Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Gulsanam Mamazoitova: “BAChKANALIKDAN QO‘RQAMAN!”

San’atning noni shirin, tashvishlari yashirin. Radio orqali yangrayotgan uch daqiqalik qo‘shiq ortida qanchadan-qancha uyqusiz tunlar yotganini payqamaymiz. Albatta hamma qo‘shiqchilar-u, qo‘shiqlarni yuqoridagi fikrimizga isbot sifatida keltirolmaymiz. O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova esa chinakam mehnatsevar, tun-u kun demay ijod qiladigan xonandalardan. Xonanda shu yilning 9 dan 15 fevralga qadar “Istiqlol” san’at saroyida jonli ijrodagi konsert dasturini taqdim etmoqchi. Darvoqe, “Ikki avlod” loyihasining galdagi soni ham aynan ijod jarayonida bo‘lib o‘tdi. Ovoz yozish studiyasida Gulsanamni akasi Otabek Muhamadzohid bilan uchratdik.

Shahnoz, xonanda, bastakor, shoira:
— Gulsanamni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘qib yurgan davrlaridan yaxshi taniyman. O‘sha vaqtlardayoq uning iste’dodiga ishonchim baland edi. Oradan ko‘p yil o‘tmagan bo‘lsa-da, u muxlislarning ham ishonchini qozona oldi.

— Otabek aka, Gulsanam ikkingizni birga ko‘rib turganimdan xursandman. Umuman olganda aka-singil san’atkorlar juda kam. Gulsanam akangizga yoqqan xonanda sizga yoqmasligi mumkin yoki aksincha sizga yoqqani akangizga. Bu borada bahslashib turasizlarmi? Joiz bo‘lsa yoqtirmaydigan qo‘shiqchilaringiz nechta?

Gulsanam: (kulgi ko‘tarildi) Shahnoza opa, bunday savol bilan boshlamang-da. Bor albatta...

Otabek: Ko‘p hollarda didimiz bir xil chiqadi. Hamma xonandaning qo‘shig‘ini eshitishga harakat qilamiz. Ba’zida fikrlarimiz qarama-qarshi chiqadigan holatlar ham yo‘q emas. Singlimga qo‘ng‘iroq qilib, falonchi xonandaning qo‘shig‘ini eshitib ko‘r, yaxshi chiqibdi desam, “aka, yaxshi chiqqan bo‘lsa bordir, lekin aytayotgan qo‘shig‘i o‘ziga to‘g‘ri kelmaydi-ku” deb tushuntirib ketadi.
— Keyingi savolimga o‘zingiz yo‘l ochib berdingiz. Shunday xonandalar borki ularning sahnadagi ijodiga tan berasiz, iqtidoriga ishonasiz. Ammo ijodi bor-u hayotda o‘z o‘rni yo‘q, odamgarchiligi yo‘q san’atkorlar ham bor. Kishi ko‘ziga, odamlarning yonida majburan salom-alik qiladigan paytlarimiz ham bo‘ladi. Buni menimcha tomoshabinlar ham payqaydi. Xonandaning hayotdagi tutgan o‘rni, odamlar bilan munosabati qo‘shiqlariga ta’sir qiladimi?
Otabek: Bir san’atkorni bilaman, yoshligimdan o‘sha insonga havas qilib ulg‘ayganmiz, haligacha ustoz deb hatto yonida qo‘shiq aytishga iymanaman. Iqtidori shunday yuksak inson lekin dili, gapirayotgan gapi, kuylayotgan qo‘shig‘i bilan hayotdagi amali bir xil bo‘lmagani uchun qo‘shiqlarining ham ta’sir kuchi yo‘q. U xoh rassom, xoh shoir, xoh xonanda bo‘lsin qachonki tili bilan dili bir bo‘lsa, tinglovchini qalbiga yetib boradi. Afsuski, hozir tildan chiqqan narsa esa, quloqda qolib ketyapti xolos.
— Xonanda faqat qo‘shiq aytish bilan shug‘ullanishi kerakmi yoki...
Gulsanam: Yo‘q, agar Yaratgan yuqtirgan iqtidori, shu iqtidorni namoyish etishga imkoniyati bo‘lsa hamma narsada o‘zini sinab ko‘rishi mumkin. Axir ijodkor o‘z nomi bilan ijodkor-ku.
Otabek: Meni fikrim biroz boshqacha. Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin degan gap ham bekorga aytilmagan. Misol tariqasida kino san’atini olaylik. Kinolarimizni tomoshabinbop qilish uchun, sarflagan xarajatni ikki baravar chiqarib olish uchun taniqli xonandalarni filmlarga taklif qilishadi. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida o‘qiyotgan yoki o‘sha yerni bitirgan iqtidorli aktyorlarimiz biroz nazardan chetda qolib ketyapti. O‘sha xonandaning aslida iqtidori bormi yoki yo‘qmi, u kinoda o‘ziga berilgan vazifani uddalay olyaptimi bu ikkinchi darajali bo‘lib qolyapti. Lekin shaxsan men xonanda Anvar Sobirovning aktyorlik qobiliyatini juda yuqori baholayman.
— Gulsanam siz ham o‘zingizni kinoda sinab ko‘rdingiz. Taklif kimdan chiqqandi.
Gulsanam: “Katta hovli” filmida uzumchi qiz rolini ijro etdim. O‘sha qiz xayolida aktrisa bo‘lishni istaydi va filmning o‘zida men Skarlett obrazini ham  yaratishimga to‘g‘ri keldi. Ochig‘ini aytsam kinoda rol o‘ynash men o‘ylaganchalik oson ish emas ekan.
— Xabaringiz bo‘ldimi yoki yo‘q: ayni shu film tomoshabinlarning juda katta tanqidlariga sabab bo‘ldi. Akangiz aytganlaridek tomoshabinlarni kinoteatrga chaqirish uchun taniqli xonandalardan foydalanilgan degan gaplar ham qulog‘imga chalindi.
— To‘g‘risi bu gaplardan xabarim yo‘q, chunki filmning tayyor holatini ko‘rmaganman. Film premerasi bo‘ladigan kun xorijda bo‘lganim uchun, filmni ko‘ra olmadim.
— Xonandalik o‘z yo‘liga, lekin Gulsanamning xalq bilmagan yana qanday hunarlari, qiziqishlari bor.
— Bolaligimdan raqs san’atiga juda qiziqaman. Hatto O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ma’mura Ergasheva, Sug‘diyona Isroilovalardan tahsil ham olganman. Farg‘onadagi san’at kollejida o‘qib yurgan kezlarim birinchi kursdaligimdayoq qizlardan tashkil topgan raqs guruhim bo‘lardi. Akamning vodiydagi qancha konsertlariga raqslarni o‘zim sahnalashtirganman. Keyin juda yaxshi pazandaman. Oshxonaga bir kirib olsam, qaytib chiqarvolishingiz qiyin (kulib). Ha aytgancha yoshligimda sportning taekvondo turi bilan ham shug‘ullanganman.
— Yo‘g‘-e?
— (Suhbatga xonandaning turmush o‘rtog‘i qo‘shildi) Zarbasi juda kuchli, isbotim ham bor,  desam-a... (kulgi ko‘tarildi.)
— Mana bunisi men uchun yangilik bo‘ldi. Sizni lirik qo‘shiqlarning mohir ijrochisi deb bilaman. Lekin nega o‘zingizni boshqa yo‘nalishda sinab ko‘rmaysiz? O‘ta zamonaviy qo‘shiqlarni kuylagan bo‘larmidingiz?
— Albatta, nega kuylamas ekanman. Hozir konsertga tayyorgarlikni boshlaganmiz. Repetisiya jarayonlarida yangi janrda kuylayotganimni ko‘rib, hatto akam ham hayron qoldilar. Muxlislar ham, san’at ahli ham menimcha ijobiy qabul qiladi. Konsertimda o‘zingiz eshitib baho berasiz.
— Sizlar oilada ikki farzandmisizlar yo boshqa aka-uka, opa-singillar  bormi?

— Ko‘pchilik muxlislarimiz bilishmaydi, akam bilan mening o‘rtamizda yana bitta opam borlar. Ismlari Go‘zal. Ular hisobchi bo‘lib ishlasalar-da san’atni juda yaxshi tushunadilar.

— Kimga Gulsanamning opasi bor desam, adashyapsiz u yolg‘iz qiz deb urib yengardi (kulib). Gulsanam siz shu vaqtgacha o‘zingizning qo‘shig‘ingizni, yuragingizni ochib beradigan ashulani aytib bo‘ldingizmi?

— (o‘ylanib) Menimcha bu savolingizga yana 15 yillardan keyin javob berolsam kerak. Chunki hayot davom etyapti, ertaga nima kuylashimni bilmayman.

Menimcha hali bunday qo‘shiq qilmadim. Inson qalbiga faqat bitta qo‘shiq bilan kirib bormaysiz-ku. Hozirdan falon qo‘shig‘imda Gulsanamni topasiz desam noto‘g‘ri bo‘ladi, menimcha.  Chunki yangidan-yangi g‘oyalar, qo‘shiqlar juda ko‘p...

— Qani bo‘lmasa bir uchini bizga ham oshkor eting.

— Bitta qo‘shiqqa 4-5 xalqning qo‘shig‘ini, nolasini, musiqasini jo qilmoqchiman. Bu yilgi konsert dasturimga ulgurolmadim balki keyingi yilga harakat qilib ko‘rarmiz.

— O‘zi qaysi tillarda mukammal kuylay olasiz?

— Rus, qozoq, ozar, turk, hind tillarida. Ayni shu tillarda kuylagan qo‘shiqlarimiz ham bor. Lekin inglizchani judayam o‘rgangim kelyapti. Kelajakda milliy maqom qo‘shiqlarimizni ingliz tiliga o‘girib, xorijdagi maqom shinavandalariga ham nima haqida kuylayotganimizni tushuntirish istagim ham yo‘q emas.

— Bu juda katta yangilik bo‘lardi albatta. Men “Qaro ko‘zim”ni ingliz tiliga o‘girganman, istasangiz sizga ham berishim mumkin.
Q.Shayxov: Maylimi, keyingi savollarni men bersam. Gulsanam mana konsert arafasida turibsiz. Har yili konsert beradigan xonandalar konsert oldidan kamida 2 qo‘shiqni va klipni muxlislar e’tiboriga havola etadi. Ular orasida juda bo‘lmaganda bitta sho‘x qo‘shiq bo‘ladi. Sizning ijodingizni anchadan buyon kuzataman. Lekin uch  yildan buyon konsert oldidan faqat mahzun qo‘shiqlarni taqdim etasiz. Buning sababi nima?

— Chunki mahzun qo‘shiqlar tinglovchining qalbiga yaqin bo‘ladi. Sho‘x qo‘shiqlar shundoq ham yetarli. Lekin tomoshabinga biror mavzuni ko‘targan, yuki bor qo‘shiqlar kerak. Shuning uchun har yili konsert oldidan mahzun qo‘shiqlarga e’tibor qarataman. Bu bilan sho‘x qo‘shiqlarim chetda qoladi demoqchimasman. Ular ham mehnatimiz mahsuli albatta. Umuman qo‘shiq u xoh sho‘x, xox mahzun bo‘lsam juda katta mehnat talab qiladi. Har biri ustida oylab vaqt sarflaymiz, shoirlar bilan maslahatlashamiz. Bachkana ko‘rinib qolishdan, xalq ustimdan kulishidan qo‘rqaman. Shuning uchun ishimga juda jiddiy qarayman.

— Lekin “Tanovor” bilan “Sensizligimda” nomli qo‘shig‘ingiz “Yor-yor ayting”chalik natija bermadi.

— Fikringizda jon bordir lekin “Sensizligimda” tinglovchilarga taqdim etilganiga endigina bir oy bo‘ldi. Balki biroz vaqtdan keyin uning ham natijasi ko‘rinib qolar?  

— Bu bilan qo‘shig‘i umuman talabga javob bermasa-da TV da tinimsiz aylanishi oqibatida quloqqa o‘rnashib qoladigan xonandalar toifasiga kirib qolmaysizmi?

— Bilmadim, men bu fikringizga biroz qo‘shilmayman. Qo‘shiq bilan qo‘shiqning farqi bor. Bu qo‘shiqlarning tinglovchiga yetib borishiga, singishiga vaqt kerak.

— Gulsanam Mamazoitovaga o‘xshash uchun uning yo‘lini tutgan xonandalar kundan kunga ko‘payib borayotgani sizning keyingi mavqeingizga salbiy ta’sir ko‘rsatmasmikan?

— Buni nimasi yomon? Axir hammamiz ham kimgadir havas bilan san’atga kirib kelganmiz. Kun kelib ular ham o‘z yo‘llarini topib ketishar. Eng muhimi, meni yo‘limni tutadimi yoki boshqa yo‘lnimi, milliy yo‘nalishni rivojlantiradigan san’atkorlar ko‘payyapti.
Shahnoz: Men baribir sizni boshqa yo‘nalishda ko‘rgim kelaveradi. Milliy qo‘shiqlar borasida ancha ishlarni  qilib bo‘ldingiz. Endi navbat yangi janrga keldi. Sizga qarab turib go‘yo vaqtingiz o‘tib ketayotganday tuyulaveradi. Shuning uchun tez orada sizdan yangi janrlardagi qo‘shiqlarni eshitaman, degan umiddaman. Suhbat uchun katta rahmat!

— Sizga ham rahmat. Ochig‘i mazza qildim. Konsertimda kutaman!
Gulsanam Mamazoitova haqida qisqacha ma’lumot:
1981-yil 22-martda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan
1999-yilda Yunus Rajabiy nomidagi Respublika maqomchilar tanlovchida 2-o‘rinni g‘olibi bo‘lgan.
2000-yilda Xorazmda bo‘lib o‘tgan 1-Respublika mumtoz musiqa festivali g‘olib bo‘lgan.
2004-yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tugatgan.
2004-yilda “Nihol” mukofoti bilan taqdirlangan
2006-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni topshirildi.
2013-yil mustaqilligimizning 22 yilligi arafasida O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi.
Qo‘shiqlari soni – 150 ga yaqin
Kliplari soni – 12 ta
Musiqiy albomlari – 10 ta



 
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi.
Fotomuxbir Bekzod Mirsodiqov.
Manba:darakchi.uz


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 5502 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: sanatkor, GULSANAM MAMAZOITOVA
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
Guli пишет: | 17.02.2015 | 04:04 #2 Страница с комментарием
guli101192 Ha omad Gulsanam opaga
Like | 0
obid9604 men wu saytga azo, bo'lganimdan hursadman.saytda kam4ilik yo'q sizlarga katta rahmat.
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:53
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное