-to‘rt kishi “videopirat”lar armiyasiga qarshi kurashishi kulguli hol. TVga ham hayron qolosan, kishi. Qozondagi sumalak atrofida to‘rtta xonanda bilan qo‘shiq aytilgan ko‘rsatuvlarni qo‘yavermasdan, mana shunday og‘riqli mavzularni olib chiqishsa, jamiyatning zararli omillariga barham berishga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lishardi.
-Filmga sarflangan pulning qanchasi milliy agentlik hisobiga qaytdi?
-Hukumat ajratgan mablag‘lar, asosan, idealogiyaga xizmat qiladi. Qancha sarflangan pul qaytib kelsa, kino rivojiga hissa qo‘shadi. Bu filmim - davlat tashkilotining mulki hisoblanadi. Shu boisdan, filmdan qancha tushganini so‘rashga haqqim yo‘q. Bir kunda qancha tomoshabin kelgani bilan qiziqishim mumkin. Menga gonorarim to‘langan. Biroq, “qaroqchilik” yildan-yilga kuchayib borayotganiga qayg‘uraman. Ularga qarshi qonun ishga solinishi uchun ham biz ijodkorlar ham harakat qilishimiz kerak. “Qaroqchilik” in qurgan bozorlarda seminar o‘tkazib, bu haqda jo‘yali fikrlar bildirish lozim. Yana takror aytaman, bu borada TV bosh qo‘shishi kerak.
Hammaga insof bersin. “Qaroqchi”lik kasb emas. U orqali topiladigan mo‘may daromad halol bo‘larmidi? Qonun-qoida ham o‘z yo‘liga. Birovning bozorini kasodga uchratishdan oldin, “qaroqchi”lar o‘z maqsadi va kinoijodkorlar mashaqqatli izlanishi, peshona terini vijdon tarozisida bir tortib ko‘rishsa bo‘larmidi?!
Jasur HAMROYEV


Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 5425 | Рейтинг: 0| Рейтинг: qaroqchi, Sotqin
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:24
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное