Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Talabalar gardanidagi “yig‘im-terim”larning oxiri bormi o‘zi?


Sarlavhani o‘qigan talaba maqolada qanday mavzuga taalluqli muammo nazarda tutilganini bir qarashdayoq tushungani aniq...

Bugun mamlakat Prezidenti ta’lim tizimini rivojlantirish borasida jon kuydirayotgan bir vaqtda Oliy o‘quv yurtlaridagi talabalar o‘rtasidagi har xil “yig‘im-terim”lar avj olmoqda. To‘g‘ri, bunday “yig‘-yig‘lar” nafaqat oliy ta’limda, balki xalq ta’limi muassasalari, hatto maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ko‘plab uchrashi hech kimga sir emas. Eng qizig‘i, bu kabi holatlar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Biroq bu “an’ana”ni yana qancha davom ettirish mumkin?

Ma’lumki, har bir universitet va institut talabalari uchun olgan baholariga qarab stipendiya belgilanadi. Jumladan, “3” bahoga o‘qiydigan talabalar 270 ming, “4” baho oluvchilar 380 ming , “5” baho oluvchilar 505 ming so‘mlik stipendiya oladi.

Bu stipendiya ularning yo‘l va tushlik xarajatlari uchun sarf etiladi, odatda. Deylik, talabaning yo‘l xarajatiga bir oyda 32 000 (avtobus va bitta transport vositasidan foydalangan holatda), tushlik xarajatlari esa o‘rtacha 200 ming so‘m ketadi. Demak, “3” bahoga o‘quvchi talabalar stipendiya rejasini yo‘l va tushlik xarajatlari bilan bajarishar ekan-da. Shunday ekan, yil davomidagi turli “yig‘im”lar ular uchun ortiqchaligi ayon. Nafaqat ular uchun, balki “4” va “5” bahoga o‘qiydiganlar uchun ham ortiqcha xarajatlarning keragi yo‘q. Ayniqsa, ular shartnoma asosida o‘qisalar...

Xarajatlar haqida gap ochdikmi, demak, ularga to‘xtalib o‘tishimiz zarur. Bizga oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olayotgan talabalardan birining murojaat qilishicha, har oy xonaning tozaligi uchun har bir guruhdan o‘rtacha 50 ming so‘m yig‘ilar ekan. Bundan tashqari, kurs xonasini ta’mirlash, bezash va boshqa maqsadlarda yana o‘rtacha 30–50 mingdan, turli tadbirlar uchun yana 20–30 mingdan to‘lanadi.

Bu hali holvasi...

Har oraliq nazoratlarda, ayniqsa, sessiyalarda ayrim o‘qituvchilar tomonidan “majburiy-ixtiyoriy” sotilayotgan kitoblar, o‘quv qo‘llanmalarni ham hisobga kiritish lozim.

Birinchidan, tozalik xodimlari, xonani ta’mirlash va turli tadbirlar uchun oliy ta’lim muassasasi tomonidan pul ajratiladi-ku?!

Hisobotda bor (amalda esa talabalar gardaniga yuklanadigan) mablag‘lar qaerda?

Nega shunday bo‘lsa ham talabalardan qo‘shimcha pul yig‘ilmoqda?

Ikkinchidan, o‘qituvchilar tomonidan o‘zlari chop etgan kitoblarning zo‘rma-zo‘raki sotilishi qanchalik to‘g‘ri?

Albatta, kitobning ortiqchasi bo‘lmaydi. Biroq shundoq ham kutubxonalardan o‘rin olgan darsliklar va asosiysi, tarjima bo‘lgan kitoblarni sotib olish qanchalik zarur? Buning o‘rniga talabalar o‘zlari istagan kitobni xarid qilishlari to‘g‘ri emasmi?

Eng yomoni, bu talabalarning bahosiga ta’sir qiladi. Ya’ni kitob sotib olganlar bilimi qandayligidan qat’iy nazar a’lo baho olishlari, sotib olmaganlar esa, aksincha, qoniqarli bahoni bag‘irlariga bosi-i-i-b yurishadi. Bunday adolatsizlikka tezroq chek qo‘yish kerak!

To‘g‘ri, o‘qituvchining bahosi 2–3 karra oshirilib sotilayotgan kitobini sotib olayotgan talabalarning aksariyati o‘zining asosiy vazifasi — ta’lim olishni xushlamaydi. Ularning ko‘pchiligiga dars tayyorlashdan ko‘ra “kutubxonasini boyitish” afzalroq. Biroq sidqidildan o‘qiyotganlarga qiyin! Ularning ko‘pchiligi “oshib-toshib ketgan” oilalardan emas...

Bu kabi yig‘imlar talabalarni o‘qishdan chalg‘itib, pul topishga undashi turgan gap. Yoki eng katta jabrni yana ota-onalar ko‘radi.

Axir, o‘qish sarf-xarajatdan iborat bo‘lishi kerak, degani emas-ku. Nahotki, yuqoridagi sabablar tufayli ko‘pchilik ota-ona va talabalarda shunday taassurot uyg‘onishiga qo‘yib bersak.

Nigina Hakimova



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 4970 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: talabalar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
аватар отсутствует Rosa ichimdagini yozibdida
Like | 0
NuR_KR Муалифни пешонасасидан упиб куйинглар курганлар мани номимдан
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 05:23
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное