Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Qonun barchaga barobar, Botir Qodirovga ham (to‘liq talqinda)

Bizga ma’lumki estrada qo‘shiqchiligi san’atida ijod qilib kelayotgan har bir xonandaga yaratgan qo‘shiqlarini OAV orqali muxlislarga taqdim etish, shuningdek, gastrol-konsert, to‘y  va tadbirlarda ishtirok etish, yakkaxon konsert dasturini o‘tkazish uchun lisenziya taqdim etiladi.
Shuningdek, tegishli  me’yoriy hujjatlarda xonandalarning belgilab  qo‘yilgan talab va shartlarga amal qilishi lozimligi, aks holda xonandani lisenziyasidan mahrum etish mumkinligi ko‘zda tutilgan.  Oxirgi paytlarda xonandalarni lisenziyasidan mahrum etish holatlari tez-tez uchrab, ular orasida axloq-odob me’yorlariga zid harakatlarni sodir etgan san’atkorlarga nisbatan ham “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda...
Bu haqda gap ochishimizga  Botir Qodirovning konserti paytida yuz bergan mashmashalar sabab bo‘ldi. Keling, hammasini bir boshidan gapiraylik.
Ma’lumki, 21-22-23 kunlari potaxtimizdagi “Istiqlol” san’at saroyida Botir Qodirovning yakkaxon konserti bo‘lib o‘tdi. Konsert boshlanishidan  bir kun avval odatdagidek  xonandaning prodyuseriga qo‘ng‘iroq qilib “Darakchi” gazetasi nomidan ro‘yxatga familiyamizni yozdirib qo‘ydik va konsertning ikkinchi kuniga kiradigan bo‘ldik. Lekin belgilangan kuni borganimizda saroy eshigidagi qo‘riqchilar bizni konsertga kiritishmadi...
“Xonandaning jahli chiqqan, hech kimni ko‘rishni istamayapti!”
Eshik oldida turgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga “ro‘yxatda bormiz, Botir Qodirovning prodyuserining ham xabari bor” deb hujjatimizni ko‘rsatdik. Ro‘yxatni sinchiklab ko‘zdan kechirgan qo‘riqchilardan biri bizning familiyamiz qayd etilmaganligini aytdi va qolaversa, matbuot xodimlarini konsertga umuman kiritmaslik haqida san’at saroyi rahbariyati tomonidan buyruq borligini ta’kidladi. Hayron bo‘ldik. Xonandaning prodyuseri bizni nega ro‘yxatga yozmadi ekan?
Bir ozdan so‘ng  tartibni saqlash xodimlari saroyning eshigi yonida turish mumkin emasligini aytib, bizni chiqarib yuborishdi. Biz xonandaning ma’muri Asror Isoxo‘jaevni chaqirib, masalaga oydinlik kiritishnii so‘radik.
Ma’murning aytishicha, konsertning birinchi kunida matbuot xodimlaridan biri noqonuniy ravishda kitob chiqarib sotgan. Bundan  xabar topgan xonanda jahli chiqib, oynalarni sindirib tashlagan, OAV xodimlari konsertiga kirishini istamagan.  Shuningdek, u konsert saroyi rahbariga «jurnalistlarni  kiritmaysiz, biz ularni chaqirmaganmiz», degan ekan.
Hayratdan yoqa ushladik! Xalq va san’atkorlarni bog‘lab turadigan, ularning faoliyatini yoritib kelayotgan matbuot xodimlariga shunday munosabatda bo‘lish mumkinmi? Nega endi kimdir  yo‘l qo‘ygan xatoga boshqalar ham javob berishi kerak? 
Demak rost...
Ushbu savol bilan ertasi kuni konsertni tashkillashtirgan,  “O‘zbeknavo estrada birlashmasi”, konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Qobiljon Yo‘ldoshevga murojaat qilganimizda, u  Botir Qodirovning o‘zi saroy rahbariyatidan jurnalistlarni konsertga kiritmaslikni so‘raganini tasdiqladi.  San’at saroyi ma’muriyati esa, xonandaning talabini qondirishgan.
Shundan keyin biz ham xonandaning ma’muriga vaziyat qanday bo‘lsa shundayligicha yoritishimizni aytdik u esa Botir Qodirovni tarafini  ola boshladi. Bu gal  ma’mur bizni konsertning uchinchi kuni, kunduzgi  seansga  taklif qilib, kechagi mashmashani konsertga taklifnoma tegmay qolgan qo‘riqlash xizmati boshlig‘i o‘ylab topganini aytdi. 
Ana xolos! Avvaliga Botir Qodirov aybdor bo‘lgandi, endi esa chipta tegmay qolgan qo‘riqlash xizmati rahbari!
Xullas, nima bo‘lganda ham matbuot xodimlari konsertga kiritilmadi (balki boshqa matbuot xodimlari kirgandir degan xayolda qayta so‘raganimizda ma’mur “hech bir jurnalist kiritilmadi!” deb ta’kidladi).
“San’atkorlik darajasini suiiste’mol qilmang”
Ushbu voqealarni xolislik nuqtai nazardan yoritish maqsadida konsert dasturi tugaganidan so‘ng xonandaning ma’muri Asror Isaxo‘jaevga yana qo‘ng‘iroq qildik va voqealarga xonandaning izohini so‘radik. Xonandaning prodyuseri esa hali mojaro tugamaganligi, bu borada keyinroq batafsil ma’lumot berishlari mumkinligini aytdi.
Shundan so‘ng, biz omma uchun namoyish etilayotgan konsert va boshqa dasturlarda OAV vakillari erkin ishtirok etish va yoritish huquqiga egami? Yoki bu borada biror cheklov o‘rnatilganmi degan savol bilan  “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining direktori vazifasini bajaruvchi Murod Majidovga murojaat qildik.
— Jurnalistning konsertga kirishiga hech qanday cheklov qo‘yilmagan, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi konsertni o‘tkazish va konsert ssenariysiga javob beradi, agar jurnalist konsertga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa konsertga kirgizish va nazorat qilishga saroy qo‘riqlash xizmati javobgar,  jurnalist qonunda belgilab qo‘yilgan huquqlari va vakolatlariga ko‘ra konsertga kirish va uni yoritish huquqiga ega.
— Omma uchun konsert berayotgan xonandalar o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda konsertida OAV vakillari ishtirokini cheklashi yoki umuman taqiqlashi mumkinmi?
— Xonandalarning o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda konsertida OAV vakillari ishtirokini cheklagani o‘z san’atkorlik darajasini suiiste’mol qilganidan dalolat.
Prodyuserning “saroy qo‘riqlash xizmati boshlig‘iga taklifnoma tegmay qolgani sabab shu holat yuzaga keldi” degan gapini tekshirib ko‘rish maqsadida Istiqlol san’at saroyiga yo‘l oldik va saroy direktori Isroil G‘ulomov hamda qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Yusuf Bobojonov bilan uchrashdik. Prodyuser Asror Isaxo‘jaev tomonidan qo‘yilgan ayblov yuzasidan avval san’at  saroyi direktori Isroil G‘ulomov izoh berdi:  
Konsertning birinchi kunida bir telejurnalist Botir Qodirovning o‘zidan ruxsat so‘ramagan holda, uning oilaviy hayoti haqida  kitob nashr ettirgan va uni konsert zali foyesida sotgan (!). Jurnalistning konsert zaliga o‘zi bilan nechta kitob olib kirib sotgani noma’lum. Ammo shu kitobni sotib olgan muxlislardan biri konsert jarayonida Botir Qodirovdan kitobga dastxat qo‘yib berishni so‘ragan. Kitobni ko‘rgan Botir Qodirovning kayfiyati tushib, jahl ustida mikrofonni tashlab, sahnani tark etgan. Keyin ham g‘azabini bosa olmay, pardozxona eshik, oynalarini sindirib, yangi o‘rnatilgan pechlarni ham buzib tashlagan, natijada quvurlardan suv oqib ketdi.
(Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Yusuf Bobojonov Botir Qodirov sodir etgan tartibsizliklar fotosuratlarini ham ko‘rsatdi).
Shundan so‘ng ertasigayoq men jurnalistlarni konsertga kiritaslik haqida buyruq berdim.
Qonun Botir Qodirovga ham tegishli!
Yusuf Bobojonov, “Istiqlol” san’at saroyi qo‘riqlash xizmati boshlig‘i:
—Botir Qodirovning prodyuserining gapi yolg‘on. U aytgan chiptaning menga umuman keragi yo‘q. Agar konsert tomosha qilgimiz kelsa, shundoq ham biz uchun ajratilgan maxsus joy (loja) bor, o‘sha yerdan tomosha qilaveramiz. Undan ko‘ra prodyuser sahnaga chiqishga tayyorlanayotgan Botir Qodirovning chekkanini, o‘t o‘chirish xodimlari bilan birgalikda bildirgi yozib, xonandani jarimaga tortganimizni aytsin! Shu paytgacha hatto eng mashhur san’atkorlar ham bu saroyda chekmagan! Nega endi hammaga barobar bo‘lgan qonun Botir Qodirovni chetlab o‘tishi kerak? Ichki tartiblarga javob bersa, konsert qo‘yishsin, bo‘lmasa saroyimizda bunday xonandalarga o‘rin yo‘q. Jurnalistlarga kelsak, xonandadan ruxsatsiz kitob savdosi bilan shug‘ullangan o‘sha jurnalist ayol haqida bildirgi yozib, saroy direktori Isroil G‘ulomovdan konsertga jurnalistlarni kiritmaslik to‘g‘risida chora-tadbirlarni ko‘rib chiqishni so‘radim. Shunga ko‘ra saroy direktori tomonidan konsertga jurnalistlarni kiritmaslik to‘g‘risida buyruq berildi. Bor gap shu!
Mohichehra EShMIRZAYEVA


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 8664 | Рейтинг: 0| Рейтинг: O'zbekNavo, Botir Qodirov, Qonun
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:18
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное