O‘zbekistonda uch bahoga o‘qiyotgan talabalar OTMda o‘qish pulini to‘laydi
Kelgusi - 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasa (OTM)lari talabalari uchun davlat granti asosida (bepul) o‘qish shartlari o‘zgartiriladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
UzReport’ning ma’lum qilishicha, ushbu o‘zgarishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 11-noyabr kuni tasdiqlangan O‘zbekistonning 2016-yilgi davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan.
O‘zgarishlarga ko‘ra, o‘quv yilini umumiy qoniqarli (55—70 foiz oralig‘idagi) reyting baholari bilan yakunlagan davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar kelasi o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga o‘tkaziladi.
Davlat granti asosida ta’lim olgan va akademik qarzdorligi yoki ichki intizom va ta’lim muassasasi qoidalarini buzgani uchun o‘qishdan chetlatilgan talabalar ularning ta’limi uchun sarflangan mablag‘larni qoplab berishi shart bo‘ladi.
Qayd etishlaricha, mazkur o‘zgarishlar yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash uchun ajratilgan budjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan.